Jamiyat | 23:15 / 20.05.2018
92394
8 daqiqa o‘qiladi

Hayot haqiqatlarini jam qilgan ta'sirli to‘rt hikoya

Dars paytida o‘qituvchi bolalarga okeanda cho‘kib ketgan kema haqida so‘zlab berdi.

“Kemada er-xotin ham bor edi, halokat paytida ular qutqaruv qayig‘iga yetib borishdi, lekin unda faqat bir kishigagina joy bor edi. Er kutilmaganda xotinini surib, qayiqqa chiqib oldi. Ayol suvga g‘arq bo‘lishi oldidan faqat bir og‘iz so‘z ayta oldi...”.

O‘qituvchi bir oz tin oldi va bolalarga savol berdi: “Kim aytadi, ayol eriga o‘limi oldidan nima degan?”.

Deyarli barcha o‘quvchilar ayol “Buni kutmagandim!” yoki “Sizni yomon ko‘raman”, degan deb javob qaytarishdi. O‘quvchilardan biri jimgina o‘tirardi. O‘qituvchi unga ham shu savolni berdi. “Menimcha, ayol bolamga yaxshi qarang, degan bo‘lsa kerak”, dedi o‘quvchi. O‘qituvchi hayron bo‘lib so‘radi: “Bu hikoyani oldin eshitganmisan?”. “Yo‘q, eshitmaganman, lekin onam vafot etayotib dadamga xuddi shunday deganlar”. O‘qituvchi ko‘ziga kelgan yoshni artib oldi va “Javobing to‘g‘ri” dedi.

Hikoyaning davomi bor edi.

Halokatda jon saqlab qolgan er tez orada uyiga qaytdi. Uyda uni qizi kutardi. Erkak qizi katta bo‘lgunicha uni mehribonlik bilan parvarish qildi.

Oradan yillar o‘tdi. Otasi vafot etganidan so‘ng qiz uning buyumlarini yig‘ishtirayotib, yon daftarcha topib oldi. Unda shunday deb yozilgandi:  “O‘sha kemaga chiqishimizdan oldin biz shifokor huzurida bo‘lgandik va u xotinimning tez orada og‘ir kasallikdan vafot etishini aytgandi. Xotinimning umri judayam oz qolgandi. Men okeanda xotinimning o‘rniga cho‘kib ketishga, uning uchun jonimni berishga tayyor edim, lekin xotinim tez orada olamdan o‘tgach, qizimga kim qarardi? Birgina yo‘l xotinimni okeanda qoldirish va o‘zim tirik qolib, qizimga g‘amxo‘rlik qilish edi”.

Butun sinf jimjit bo‘lib qoldi.

O‘qituvchi o‘quvchilarga yaxshilik niqobi ortida yovuz niyat, bir qarashda dahshatli, inson nafratini keltiradigan harakat ortida esa yaxshilik turishi mumkinligini aytdi. Shu bois ham insonning qilgan ishi, uning o‘zi  haqida ilk tasavvur bilan hukm chiqarib bo‘lmaydi. Ko‘pchilik uning bu harakati ortida nima turganidan mutlaqo bexabar bo‘ladi.

*

Foto: FireStock

Bir erkak yigirma yoshlardagi o‘g‘li bilan vagonga kirdi va joylarini egallashdi. O‘g‘il vagon derazasi tomonga o‘tirdi. Poyezd qo‘zg‘alishi bilan u qo‘li bilan ishora qilib, “Dada, qarang, hamma daraxtlar orqaga yuryapti” dedi. Dadasi kulib qo‘ydi.

Ularning ro‘parasida o‘tirgan er-xotin esa kap-katta bolaning bu qilig‘ini ko‘rib, bir birlariga “ahmoq” deb pichirlashdi.

Bir ozdan so‘ng o‘g‘il quvonchdan qichqirib yubordi: “Dada, qarang, katta ko‘l. Unda qushlar suzib yuribdi”.

Er-xotin yana ajablanib ijirg‘anib yigitchaga qarashdi va uning otasiga deyishdi: “O‘g‘lingizni doktorga ko‘rsatsangiz bo‘larkan”.

Shunda ota dedi: “O‘g‘lim bugun kasalxonadan chiqdi. Uning ko‘zlari ojiz edi, endi dunyoni ko‘rib zavqlanmoqda”.

Boshqalarning qilayotgan amallari va so‘zlariga qarab hukm chiqarish noto‘g‘ri. Ularning qalbida nima borligini, nima uchun bunday qilishayotganini faqatgina Alloh biladi.

*

Bir o‘qituvchi bir varaq qog‘ozga qalam bilan kichkinagina nuqta qo‘ydi. So‘ng bolalarga ko‘rsatib ulardan nimani ko‘rishayotganini so‘radi. O‘quvchilar o‘ylab o‘tirmasdan oddiy qora nuqtani ko‘rishayotganini aytishdi.

O‘qituvchi dedi: “Nahotki birortangiz ham oppoq varaqni ko‘rmayotgan bo‘lsangiz? Axir nuqta kichkinagina bo‘lsa, varaq esa katta”.

Hayotda ham xuddi shunday bo‘ladi: inson ko‘pincha hayotidagi qora nuqtaga e'tibor qaratadi. Bu kichkina qora nuqta atrofi oppoq varaqdan iborat ekanligini esa  ko‘rmaydi.

***

Ikki qo‘shni bor edi. Ulardan biri farzandlariga quyon olib berdi. Narigi qo‘shnining bolalari ham o‘zlariga biror uy hayvoni olib berishlarini so‘rashdi. Ularning otasi kuchuk olib berdi.

Shunda birinchi qo‘shni ikkinchisiga dedi:

– U quyonimni yeb qo‘yadi-ku!

– Yo‘q, bu hali kuchuk, quyoning ham kichkina. Ular birga katta bo‘lishadi, do‘st bo‘lib ulg‘ayishadi. Muammo bo‘lmaydi.

Kuchuk egasi haq bo‘lib chiqqandek edi. Jonivorlar birga katta bo‘ldi. Ular doimo birga edi.

Bir kuni quyonning egasi oilasi bilan dam olishga ketdi. Juma kuni edi. Yakshanba kuni kechki payt kuchukning egasi oilasi bilan ayvonda choy ichib o‘tirgandi. Katta itga aylangan kuchuk uyga kirib keldi. U g‘ijimlanib ketgan, qon va tuproq aralashmasidan qorayib ketgan quyonni tishlab turardi. Butun oila it tomon tashlandi.

– Qo‘shnim to‘g‘ri aytgan ekan. It itligini qilibdi. Endi nima qilamiz? Shu yetmay turuvdi. Birpasdan keyin ular uyiga qaytib kelishadi.

Hamma bir-biriga qarardi. Bechora itning esa g‘ingshiganicha ko‘zidan yosh oqardi.

Shunda bolalardan biri dedi:

– Quyonni yaxshilab yuvib, fen bilan quritib, hovlisiga qo‘yib qo‘yamiz. 

Quyonning hech bir joyi yirtilmagani bois ular shunday qilishdi. Quyonni iniga qo‘yishib, xuddi uxlayotgandek holatga keltirib yana o‘z uylariga qaytib kirib olishdi. Bir ozdan keyin qo‘shnilarning ovozi eshitildi. Keyin esa bolalarning chinqirig‘i yangradi. Ko‘rishdi! Ikki daqiqadan keyin eshik taqilladi. Ostonada ranglari oqarib ketgan qo‘shni turardi. U xuddi arvohni ko‘rgan odamdek alpozda edi.

– Nima bo‘ldi? Tinchlikmi? – so‘radi itning egasi.

– Quyon... quyon...

– O‘lib qolibdimi? Boya kunduzi chopqillab yurgandi-ku!

– U juma kuni o‘lgandi!

– Nima?

– Dam olishga ketishimizdan oldin bolalar uni bog‘ orqasiga ko‘mib kelishgandi! Hozir esa u yana o‘z uyida yotibdi!

Jumadan beri qadrdon do‘stini qidirgan it uni nihoyat topgan va yer bag‘ridan chiqarib olgandi. Va egalariga uni qutqarish uchun olib kelgandi.

Xulosa: Aslida nima bo‘lganini bilmasdan turib harakat qilishning oqibati xunuk bo‘ladi.

Mavzuga oid