Jahon | 08:20 / 10.05.2018
41458
2 daqiqa o‘qiladi

Eron parlamentida AQSh bayrog‘i yoqib yuborildi (video) 

Eron parlamentining bir necha deputatlari AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonning Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishini e'lon qilgandan keyingi kun – 9 mayda parlamentda AQSh bayrog‘ini yoqib yuborishdi. Ushbu holat videosi YouTube’da joylashtirildi.

Deputatlardan biri minbarga ko‘tarilib, prezidiumga qog‘ozga bosib chiqarilgan AQSh bayrog‘ini ko‘rsatib, uni yoqishga tushgan. Shunda deputatning hamkasblari uning yoniga kelib, yordam bera boshlashgan. Ular, shuningdek, yana bitta hujjatni yoqib yuborishgan. OAVning ma'lum qilishicha, bu qog‘oz yadroviy kelishuv haqidagi shartnomaning nusxasi bo‘lgan. 

Aktsiya davomida deputatlar musht ko‘rsatgancha, AQShga qarshi shiorlarni hayqirib aytishgan. Qolgan deputatlar ham minbar tomon intilib, hamkasblarini qo‘llab-quvvatlashgan. So‘ngra yonayotgan qog‘ozlar oyoq ostiga tashlanib, toptab tashlangan.

8 mayda Tramp AQShning Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishini e'lon qildi. U Tehronni kelishuv shartlariga zid ravishda uranni boyitishda va taqiqlangan qurol yaratishda ayblagan.

Mavzuga oid