O‘zbekiston | 16:17 / 27.05.2018
25249
2 daqiqa o‘qiladi

"Pedagoglarning past ish haqi bu kasbning jozibasini yo‘qotdi" - MTM vaziri

Pedagoglarning past ish haqi maktabgacha ta'lim muassasasi (MTM) tarbiyachisi kasbining jozibadorligi yo‘qolishiga olib keldi va bu MTMlar faoliyati rivojiga to‘sqinlik qildi. Maktabgacha ta'lim muassasasi vaziri Agrepina Shin O‘zbekiston prezidentining Facebook'dagi sahifasida taqdim etilgan intervyuda shunday bayonot berdi

"Pedagoglarning 1991 yildan buyon biror marta bazaviy tarif stavkasi ko‘tarilmagan past ish haqi MTM tarbiyachisi kasbining jozibadorligini yo‘qotdi. Buning natijasida kadrlar tanqisligi muammosi kelib chiqdi va bu MTM faoliyati sifatiga ta'sir qilmay qolmadi. Kadrlarning bazaviy tayyorgarligi, ularning malakasini oshirish, oziq-ovqat va tibbiy yordam bilan bog‘liq vaziyat talabga javob bermas edi", - deydi Agrepina Shin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1991 yildan 2017 yilga qadar O‘zbekistondagi maktabgacha ta'lim muassasalari (MTM) soni deyarli ikki baravarga qisqargan. Shu bilan birga, demografik tendensiyalar bilan keskin nomutanosiblik hamda MTMlar infratuzilmasidagi muammolar yuzaga kelgan. Bu nafaqat qamrov bo‘yicha, balki MTM rivojiga ham to‘sqinlik qilgan. Yuqoridagi muammolarning bari Maktabgacha ta'lim muassasalari vazirligining tashkil etilishiga sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid