Jamiyat | 20:37 / 01.05.2018
10428
3 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekistonda o‘zimizni ertaklar olamida yurgandek his qildik" - Piter Blazer

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida Xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi vakillari ishtirokida yakuniy uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirni qo‘mita raisi o‘rinbosari Shohrux Sharaxmetov ochib berdi va mehmonlarga O‘zbekistonda aerostatlar parvozlarini rivojlantirishda davomli tadbirlarda qatnishishni an'anaga aylantirishni taklif qildi.

Ma'lumki, aprel oyida O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva va Boysun shaharlarida Xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi delegatsiyasi vakillari ishtirokida  aerostatlar parvozlari amalga oshirildi.

Piter Blazer boshchiligidagi Shveytsariya delegatsiyasi vakillari KUN.UZ muxbiriga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat va aerostatlar parvozi tomoshalaridan olgan taassurotlari haqida so‘zlab berishdi.

"O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Boysun shaharlarida bo‘ldik. Har bir shahar o‘ziga xos tarix va go‘zallikka ega ekaniga ishonch hosil qildik. Tasavvurlarimizni so‘z bilan ifodalash qiyin - hammasi juda zo‘r o‘tdi. Biz o‘zimizni ertaklar olamida yurgandek his qildik. O‘zbek xalqining ochiqko‘ngilliligi va mehmondo‘stligi esa alohida tahsinga sazovor. Bizni hamma yerda quchoq ochib kutib olishdi. Mazmunli sayohat va hamkorlik uchun barchangizga tashakkur", - deydi Xalqaro aeronavtika assotsiatsiyasi raisi Piter Blazer.

"O‘zbekiston shaharlari, odamlari, tabiati menda unutilmas taassurot qoldirdi. Biz turmush o‘rtog‘im bilan "Boysun bahori" festivalida ishtirok etdik. Festival juda ajoyib va qiziqarli o‘tdi. U yerda mehmon uylarida bo‘ldik - odamlarning qanday yashashi, qanday taom tayyorlashi va umuman turmush tarzi bilan tanishdik va bu bizda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Eng asosiysi, biz har bir o‘zbekning ko‘zida cheksiz mehr-oqibatni ko‘rdik va bu bizni juda ta'sirlantirdi", - deydi Shveytsariya delegatsiyasi a'zosi Regina Blazer. U shuningdek nasib qilsa O‘zbekistonga yana kelishi va kelganda ham uzoqroq qoladigan bo‘lib kelishni niyat qilganini qo‘shimcha qildi.

Uchrashuvda shuningdek O‘zbekiston aeronavtika federatsiyasi raisi Tohir Soliyev, Davlat avianazorat boshqarmasi boshlig‘i Tohir Nazarov, O‘zbekiston Respublikasi yagona havo kengligi boshqaruv tizimi markazi boshlig‘i Jamshid Abdurahmonovlar ishtirok etishdi. Davlat avianazorat boshqarmasi boshlig‘i Tohir Nazarov shveysariyalik mehmonlarga kelgusi yillarda O‘zbekistonga yana tashrif buyurishni va festivallarda tez-tez ishtirok etishni taklif qildi.

Mavzuga oid