O‘zbekiston | 20:25 / 03.05.2018
8280
4 daqiqa o‘qiladi

Urush qatnashchilari va nogironlariga MIB tomonidan to‘lov sertifikatlari topshirilmoqda

Urush — qadim-qadimdan insoniyat boshiga faqat musibat yog‘dirgan, har-bir oilani yaqin jigaridan ayirgan mudhish voqea. Ana shuning uchun jangu-jadalni keltirib chiqargan shaxslar qattiq qoralangan, la'natlangan odamlar tinchlik uchun jon fido qilishgan. Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 73 yil to‘lmoqda. Oradan oylar, yillar o‘tib, bu jangu-jadal boshlangan sana bizdan uzoqlashmoqda. Lekin uning insoniyat qalbiga solgan jarohati hech qachon bitmaydi. O‘zbekistonda urush jabrini ko‘rmagan, azobini tortmagan oilani topib bo‘lmaydi.

Yurtimizda yoshi ulug‘ insonlarni qadrlash, ularga hurmat-e'tibor ko‘rsatish, har tomonlama rag‘batlantirish borasida qilinayotgan ishlar nuroniylarning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib, dardlariga darmon bo‘lmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevniing 16 apreldagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida urush qatnashchilari va nogironlari yashab kelayotgan xonadonlaridagi elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi iste'moli uchun 300 ming so‘mlik to‘lovlarini amalga oshirish imkonini beruvchi guvohnomalar topshirilishi belgilangan. 

Mazkur hujjat Byuroning joylardagi bo‘limlariga taqdim etilishi bilanoq tegishli to‘lovlar darhol amalga oshiriladi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining Kun.uz’ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, davlatimiz tomonidan ajratilayotgan ushbu mablag‘lar Respublikamizdagi 1173 nafar urush qatnashchisi va nogironlarining xonadonlariga borib, ularning oila a'zolari davrasida topshirilmoqda. 

O‘z muxbirimizning xabar qilishicha, davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar Samarqand viloyatidagi 97 nafar urush qatnashchisi va nogironlariga ham topshirildi.

"Yoshim to‘qson beshga yaqinlashib qoldi. Hash-pash deguncha salkam bir asr yashab qo‘yibman, — deydi Samarqand shahrida yashovchi Rashid bobo Rahmonov. — Hayotimda amin bo‘lganim shu, vaqtning qadriga yetaylik. Bolalarim uni uvol qilmang, zoye ketkazmang. Iloji bo‘lsa, har bir ishingizni avvalo o‘z kamolingiz, baxtingiz va shu orqali oila, yaqinlaringiz, yon-veringizdagilarga foydasi tegadigan qilib bajaring. Shunda baraka topasiz, inshaalloh".

"Urush azoblarini biz ko‘rdik, siz ko‘rmang, bolalarim, — deydi so‘lim hovlisiga shodon qiyqiriqlar bilan bir-biriga gal bermay chopib kelayotgan nevara-yu evaralarini taftli quchog‘iga olayotgan Payariq tuman Juvozxona mahallasida yashovchi Mamatqobil ota Abdurazzoqov. — Xudoga shukr, shunday yorug‘ kunlarni ko‘rish bizga nasib etdi. Janggohlardan qaytmagan, urushning asorati tufayli bevaqt yostig‘i qurigan tengdoshlarimni eslasam, yuragim zirqiraydi.

Qator orden va medallar bilan taqdirlangan, qadr-qimmati, sha'ni ulug‘lanayotgan yurtda umrguzaronlik qilayotgan bu nuroniylar bugungi dorulomon kunlarga yetkazganidan shukronalikni qayta-qayta ta'kidlab, duoga qo‘l ochishadi.


O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid