O‘zbekiston | 16:28 / 16.05.2018
29506
3 daqiqa o‘qiladi

«Rosatom» O‘zbekiston bo‘yicha bayonot berdi

O‘zbekiston har tomonlama juda yaxshi misoldir. Bu haqda «Rosatom» korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Kirill Komarov Sochi shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Atomekspo-2018» forumi doirasida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda KUN.UZ muxbiri.

«SSSR davrida O‘zbekiston uran qazib olingan asosiy joylardan biri bo‘lgan. Bu hozir ham qilinmoqda, buning uchun juda yaxshi texnologiyalar bor. O‘zbekistonda tadqiqot reaktori ham bor. Mamlakat hukumatining yaqinda ushbu reaktorni qayta ishga tushirish bo‘yicha qarori juda to‘g‘ri bo‘ldi, deb hisoblayman. Biz bunda faol yordam bermoqdamiz. Iyunda yoqilg‘i yuklanadi va reaktor yana ishlay boshlaydi. 

O‘zbekiston o‘z resurslariga boy davlat sifatida mashhur. Yaxshi bilamizki, ushbu davlatda gaz juda ko‘p, gazda elektr energiyasini ishlab chiqish imkoniyati ham bor. Biroq, O‘zbekiston atom energiyasi haqida juda jiddiy o‘ylamoqda. Nega? Birinchidan, O‘zbekistonga gazni yoqishdan ko‘ra, eksport qilish foydali. Mamlakatga atom stansiyasi bo‘lishi, gaz esa eksportga chiqqani yaxshiroq. Bundan tashqari, atom energiyasi bu faqat shunchaki energiya emas. Bu istalgan mamlakatni rivojlantirish uchun juda katta turtkidir – ilm-fan, ta'limga yordam, yuqori texnologiyali sanoatning barpo etilishi. Bu stansiyalar yonida shaharlar, yaxshi maoshga, yashash sharoitlariga ega odamlar paydo bo‘ladi.

Biroq, ushbu masalaga kompleks yondashuv lozim. Mamlakatda qonunchilik, ushbu obekt xavfsizligini kuzata oluvchi yadroviy tartibga solish tizimining bo‘lishi, texnologiyalarning mahalliylashtirilishi va mahalliy sanoatning bunda ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratilishi, stansiyaga ham xizmat ko‘rsatishi, ham uni ta'mirlashi mumkin bo‘lgan kadrlar borligi muhim. Ammo, ushbu barcha narsalarni amalga oshirsa bo‘ladi. O‘zbekiston bu yo‘lni boshlayotgan birinchi davlat emas. Ishonchim komilki, O‘zbekistonda ajoyib loyihani amalga oshiramiz», - deya aytib o‘tdi Komarov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublika 2018 yilda Rossiya bilan respublika hududida atom elektr stansiyasini (AES) qurish bo‘yicha hujjatlar imzolashni rejalashtirayotgani haqida ma'lum qilgandi.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid