Light | 00:10 / 22.05.2018
24165
6 daqiqa o‘qiladi

50 yoshga kelib muvaffaqiyat haqida bilganlarim: ishbilarmon maslahatlari

Ishbilarmon, notiq, "Qanday qilib ilhomni qaytarish va ishga mehrni tiklash mumkin?" kitobi muallifi Skott Motts Inc'da qanday qilib muvaffaqiyatga erishish va orzudagi karerani qurish mumkinligiga doir maslahatlari bilan bo‘lishdi.

1. Sizning karerangiz faqat o‘zingizga bog‘liq

25 yoshga to‘lganimdan keyin yirik kompaniyaga ishga joylashganimda orzularim amalga oshgunicha qandaydir bir ilohiy kuch meni lavozimdan lavozimga ko‘taradi, deya taxmin qilganman. O‘zim esa bunga u qadar harakat ham qilmaganman.

Bunday qopqonga tushmang. Ha, qaysidir bir pallada atrofdagilar sizga yordam berishi mumkin, biroq sizning kelajagingiz faqat o‘zingizga bog‘liq.

Nima istayotganingizga aniqlik kiriting va tashabbus ko‘rsating.

2. O‘z yo‘lingizni o‘zingiz tanlang

Foto: pngtree.com

Siz uchun aynan nima muhim ekanini faqat o‘zingiz hal qilishingiz mumkin. Birovlar sizdan kutayotgan emas, o‘zingiz istagan karera, o‘zingiz istagan hayot sari harakat qiling. Shunda o‘z hayotingizdan qoniqish hosil qilasiz, keksayganingizda o‘z yo‘lingizdan borishga jur'atingiz yetmaganidan afsuslanishga to‘g‘ri kelmaydi.

3. Boshqalarning qo‘llab-quvvatlashini kutmang, o‘zingizga sodiq qoling

Foto: depositphotos.com

Boshqalarning qo‘llab-quvvatlashi — tashqi motivatsiya. U hech qanday ahamiyatga ega emas. U sizni o‘zingizga bo‘lgan ishonchdan mahrum qiladi. Agar siz uchun muvaffaqiyat boshqalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga bog‘liq bo‘lsa, hech qachon unga erisha olmaysiz. O‘zingizga sodiq qoling.

4. Muvaffaqiyatga oid tasavvuringiz o‘zgaradi

25 yil ilgari men muvaffaqiyat — xizmat pillapoyasidan imkon qadar tezroq ko‘tarilish, deb hisoblaganman. Hozir esa buni o‘z manfaatlarimdan-da kattaroq biror maqsad uchun xizmat qilishda ko‘raman. Avvallari esa bu xayolimga ham kelmasdi.

5. Atrofdagilarga kuch-quvvat ulashing

Odatda boshqalarga shijoat va ijobiy kayfiyat ulashuvchi kishilar muvaffaqiyatni o‘zlariga jalb qilishadi. Hayotni qora ranglarda ko‘ruvchi, g‘iybatchi va boshqalarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgan kishilarni esa muvaffaqiyat chetlab o‘tadi.

6. Insonning asl qiyofasi qiyinchilik vaqtida namoyon bo‘ladi

Hammasi yaxshi bo‘lgan paytlarda odamlar bilan muloqot qilish oson. Biroq murakkab vaziyatda o‘zingizni qanday tutasiz? Ishonchingiz komil bo‘lsin, atrofdagilar sizning aynan shunday vaqtda o‘zingizni qanday tutganingizni eslab qolishadi. O‘zingizni yaxshi tomondan ko‘rsatishingiz mumkin bo‘lgan damlardan foydalaning.

Qandaydir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsangiz, hamkasblaringizga "tashlanmang", aybni ularga ag‘darmang. Bu munosabatlarni faqat yomonlashtiradi.

7. O‘zingiz ko‘tarilayotgan paytda boshqalarni ham ergashtiring

Foto: Designates

Karera pillapoyalaridan yuqoriga ko‘tarilish yoqimli, albatta. Biroq boshqalarga ham yordam berishni unutmang. Yangi lavozimdan faqat o‘z maqsadlaringizni amalga oshirish uchungina foydalanmang, boshqalarning hayotini ham yaxshilang. Odamlarga o‘z sohasida rivojlanishga ko‘mak berar ekansiz, muvaffaqiyat sizga yuz baravar ortib qaytadi.

8. O‘zingizni taqqoslashingiz mumkin bo‘lgan yagona kimsa — kechagi o‘zingiz

O‘zingizni doim boshqalar bilan taqqoslab, muvaffaqiyatga erisha olmaysiz, bu faqat baxtsizlik keltiradi. Kechagidan yaxshiroq bo‘lishga harakat qiling. Buning uchun birinchi o‘ringa ta'lim va rivojlanishni qo‘ying. Mening kareramdagi eng baxtsiz bosqichlar — o‘qimagan va rivojlanmagan paytlarim.

9. Kareradagi eng katta tavakkal - umuman tavakkal qilmaslik

Amerika flotining birinchi ayol-admirali Greys Xopper shunday deydi: "Kema portda xavfsizlikda bo‘ladi, biroq kemalar buning uchun qurilmaydi".

Muvaffaqiyat ko‘pincha tavakkal qilish, to‘g‘ri saboq chiqarish va oldinga qarab harakat qilishga tayyor turishga bog‘liq.

10. Qattiq mehnatga nima qo‘shish kerakligini biling

Tinimsiz mehnat! Boshqa yo‘li yo‘q. Bunga biroz sabr-toqat va qat'iylik qo‘shing, shunda hayot qiyinchiliklarida chiniqasiz hamda iroda kuchiga ega bo‘lasiz.

11. Siyosatni siyosatchilarga qo‘yib bering

O‘z ishingizni barcha xususiyatlaringizni ishga solib, imkon qadar yaxshiroq bajarishga harakat qiling, siyosatni esa siyosatchilarga qoldiring. Ha, ba'zan u kimlargadir karerada ko‘tarilishga yordam beradi, biroq buning to‘lovi bor. Bu haqiqatda sizga kerakmi yoki yo‘q - yaxshilab o‘ylab ko‘ring.

12. Meros qoldirishga harakat qiling

Men o‘z kareram davomida ko‘p lavozimlarda muvaffaqiyatga erishdim, chunki doim o‘zimdan keyin nima qoldirishim va boshqalarga qanday ta'sir ko‘rsatishim mumkinligi haqida o‘ylaganman. Har yangi lavozimga kirishganingizda albatta shu savollarni o‘zingizga berib ko‘ring.

Mavzuga oid