Iqtisodiyot | 16:51 / 22.05.2018
8815
2 daqiqa o‘qiladi

YeIB O‘zbekistonga 500 million yevro ajratishga tayyor

Foto: Reuters/Eric Vidal

Yevropa investitsiya banki (YeIB) O‘zbekistonga 500 million yevro miqdorida kreditlar ajratishni rejalashtirmoqda, deb xabar berishdi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasidan.
 
Dushanba kuni Yevropa investitsiya banki vitse-prezidenti Vasil Xudak O‘zbekiston hukumatida bankning birinchi kreditlari ajratilishini muhokama qildi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – energiyatejamkorlik va suv xo‘jaligi sohasidagi boshqaruv loyihalari. Ushbu loyihalarning har biriga YeIBdan taxminan 100 million yevro miqdorida mablag‘ ajratiladi, deya ma'lum qildi vitse-prezident.

«Biz O‘zbekistonda loyihalarni rivojlantirish uchun qariyb 500 million yevro ajratishga tayyormiz. Moliyalashtirish moliyaviy resurslarning yetarli darajada moslashuvchanligini ta'minlaydigan hadli kreditlari orqali amalga oshiriladi, keyinchalik ushbu kreditlar muayyan sub'yektlar, kompaniyalar, korxonalar va munitsipalitetlar hamda nodavlat muassasalar o‘rtasida taqsimlanadi. Bugungi kunda taxminan 300-400 mln yevroga teng loyihalar bo‘yicha bir qarorga keldik», - dedi Xudak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona vodiysi hududida loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilinyapti. YeIB bilan hamkorlik asosan infratuzilmani rivojlantirish, ushbu mintaqaning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, munitsipal sektorni tashkil etishda ishtirok etish imkoniyatlari, masalan, O‘zbekiston shaharlarida isitish tizimlarini rivojlantirishdagi ishtirokiga qaratiladi.

Yevropa investitsiya banki va O‘zbekiston 2017 yil oktabr oyida mamlakatda bank faoliyatining huquqiy asoslarini belgilovchi hadli bitimni imzolagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev oktabrda Bryusselga tashrif buyurishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid