O‘zbekiston | 11:56 / 15.05.2018
7941
3 daqiqa o‘qiladi

Hunarmandlar yukni 25% chegirma bilan olib o‘tishlari mumkin bo‘ldi

Foto: O‘zA

Xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma, tanlov va yarmarkalarda namoyish etish uchun hunarmandchilik mahsulotlari olib chiqilishining soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi nizom e'lon qilindi. Hujjat tashqi savdo, tashqi ishlar va madaniyat vazirliklari, shuningdek Davlat bojxona qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 29.12.2017 yildagi PQ–3451-son qaroriga muvofiq 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub'yektlariga xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun mo‘ljallangan, qiymati 5 ming AQSh dollarigacha (ekvivalentda) bo‘lgan tovarlarni eksport kontrakti tuzmasdan hamda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan olib chiqishga ruxsat etilgan. Biroq tovarlarning yuk hujjatlari bo‘lishi talab etiladi.  
 
Qabul qilingan Nizomda belgilanishicha, «Hunarmand» uyushmasi a'zolari uchun uning Badiiy kengashining xulosasi ana shunday tovarning kuzatuv hujjati hisoblanadi. Hunarmand xulosani olish uchun o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni kengashga taqdim etadi, u 1 ish kuni davomida mahsulotning Hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan buyumlar va tovarlar (ish, xizmat ko‘rsatish) turlarining ro‘yxatiga (17.11.2017 yildagi PF–5242-son Farmonga 1-ilova) mosligini aniqlaydi. Xulosada olib chiqiladigan mahsulotlarning nomi, miqdori, qiymati, rejalashtirilgan ko‘rgazma, tanlov va yarmarkalarning o‘tkazilish sanasi va joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi.
 
So‘ng kengash mahsulotni Madaniyat vazirligining Badiiy ekspertiza boshqarmasiga yuboradi. U yerda unga maxsus sertifikat rasmiylashtiriladi.
 
Ushbu 2 ta hujjatni bojxona postida taqdim etish hamda bunda rejalashtirilgan xorijiy ko‘rgazmada (yarmarkada) qatnashish, u o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt, shuningdek olib chiqilayotgan tovarlar (nomi, miqdori va qiymati) to‘g‘risida xabardor qilish talab etiladi.
 
«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK hunarmandlarga belgilangan normadan ortiq bo‘lgan yuklari (hunarmandchilik mahsulotlari) uchun amalga oshiriladigan to‘lovlarda 25 foiz maxsus chegirmalar berilishini ta'minlaydi.
 
Xorijda mahsulotlarni sotishdan tushadigan valyuta mablag‘lari esa hunarmandlarning O‘zbekiston tijorat banklaridagi o‘z hisobraqamlariga, shu jumladan bank o‘tkazmalari va xorijiy valyutadagi naqd pul shaklida kiritilgan bo‘lishi kerak. Shundan so‘ng hunarmand ushbu mablag‘larni erkin tasarruf etishga, shu jumladan bank hisob raqamlaridan naqd pul shaklida olishga haqli bo‘ladi.
 
Hujjat 3.05.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid