O‘zbekiston | 16:10 / 24.05.2018
26791
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinganlar soni rekord darajaga yetdi

Keyingi yarim yil ichida O‘zbekiston fuqaroligi 1500 nafar kishiga berildi. Bu haqda Adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamov Toshkentda o‘tkazilgan brifing chog‘ida ma'lum qilgan.

«Keyingi yarim yil ichida biz 1500 kishini fuqarolikka qabul qildik. Bunday holat keyingi 20 yil ichida kuzatilmagandi», – deya Istamovning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Bundan avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda 1000dan ortiq kishiga fuqarolik berilganini ma'lum qilgandi. Prezident fuqarolik taqdim etish to‘g‘risidagi birinchi qarorini 2016 yil dekabrida imzolagandi.

IIV ma'lumotiga ko‘ra, 1991 yildan 2007 yilga qadar bo‘lgan muddatda jami 482 kishiga O‘zbekiston fuqaroligi berilgandi.

«O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonun 1992 yilda qabul qilingan. Ushbu qonunning 4-moddasiga ko‘ra, kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy holatidan, irqi va millatidan, jinsi, ma'lumoti, tili, siyosiy qarashlari, diniy e'tiqodi, mashg‘ulotining turidan qat'i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxslar fuqarolikka qabul qilinishi mumkin.

Fuqarolik so‘ragan shaxs so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashagan bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid