Jamiyat | 01:31 / 03.05.2018
145008
9 daqiqa o‘qiladi

Axlatga tashlangan yuzlab tonna sabzavotlar yoxud eksportga to‘g‘anoq “O‘zagroeksport” narxlari

So‘ngi yillar barcha viloyatlarda ming-minglab gektarlarda yangi bog‘lar, meva-sabzavot xo‘jaliklari tashkil etildi. Ularda yetishtirilayotgan noz-ne'matlar nafaqat o‘z ehtiyojimiz, balki chet davlatga eksport qilish uchundir. Shu o‘rinda Farg‘ona viloyati aholisining mirishkorligi haqida soatlab gapirib, sahifalab kitob yozish mumkin.

Oltiariqning mehnatkash bog‘bon va dehqonlari yerdan zo‘r hosil olishni piri bo‘lish bilan birgalikda, uni sotib daromad topishda ham omilkor. Ularga ozgina imkoniyat bersangiz mahsuloti bilan butun dunyoni ta'minlashga urinadiganlardan.

Barchaga ayon haqiqatni takrorlash balki yoqmas... Aytib qo‘yay va ortidan yana ta'kidlayman ham: “Oylar davomida oftobda qorayib, peshonani terlatib mehnat qilinmasa, yer hosil bermaydi”.

Ayni paytda Oltiariqqa borsangiz, xuddi o‘sha mashaqqatli mehnat, peshona teri va ma'lum mablag‘ evaziga yetishtirilgan yuz minglab tonna mahsulotlarni axlatga uloqtirilayotganini ko‘rasiz. Ming afsus, ana shu dard va alamga to‘la murojaat Kun.uz'ga yetib kelganda, avval undagi gapga biroz tushunmay turdik. So‘ng achchiq haqiqatning o‘zi bizni Oltiariq sari olib bordi.

“Men tadbirkorman. Eksport qilish maqsadida 2017 yilning dekabridan 50 tonna turp mahsulotini saralab, qadoqlab, muzlatgich omborida saqlab qo‘ygandim.

Chet ellik hamkorlar bilan muzokaralar olib borganimizda, ular “O‘zagroeksport” jamiyati tomonidan belgilangan 1 tonna turp narxi 175 - 228 AQSh dollari miqdorida bo‘lganligi, undan tashqari bojxona va transport xarajatlari borligi uchun xarid qilishmadi. Biz arzonroqqa sotishni xohlasak ham “O‘zagroeksport” tartibi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Oqibatda mahsulotlarimiz muzlatgich omborda qolib ketdi. “O‘zagroeksport”dan yordam so‘rab borsak, yelka qisishadi. Nima qilishni bilmayapmiz”, deydi meva-sabzavotlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi firma rahbari Bekzodbek Raimov.

Birgina Oltiariq tumanining o‘zida 20 dan ziyod muzlatgich omborxonalar ishlab turibdi. Ularda minglab tonna sabzi, turp, sholg‘om va boshqa meva-sabzavotlar saqlanmoqda.

“Ko‘rib turganingiz mana shu turp mahsulotini men dehqondan 350 so‘mga olganman. Uni qoplab, transport xarajati qilib, muzlatgichga olib kelishim bilan 450 so‘m bo‘ldi. Besh oy muzlatgich omborda saqlash uchun kilosiga 50 so‘mdan to‘ladim. Hozir shu turpni tannarxi 700 so‘m. Mana ko‘rib turibsiz, bu yerda boshqa tadbirkorlarning sabzi, sholg‘omlari ham turibdi.

Yoz yaqinlashyapti. Chet ellik hamkorga men hozir “O‘zagroeksport” belgilagan 171dan 228 AQSh dollari miqdorida oldindan pul o‘tkaz, yana bojxona va transport xarajatlari ham bor” desam qimmatligi bois mahsulotimni olmayapti. Hozir turpni tonnasiga 50 dollardan xaridorlarim bor. Lekin, chegaradan mahsulotni olib chiqib ketish uchun “O‘zagroeksport” belgilagan narx bo‘yicha hisob raqamimga pul kelib tushmagan bo‘lsa, bojxona o‘tkazmaydi. Endi, nima qilishimiz kerak? Turpni keyingi mavsumgacha muzlatkichga saqlasak, yana besh oy ijaraga pul to‘laymiz. Tannarxi ikki barobar oshib ketadi.

Bir tadbirkor do‘stimiz: “Kim olaman desa, mana shu muzlatgichdagi turpning qopini 2 ming so‘mdan beraman deyapti. Axir qopni o‘zi ming so‘m turadiku? Qancha mablag‘ va mehnat ketganiga achinyapmiz. Yana bir tadbirkor akamiz, 150 tonna turpni axlatga olib borib tashladi”, deydi Bekzodbek.

Tadbirkor yaxshi niyat bilan bankdan kredit olgan. Uni oyma-oy so‘ndirib borish kerak. Hozir tadbirkor saqlagan turpini 500 so‘mdan bo‘lsa ham zarariga sotib yubormoqchi. Lekin, sota olmaydi, chunki “O‘zagroeksport” qo‘ygan narxda uning hisob raqamiga chet eldan pul kelib tushsagina uning mahsulotini bojxona chet elga chiqaradi. Tashkilot belgilagan narx 1800 so‘m.

Oltiariq tumanidagi axlatxonaga borsangiz uvol bo‘lib, chirib yotgan sabzavotlarni ko‘rasiz. Dehqon Hamidullo Doniyorovning aytishicha, u 150 tonna mahsulotini o‘sha yerga tashlagan. Yetishtirib, muzlatgichda saqlab, so‘ng uvol qilib axlatxonaga olib borib tashlash aqlga sig‘maydi, to‘g‘rimi?

“35 million so‘m zarar dehqon uchun katta summa. 3 ming qopdagi mahsulotimni axlatxonaga olib kelib tashladim. Sababi, xaridor kelmadi. Muzlatgichda saqlasam yana pul to‘lashim kerak. Axlatxonaga olib kelish xarajati ham sakkiz yuz mingga tushdi”, deydi dehqon.

Axlatxonada qanchadan-qancha boshqa turdagi sabzavotlarni axlatga aylanib yotganini guvohi bo‘lganimizda yurak ezildi.

“Biz “O‘zagroeksport”borib, turpga chet elda 50 dollardan xaridor borligini aytdik va yuklarimizni eksport qilishga yordam berishlarini so‘radik. Lekin ular bizni eshitishni ham istashmadi”, deydi tadbirkorlar.

Agar “O‘zagroeksport”mana shunday noreal baholash bilan shug‘ullanishni davom ettirsa, dehqon va tadbirkorlarga yanada qiyin bo‘lishi tayin.

Har narsani uvoli bor. Dehqon ne mashaqqat bilan mahsulot yetishtirdi, uni sotib daromad olmoqchi bo‘ldi. Tadbirkor chet elga olib chiqib, sotishni mablag‘ topishni reja qildi. O‘roqda va mashoqda yo‘q, bozorni marketing bilan shug‘ullanuvchi xodimlari har kuni o‘rganmaydigan tashkilot tomdan tarasha tushgandek noreal narx belgiladi. Endi tadbirkor puliga kuydi. Keyingi yil endi u dehqondan narsa olib muzlatgichga qo‘ya olmaydi. Oxir-oqibat yana oddiy dehqon yutqazadi.

O‘tgan yili shu kunlarda eksport qiluvchi tadbirkorlar gilos bog‘i egalariga oldindan mahsulotini uchun zakolat berib qo‘ygan edi. Bu yil “O‘zagroeksport” narxni belgilab qo‘ydi. Dehqonlar ishonib, xuddi shu narxga xaridor kutadi. Lekin, hali hech kim kelgani yo‘q. Farg‘ona bozorida gilosning bugungi narxi 7 mingdan tortib 9 minggacha ekan.

Yuqoridagi muammolar nafaqat farg‘onalik, balki butun O‘zbekistondagi eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni oyog‘ini bog‘lab turgani bor gap.

Mazkur muammolarning yechimi bor. Buning uchun raqamlar ketidan quvmasdan masala mohiyatiga kirib borsak bo‘lgani. Darvoqe, Vazirlar Mahkamasining «Yangi uzilgan, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risida»gi NIZOMning 3-bobida «Eksport kontraktlari Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining, muntazam faoliyat ko‘rsatadigan meva-sabzavot maydoni yarmarka savdolari yakunlari bo‘yicha yuzaga keladigan o‘rtacha narxlar hisobga olingan holda hamda jahon bozorlaridagi narxlar kon'yunkturasidan kelib chiqib, talab va takliflar asosida shakllanadigan bozor narxlari bo‘yicha tuziladi» deb qayd etilgan.

Biroq : “«O‘zagroeksport» aksiyadorlik jamiyatining e'lon qilgan narxlari qaysi yarmarkaning qaysi talab va takliflari asosida belgilagan ekan?” degan savol javobsiz qolmoqda. 

Hojiboy qiziqning bir latifasida oyga chiqqan fazogirlar birinchi bo‘lib yer yo‘ldoshi sathiga qo‘nganidan xursand bo‘lib tursa, raketani eshigi taqqillab, farg‘onacha do‘ppi kiygan kishi : “Oltiariqdan keldik, turp, bodring kerak emasmi?” deb so‘raydi.

Kulgi o‘z yo‘liga –ku, lekin, o‘sha oltiariqning usta dehqon va omilkor kishilari hozir mahsulotini axlatga tashlayapti.

Hamkasbimiz Xurshid Daliyev o‘z maqolasida: “Gilosning boshiga piyozning kuni kelyapti”, deya yozgan edi. Ishqilib, boshqa mahsulotlarimiz turpning holiga tushmasin...

Elmurod Ermatov, jurnalist 
                                                               Axrorbek Yoqubjonov olgan suratlar.

Mavzuga oid