Sport | 16:12 / 16.05.2018
12679
4 daqiqa o‘qiladi

Yovvoyi Portugaliya. «Sporting» bazasidagi hujum tafsilotlari

15 may kuni Portugaliyaning «Sporting» klubining kapyushon kiygan 50 nafarga yaqin muxlisi Lissabondagi klub bazasiga bostirib kirishdi va jamoa futbolchilariga hujum qilishdi. 

Sport.es xabariga ko‘ra, yuzi yopilgan 50 nafarga yaqin shaxs klub qarorgohiga bostirib kirgan va jamoa bosh murabbiyi Jorjye Jyezusni, jamoaning yetakchi futbolchilarini urishgan, niderlandiyalik legioner Bast Dostni polga yotqizib olib, kaltaklashgan. Qayd etish kerakki, niderlandiyalik ushbu hujumchi joriy mavsumda 30 o‘yinda 27 gol urgandi.

Foto: O Jogo

Bundan tashqari, fanatlar jamoaning kiyim almashtirish xonasini ag‘dar-to‘ntar qilishgan, boshqa a'zolarga tasmalar, temir buyumlar va mash'ala bilan hujum qilishgan.

Bas Dost boshidan jarohat olgan, Yosip Mishich va Rodrigo Battalyaga ham tan jarohatlari yetkazilgan.

A Bola nashri xabariga ko‘ra, Akunya ham jarohatlangan, jamoa fizioterapevti Mario Monteyra va murabbiy assistenti Raul Jozega tig‘li qurol bilan shikast yetkazilgan.

Hujumga nima sabab bo‘ldi?
Bir necha kun oldin «Sporting» chempionatning oxirgi turi doirasida safarda «Maritimu»ga yutqazib qo‘ydi va ikkinchi o‘ringa ko‘tarilish imkoniyatini yo‘qotdi. Bu o‘rin jamoaga keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etish uchun yo‘llanma berishi mumkin edi. Fanatlar Madeyradayoq noroziliklarini bildirishgan, lekin ular shunchaki haqoratlar bilan cheklanishgandi.

Lissabonda esa futbolchilarni yanada ashaddiy fanatlar kutib turishgandi. «Alvalade» stadioniga kirish joyida muxlislar guruhi jamoa yetakchilari Villiam Karvalyu va Ruy Patrisiuga tashlanishdi, politsiyaning aralashuvi futbolchilarni qutqarib qoldi.

Uchinchi urinish esa «muvaffaqiyatli» chiqdi.

Qayd etish kerakki, klub prezidenti Brunu de Karvalyu futbolchilarga nisbatan fanatlarda nafrat uyg‘otish bilan band bo‘lib kelmoqda. U bir necha marta jamoa futbolchilarni yomon natijalar uchun qattiq tanqid qilgan, bir safar asosiy tarkibni chetlashtirish niyatini bildirgandi va bu katta shov-shuv keltirib chiqargandi.

Dushanba kuni klub prezidenti Jorjye Jyezushni iste'foga chiqargandi, ammo ko‘p o‘tmasdan unga jamoani Portugaliya Kubogi finalida «Avesh»ga qarshi kechadigan uchrashuvga tayyorlashi ma'lum qilindi.

Futbolchilar endi kubok finalini boykot qilishadimi?
Futbolchilar ro‘y bergan voqeadan qattiq karaxt ahvolga tushishgan. Ularning ba'zilari shartnomani bekor qilishmoqchi, aksar futbolchilar kubok finalini boykot qilishni istashmoqda. Bazaga Brunu de Karvalyu kelganida esa, futbolchilarning hech biri u bilan gaplashishni istamagan. Jamoa yetakchilari Villiam va Patrisiu futbolchilar bilan alohida uchrashuv o‘tkazib, keyingi harakatlar rejasini tuzishmoqchi. Ular aybdorlarni jazolashni so‘rab politsiyaga murojaat qilishga tayyorlanmoqda.

TYC Sports xabariga ko‘ra, jamoaning argentinalik legionerlari Markos Akunya va Rodrigo Battalya shartnomani bekor qilib, klubdan ketishga qaror qilgan.

«Sporting» 20 may kuni Portugaliya Kubogi finalida «Avesh»ga qarshi o‘ynashi kerak.

Mavzuga oid