O‘zbekiston | 23:27 / 24.05.2018
19666
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi - Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda bugungi kunda yurtimizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani va ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar zarurligi qayd etib o‘tilgan. Biroq, mamlakatimizda bunday keng ko‘lamli vazifani hal etadigan tayanch oliy ta'lim muassasasi mavjud emas.

Hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini ta'minlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (keyingi o‘rinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etilmoqda.

Universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediata'lim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanishi belgilanmoqda.

Universitetning asosiy vazifalari quyidagilar bo‘ladi:

  • jurnalistika sohasini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslari, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan, yuqori malakali jurnalist kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta'minlash;
  • mamlakatimizning ommaviy kommunikatsiya va jurnalistika sohasida erishgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining tajribasi va hududlarda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli yo‘nalishlar hamda mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish, shuningdek, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini va masofadan o‘qitish usullarini joriy etish;
  • jurnalistika sohasi ta'limini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;
  • o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta'lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi yetakchi respublika va xorijiy oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
  • istiqbolli yosh bitiruvchilarni xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlarining magistratura va doktoranturasida ta'lim olish uchun muntazam yuborish orqali Universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
  • respublika ommaviy axborot vositalari mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy-metodik bazasini shakllantirish va o‘quv-metodik rahbarlikni amalga oshirish.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tuzilmasi, universitetning 2018–2021 yillarda rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavrlar va magistrlar tayyorlash bo‘yicha qabul kvotalari tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tavsiyasi asosida Universitetning tegishli ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlarni oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasb layoqatini aniqlashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon (yozma va suhbat shaklida) o‘tkazish orqali amalga oshiriladi;

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zMU va O‘zDJTUda «Jurnalistika» ta'lim yo‘nalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, «Oliy jurnalistika kurslari» bo‘yicha qabul to‘xtatiladi hamda ushbu ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha ta'lim olayotgan talabalar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy ta'lim muassasalarida o‘qishini davom ettiradilar.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Universitetga talabalarni bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlarini o‘rganib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga Universitetning sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha qabul kvotalarini shakllantirish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritadi. Sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha qabul kvotalari 2018/2019 o‘quv yilida Universitet bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari uchun belgilangan qabul kvotalarining 30 foizigacha bo‘lgan miqdorda belgilanadi.

Mavzuga oid