Jahon | 21:10 / 19.05.2018
9363
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya eksport agentligi O‘zbekistonga 1,25 milliard funt-sterling sarmoya kiritishga tayyor

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan Qirolicha Yelizaveta II tavallud ayyomi hamda shahzoda Garri va Megan Markl nikoh to‘yi munosabati bilan tashkillashtirilgan bayram kechasida O‘zbekiston-Buyuk Britaniya munosabatlarida yangi sahifa boshlangani haqida nutq so‘zladi.

«​Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga safari davomida Angliya poytaxtida to‘xtab, Buyuk Britaniya hukumati a'zosi Allan Dunkan bilan uchrashgani diqqatga sazovor. Bu suhbat 2016 yil dekabr oyida O‘zbekiston prezidentining Inauguratsiyadan so‘ng ko‘p o‘tmay, ser Dunkan bilan uchrashuvini mantiqan davom ettirishga imkon yaratdi»​, deydi elchi.

Shotlandiyalik diplomatning ta'kidlashicha, bu paytdan buyon O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar yuz berdi.

«​Buyuk Britaniya O‘zbekistonning Harakatlar strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va O‘zbekiston hukumatidagi hamkorlarimiz bilan qo‘limizdan kelgancha  keng ko‘lamli ushbu islohotlar dasturini amalga oshirish uchun ko‘mak berib kelmoqdamiz. Bir necha misol keltirsak, bu yil Vestminster demokratiya jamg‘armasi O‘zbekiston parlamenti bilan, Buyuk Britaniya xalqaro milliy hukumat maktabi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan ish olib borishni rejalashtirgan. Biz BMT va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi hamda nodavlat notijorat tashkilotlar bilan fuqarolik jamiyatini mustahkamlashda hamkorlik qilamiz»​, deydi Kristofer Allan.

Buyuk Britaniya elchisining aytishicha, O‘zbekiston bilan munosabatlarda ta'lim sohasi alohida o‘rin egallaydi. Shuningdek, Buyuk Britaniya va O‘zbekiston aloqalarida muhim vazifani bajarayotgan ta'lim sohasi fidoyilariga elchi janoblari tashakkurini bildirdi.

«O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo hajmi ham o‘sib bormoqda. Ammo, o‘ylashimizcha, salohiyatimiz bundan ortiq. O‘tgan oy London shahrida bo‘lib o‘tgan Energetika sohasidagi yirik savdo va investitsiya forumida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatladik. Buyuk Britaniya eksport agentligi O‘zbekistondagi yirik loyihalarni moliyalashtirish uchun 1,25 milliard funt-sterling sarmoya kiritishga tayyor ekanligini bildirdi», deb nutqini yakunlagan u.

Mavzuga oid