Jamiyat | 19:33 / 04.05.2018
27220
2 daqiqa o‘qiladi

Qoriya talaba qiz Qur'oni karimni bir o‘tirishda to‘liq yoddan o‘qib berdi

Toshkent Islom instituti/Foto: wikipedia

Joriy yilning 4 may kuni Toshkent Islom instituti 1-“Z” kurs talabasi Fotima Abdullayeva​ o‘ttiz pora Qur'oni karimni bir kunda, bir o‘tirishda 10 soat mobaynida yoddan o‘qib berdi. Bu haqda institut saytida xabar berilgan.

Ma'lum qilinishicha, Fotima​ Abdullayeva ertalab soat 5dan keyin Qur'oni karimni o‘qib berishni boshlab, Asr namozida yakunladi. Toshkent Islom institutining o‘qituvchisi Islomxon domla Ubaydullayev hatmi Qur'on duosini qilib berdi. Qur'oni karimni o‘qish jarayonini “Tahfizul Qur'on” kafedrasi ustozlari Jahongir qori Ne'matov, Islomxon qori Ubaydullayev, Ahmadxon qori Rashidov, Zafar qori Mahmudov, Jahongir qori Ro‘ziyev hamda talaba qizlar kuzatib borishgan.

Xabarda aytilishicha, Fotima Abdullayeva 2017 yil sentabr oyida 1 kursga o‘qishga kirib, ustozi Zafar qori Mahmudovga Qur'oni karimni kuniga 1 juzdan yodlab topshirishni boshlagandi. Qariyb 8 oy mobaynida Kalamullohni to‘liq yod olib, mana bugun bir o‘tirishda butun Qur'oni karimni ustozlari guvohligida o‘qib topshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda Toshkent Islom instituti tarixida ayol-qizlar o‘rtasida ilk bor Gulruh Kenjabek Qur'oni karimni bir kunda, bir o‘tirishda 16 soat mobaynida to‘liq o‘qib bergandi. Shuningdek, Gulruh Kenjabek 2014 yil o‘tkazilgan Respublika Qur'on musobaqasining hifz yo‘nalishi g‘olibasi hisoblanadi.

Mavzuga oid