O‘zbekiston | 18:10 / 08.05.2018
8748
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik oshpazlar II Yevroosiyo pazandachilik festivalida oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritishdi

Qirg‘izistonning Bishkek shahrida "Qozon-mangal" II Yevroosiyo pazandachilik festivali bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik oshpazlar oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritishdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Festivalda O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi (O‘OU)ning quyidagi a'zolari qatnashishdi:

  • Nargiza Umarova – O‘OU mohir oshpazi - jamoa kapitani;
  • Ahmad Hamdamov - O‘OU mohir oshpazi;
  • Umriniso To‘laganova - O‘OU qandolatchisi;
  • Azimjon Obidjonov va Muhiddinxon Mansurov - O‘OU qoshidagi Xalqaro o‘zbek pazandachilik san'ati markazi bitiruvchilari.

O‘OU jamoasi professionallari Ahmad Hamdamov va Umriniso To‘laganova g‘alaba uchun kurashgan 12 professional jamoa orasida "Qora quti" nominatsiyasida oltin medal sohiblariga aylanishdi. Yana bir oltin medal "Forel" nominatsiyasida mohir oshpaz Ahmad Hamdamov tomonidan qo‘lga kiritildi. Shuningdek u "Etnik oshxona" nominatsiyasida ham kumush medalga munosib ko‘rildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘OU mohir qandolatchisi Umriniso To‘laganova "Desert" nominatsiyasida oltin medal sohibasiga aylandi.

O‘OU qoshidagi Xalqaro o‘zbek pazandachilik san'ati markazi bitiruvchilari Azimjon Obidjonov va Muhiddinxon Mansurov endigina o‘qishni bitirgan bo‘lishlariga qaramay, "Qo‘y go‘shtidan tayyorlangan taomlar" hamda "O‘zgan guruchidan tayyorlangan palov" nominatsiyasida professionallar orasida bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

"Qozon-mangal" II Yevroosiyo pazandachilik festivali hakamlar hay'ati tarkibiga O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov ham kiritilgan.

Mavzuga oid