Sport | 14:43 / 22.05.2018
31156
11 daqiqa o‘qiladi

Ikardi Messi tufayli jahon chempionatida ishtirok etmaydimi? - 5 yillik mojaro tarixi

20 may kuni A Seriya so‘nggi turida «Inter» safarda «Latsio» klubini 3:2 hisobida yengib, chempionatni 4-o‘rinda yakunladi va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. «Neradzurri» tarkibida o‘yin va mavsum qahramonlaridan biri hujumchi Mauro Ikardi bo‘ldi. Argentinalik futbolchi ushbu bahsda gol urib, nafaqat jamoasi yutug‘iga katta hissa qo‘shdi, balki 29ta gol bilan A Seriya to‘purarlaridan biriga aylandi.

Foto: Getty Images

Oradan atigi bir kun o‘tgach, Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Xorxe Sampaoli jahon chempionatiga yo‘l oladigan futbolchilar ro‘yxatini e'lon qildi. Ularning orasida Mauro Ikardiga joy topilmadi.

Nega top-5 ligalardan biri to‘purari jahon chempionatiga bormaydigan bo‘ldi? Argentina terma jamoasiga iqtidorli, yosh hujumchi kerak emasmi? Voqealar rivojini kuzatish uchun 5 yil orqaga qaytamiz.

Foto: Claudio Villa/Getty Images Europe

2013 yil oxirida Italiyaning sport matbuoti sahifalari futbolga aloqasi bo‘lmagan shov-shuvli xabarlar bilan to‘lib ketdi. Argentinalik model, raqqosa va shubhali filmlar aktrisasi Vanda Nara uch nafar farzandining otasi, «Barselona»ning sobiq hujumchisi Maksi Lopesni tashlab, o‘zidan 9 yosh kichik bo‘lgan «Inter» hujumchisi Mauro Ikardi oldiga qochib ketadi.

Fitna har ikkala futbolchi «Sampdoriya»da o‘ynab yurganida yuz bergan. Ikardi jamoadoshi va vatandoshi Maksi Lopes uyida mehmon bo‘lganida, uning turmush o‘rtog‘i bilan ishqiy munosabatlarni o‘rnatgan. Keyinchalik, 20 yoshli Ikardi «Inter» klubiga o‘tib ketgach, ularning munosabatlari fosh bo‘lgan. Shundan so‘ng, Vanda Nara uch bolasini olib, Mauroning uyiga ravona bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Ikardining bu qilig‘i vatani Argentinada va Italiyada katta muhokamaga va qoralovga sabab bo‘ldi. Hatto «neradzurri» muxlislari uni Ronaldoga tegishli bo‘lgan 9-raqamli futbolkadan mahrum qilishga chaqirishdi. Chunki, mahbubalarini birin-ketin almashtirishi bilan mashhur bo‘lgan braziliyalik ham bunday pastkashlikka qo‘l urmagan edi.

Foto: Patrick Kovarik/Getty Images

Argentina futboli afsonasi Diyego Maradona ham bir chetda qarab turmadi.

«Men uchun Ikardi mavjud emas. Bo‘lib o‘tgan voqeadan keyin men Maksi Lopesning muxlisiga aylandim. Siz do‘stingizni uyingizga kiritsangiz, ammo u xotiningizni o‘g‘irlab ketsa... Ma'naviyati yo‘q inson men uchun murdaga teng», – dedi Maradona.

Foto: La Presse

Maksi Lopes bu zarbadan anchagacha o‘ziga kelolmadi. U «Inter»ga qarshi o‘yinda namoyishkorona ravishda Ikardiga qo‘l uzatmadi.

«Bunday bo‘lishini kutmagan edim, juda ko‘p yig‘ladim... Chunki bolalarimdan ham ajraldim. Onam meni ogohlantirgan, Vandaga uylanmagin degan edi. Nima ham qilardik, hayotda xatolarga yo‘l qo‘yib turiladi. «Inter»ga qarshi o‘yinda uning adabini berishim mumkin edi. Ammo bolalarimga shu tarzda o‘rnak bo‘lishni istamadim», - dedi alamzada Maksi Lopes.

Ikardining xiyonati Italiya mafiyasini ham befarq qoldirmadi. Jurnalist Karlos Monti xabariga ko‘ra, keyinchalik Lopes «Kataniya» klubida o‘ynagan paytda, mafiya vakillari unga o‘z xizmatini taklif qilib, Ikardining ikki oyog‘ini ham sindirib bermoqchi bo‘lishgan. Biroq Lopes ularning taklifini rad qilgan.

Foto: Getty Images

2013 yil oktabr oyida Ikardi JCh-2014 saralash o‘yinida, Argentina terma jamoasi tarkibida Urugvayga qarshi o‘yinda debyut qildi. Vaholanki, u Italiya terma jamoasidan ham chaqiruv olgan edi.

«Italiya murabbiylar shtabi Mauroni chaqirmoqchi edi. U ikki yoki uch marta «Skuadra Adzurra» tarkibida o‘ynash uchun taklif oldi. Ammo Ikardi Argentina terma jamoasida to‘p surishni bir umr orzu qilgan», - deydi bu haqda Vanda Nara. 

Bu Ikardining ikkinchisi xatosi edi.

Foto: Noticias Argentinas

2014 yil 27 may kuni Ikardi va Nara Buenos-Ayresda to‘y marosimini o‘tkazishdi. Yosh futbolchining aqli kirib qolishini kutib yurganlarning hafsalasi pir bo‘ldi. Mauro bu ishi bilan ortidagi barcha ko‘priklarga o‘t qo‘yib yubordi...  Uning uchun haqiqiy muammolar shundan keyin boshlandi - futbolchi uchun terma jamoa eshiklari taqa-taq yopildi.

2013/14 yilgi mavsum Ikardi uchun yaxshi o‘tmadi. Mauro «Inter» tarkibida atigi 9ta gol urdi xolos. Argentina terma jamoasi murabbiylar shtabi uning jismoniy holati yaxshi emasligi va sermahsulligi past ekanini bahona qilib, o‘yinlarga jalb etishmadi.

Foto: Emilio Andreoli/Getty Images

Biroq, 2014/15 yilgi mavsumida Ikardi «Inter» tarkibida 22ta gol urib, Luka Toni («Verona») bilan birga A Seriya to‘purari bo‘ldi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Futbolchining qachon chaqirilishi haqidagi Argentina murabbiylar shtabiga bo‘lgan barcha savollar uning jismoniy holati yaxshi emasligi, jamoa o‘yin uslubiga mos kelmasligi yoki kichik jarohati borligi bilan izohlanaverdi.

2015 yil oktabr oyida Mauro Ikardi futbol agenti Abian Moreno bilan o‘n yillik hamkorlikka chek qo‘ydi va barcha ishlarini turmush o‘rtog‘iga ishonib topshirdi. Endi Vanda Nara Ikardining agentiga aylandi. 

Foto: REUTERS

2016 yilda Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi bosh murabbiy Edgardo Bausa oldiga Ikardini zinhor terma jamoaga chaqirmaslik shartini qo‘ygani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu bilan yosh hujumchining nega terma jamoaga chaqirilmayotgani to‘g‘risidagi shubhalar yana alanga oldi. 

Foto: Omar Momani

Tan olish kerak, Argentina murabbiylari shtabi Mauro Ikardi aynan Messi talabiga ko‘ra terma jamoaga chaqirilmayapti deb biror marta aytmagan. Lionelning o‘zi esa bunday savollarni har doim javobsiz qoldirgan.  

Foto: Football Italia

Ammo, Argentina murabbiylar shtabining Ikardiga nisbatan bunday munosabatini tushunish mumkin. Ma'lumki, Messi Maksi Lopes bilan «Barselona»da birga o‘ynagan va ikkisi qalin do‘st sanaladi. Bundan tashqari, Lionel oila qadriyatlarini chuqur hurmat qilishi bilan nom taratgan. Ustiga-ustak, Messi Argentina terma jamoasining yetakchisidir, murabbiylar shtabi uning gapiga quloq tutishi tabiiy hol. 

Rossiyalik futbolchi Anton Shvets «Vilyarreal» tarkibida o‘ynab yurganida, «Barselona»ga qarshi bahsda yuz bergan voqeani gapirib bergandi.

«Himoyachi Mateo Musakko Messi bilan qattiq to‘qnashib ketdi. Shunda Leo o‘girilib, unga bir narsalarni gapirdi. Nima deganini ertasi kuni teleko‘rsatuv orqali bilib oldik. Ma'lumki, stadionda ko‘plab kameralar futbolchilarni kuzatib boradi. Teleko‘rsatuvda Messining so‘zlarini talqin qilishga muvaffaq bo‘lishdi. U «Agar menga qarshi shunday qo‘pollik qilsang, terma jamoada o‘ynamaysan», degan ekan».

Argentinalik jurnalist Fernando Nembroning so‘zlari esa bundan ham keskinroq.

«Sampaoli tarkibga Maskeranoni kiritishni, ayniqsa yarimhimoyaga qo‘yishni istamayapti. Ammo uni bunga majbur qilishmoqda. Hozirgi kunda Argentina futbol federatsiyasining haqiqiy rahbari - Tapiya emas, balki Messi. Tapiya aslida oddiy xodim. Sampaoli esa nimani buyurishsa, shuni qilmoqda».

Foto: AFP

2017 yilda vaziyat o‘zgardi. Edgardo Bausa qoniqarsiz natijalar tufayli Argentinani tark etdi. Terma jamoa ko‘p yillardan buyon ilk marotaba mundialga chiqa olmaslik xavfi ostida qoldi. Yangi bosh murabbiy Xorxe Sampaoli «albiseleste»ni qutqarishi lozim edi. Mutaxassis katta bosim ostida qolib, Ikardini JCh-2018 saralashining so‘nggi 3ta tur o‘yinlarida terma jamoaga chaqirdi. Bu borada, hatto talabchan Messi ham, o‘z qat'iy fikrini biroz yumshatgan bo‘lsa ajab emas. Ammo, Mauro bu o‘yinlarda maydonga tushib, o‘zini ko‘rsata olmadi va birorta gol urmadi. 

Argentina eson-omon jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, Ikardi «Inter» bilan ajoyib mavsumni o‘tkazdi, hatto uning «Real»ga o‘tishi haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi. Biroq, Mauro uchun terma jamoa eshiklari yana yopildi. Futbolchi hatto o‘rtoqlik o‘yinlariga ham biror marta chaqirilmadi.

Argentina terma jamoasi va «Inter» klubining sobiq hujumchisi Ernan Krespo nega Mauro Ikardi jahon chempionatiga bormasligi haqidagi fikrlarini aytdi. Bu gaplarda jon bor.

«Agar «Inter» rahbari bo‘lsam, Ikardini hech qachon sotmagan bo‘lardim. Eng yaxshi futbolchi bilan xayrlashib, tarkibni kuchaytirib bo‘lmaydi. 

Jarima maydoni ichida Mauroga teng keladigani yo‘q. U har ikkala oyog‘i bilan zo‘r zarba beradi. «Ikkinchi qavatda» ham yaxshi o‘ynaydi.

Ronaldu va Messi — o‘zga sayyoradan kelgan futbolchilar, ammo Ikardini ular bilan tenglashtirgan bo‘lardim. Afsuski, Messi bilan yuzaga kelgan nizo sababli, u jahon chempionatiga borolmaydi. Bu juda katta xato. Argentinaga Mauro kabi futbolchi kerak», — dedi Krespo.

Argentina JCh-2018da nimalarga erishishini vaqt ko‘rsatadi. Mundial terma jamoaning ko‘p yillik yulduzi Lionel Messi uchun oxirgi imkoniyat deb aytilmoqda. 25 yoshli Ikardi esa bu bahslarni TV orqali tomosha qiladi va shubhasiz, Messi faoliyatini yakunlagach, terma jamoaga qaytishni orzu qiladi. 

Mavzuga oid