O‘zbekiston | 09:36 / 24.05.2018
6490
3 daqiqa o‘qiladi

YeI O‘zbekiston bilan sheriklik bo‘yicha yangi kelishuv imzolash muddatini ma'lum qilishga shoshilmayapti

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralar dastlabki bosqichda turibdi. Amaldagi hujjat 1996 yilda imzolangan va so‘nggi yillardagi hamkorlik darajasini o‘zida aks ettirmaydi.

«Kelishuv Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan munosabatlarini mustahkamlash nuqtai nazaridan juda muhim. Biz imzo qachon qo‘yilishini aniq aytolmaymiz. Bu muzokaralarga, ular qanday o‘tishiga bog‘liq. Toshkentda biz yaxshi fikr almashdik, yangi bitimning barcha jihatlarini qamrab oldik», - deya aytib o‘tdi Yevropa Ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha Kengashi ishchi guruhi rahbari Yutta Edtxofer Kun.uz muxbiriga.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati  Axborot xizmati

26 kishidan iborat Yevropa Ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha Kengashi ishchi guruhi muzokarachilari yangi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv loyihasini muhokama qilish, shuningdek, YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi Strategiyasi borasida fikr almashish maqsadida mamlakatda bir necha kun davomida bo‘ladi.

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga 2017 yil iyul oyida tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Bryusselga tashrifi chog‘ida yangi hamkorlik kelishuvini tuzish ishlarini boshlash bo‘yicha taklif bergan.

Uning fikriga ko‘ra, 1996 yilda imzolangan kelishuvdan so‘ng «dunyo o‘zgardi» va sheriklar o‘rtasidagi hamkorlik darajasi «mutlaqo boshqa darajaga» chiqdi.

«Bugun biz mutlaqo yangi, keng qamrovli dastur yaratdik. Bularning barchasi bizda hozirgi holatlarga mos bo‘lgan jiddiy shartnomaviy-huquqiy bazani talab qiladi», - deya ta'kidlab o‘tdi vazir.

Yangi kelishuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikka, shuningdek, gumanitar aloqalarga ko‘proq e'tibor qaratiladi.

«Ehtimol, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik muammolari bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlar bo‘yicha ba'zi bandlar kiritilishi mumkin», - dedi Komilov.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati  Axborot xizmati

Ta'kidlash joizki, 1996 yilda imzolangan kelishuv hadli xarakterga ega va uning ko‘plab bandlari muayyan masalalar bo‘yicha maxsus ikki tomonlama kelishuvlar doirasida yanada aniqlashtirilishi kerak.

Mavzuga oid