O‘zbekiston | 21:28 / 30.04.2018
71619
3 daqiqa o‘qiladi

Shifokor va hamshiralar baribir metallolom yig‘ishga majburlanyapti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda «Ochig‘i, bu menda nafrat uyg‘otmoqda, o‘qituvchilarni majburlab obodonlashtirish, ko‘cha supurishga jalb etish —  bu biz olib borayotgan siyosatga xiyonat. Bu nafaqat menga, balki davlatimiz olib borayotgan siyosatga xiyonatdir», degandi. Bundan sanoqli kunlar o‘tishi bilan hukumat rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham qat'iy siyosiy iroda bildirdi: majburiy mehnat va byudjyet tashkiloti xodimlarini noqonuniy ishlarga jalb etishga yo‘q deymiz! 

Ana shu so‘zlarga javoban Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani Tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limida ishlovchi xodimlarga 20 kilogramm metallolom va 4 kilodan makulatura topib kelish topshirildi. Kimki, metallolom va makulatura topib kelolmasa, marhamat, pulini to‘lashi mumkin. 

Kun.uz axborot manbasining xabar berishicha, 1 kilo  metallolom  uchun 1 000 so‘m, makulaturaning kilosi  uchun 1 500 so‘mdan to‘lansa, majburiyat topshirilgan hisob.  Metallolom  va makulatura topshirganlarning qo‘liga imzo qo‘yilgan qog‘ozcha berilmoqda.

«​Bunday noqonuniy topshiriqdan norozilar ko‘p, ammo kimdir biror jurnalistgami, «​begona»​largami, og‘zidan gullab qo‘ysa, hodisalarni «shamollatsa»​ holiga voy: birlashmaning muvaqqat rahbari Chori Yo‘ldoshevning qahriga uchraydi. «​Har qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, ishingdan xato topaman. Bilaman, hammangning qo‘ling qing‘ir, boshqarmaning o‘zi kovushingni to‘g‘irlaydi»,​ debdi rahbarimiz xodimlarga sekingina»​, deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan shifokor.

«​2017 yil 22 sentabr kuni Tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limi mudiri Abdurahmon Poyonovning topshirig‘i bilan 9 nafar hamshira paxta terimiga chiqarilgandi. Katta hamshiralardan biri mudirning bu noqonuniy topshirig‘i haqida jurnalist tanishiga aytgan ekan. To‘polonlarning boshida Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining o‘zi turdi. Hamshiralar daladan qaytarildi, ammo og‘zi bo‘sh hamshiraning ham tanobini tortishdi-da»​,  deydi yana boshqa shifokor.

Ma'lumot uchun, Abdurahmon Poyonov boshchiligidagi Sho‘rchi tuman Tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limi​da 189 nafar xodim, 17 nafar shifokor ishlaydi. Ulardan so‘ralayotgan temir-tersak muassasa oshxonasining yonida joylashgan omborda qabul qilinayotgani ma'lum qilindi.​

Mavzuga oid