Sport | 22:00 / 28.05.2018
6237
17 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Shveytsariya

Foto: fifa.com

ShVeYTsARIYa:
Mustaqilligi:
 24 oktabr, 1648 yil
Boshqaruv shakli: Federativ parlamental respublika
Aholisi: 8.6 million (98-o‘rin)
Valyuta: Shveytsariya franki

ShVeYTsARIYa TeRMA JAMOASI
Konfederatsiya – UYeFA
Federatsiya – Shveytsariya futbol Ittifoqi
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p ishtirok etgan – Xaynts Xermann (118)
Eng ko‘p gol kiritgan – Aleksandr Fray (48)
Ilk o‘yin – 1905 yil. 12 fevral. Fransiya - 0:1
Eng yirik g‘alaba – 1991 yil. 5 iyun. San Marino - 7:1
Eng yirik mag‘lubiyat – 1911 yil. 29 oktabr. Vengriya – 0:9

Yevropaning umumfutbol bayramlarida shveysariyaliklar biroz e'tibordan chetda qolsalar-da, mamlakat futboli qit'ada eng qo‘hnalardan sanaladi. Xususan, Buyuk Britaniyadan tashqarida futbol ilk bor aynan Shveytsariyada o‘ynay boshlangan. 1860 yilda britaniyalik talabalar Lozannada ilk futbol klubiga asos soladilar, 1879 yilda esa hozirgacha mavjud bo‘lganlar ichida, mamlakatning eng birinchi klublaridan biri “Sankt Gallen” tashkil topadi. FIFAni tashkil etgan ilk yetti mamlakatdan biri ham Shveytsariya bo‘lgan.

Terma jamoa ilk mundiallardan ishtirok etishni boshlagan. Urugvayda o‘tgan dastlabkisida yo‘l kira xarajatlari kattaligi tufayli bormagan shveysariyaliklar, 1934 yildagi qo‘shni Italiya mundialiga borishga pul topishdi. Aslida sabab faqat pul emas, o‘shanda ularga qarshi saralash bahslarida raqiblik qilgan Ruminiya maydonga ruyxatda kiritilmagan futbolchini tushirib yuborgan, buni bilib qolgan tashkilotchilar durangni Shveytsariya g‘alabasiga aylantirib bergandi. Final bosqichida Shveytsariya gollandlarni yenga oldi, ammo chorak finalda musobaqa finalchisi Chexoslavakiyaga imkoniyatni boy bergandi.  

Kattaroq shov-shuv keyingi jahon chempionatida ro‘y berdi. Shveytsariya terma jamoasi turnirning asosiy favoriti bo‘lmish Germaniyaga qarshi kechgan ikkinchi uchrashuvda (birinchisi durang bo‘lgandi) iroda ko‘rsata olgandi. Birinchi bo‘lim oxirlarigacha 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotgan qahramonlarimiz oqibat hisobni 4:2 ga aylantira oladigan kuchni o‘zlarida topa oldilar. Dunyo hayratda. Chorak finalda vengrlardan mag‘lubiyat kuzatilgan bo‘lsa-da, o‘sha g‘alabaning o‘zi haqiqiy matonat edi. Mahalliy matbuot ushbu o‘yinni 13-asrda Shveytsariya mustaqilligiga olib kelgan revolyutsiyaga, futbolchilarni esa o‘sha revolyutsionerlarga qiyoslay boshladi. Bu g‘alaba hatto badiiy adabiyotda ham o‘z o‘rnini topgandi, Otto fon Valter o‘z romanlaridan birida o‘sha o‘yin radiosharhini asariga kiritgan bo‘lsa, yana bir adib Jovanni Orelli o‘sha o‘yinda jamoaning ilk golini kiritgan Valashekka atab butun bir roman (“Valashek qo‘shig‘i”) yozgandi. Albatta bu g‘alaba buyuk edi, ammo bunchalik doston bo‘lishining boshqa, menimcha asosiy sababi ham bor bu yerda. Sababi Shveytsariya futboli, aniqrog‘i terma jamoa uzoq davr mobaynida boshqa xalqaro katta yutuqlarni qo‘lga kirita olmagandi.    

Jahon urushidan keyingi ilk mundialda, maydon egalari Braziliya terma jamoasi bilan durang o‘ynaganliklariga qaramasdan guruhda qolib ketishdi, 1954 yilda esa, terma jamoa turnirni mezbon sifatida qabul qilganiga qaramasdan yana chorak finalda qolib ketishdi. Bu safar ham esda qolarli g‘alaba kuzatildi, ikki karra chempion Italiya ustidan qozonilgan g‘alaba bilan boshlangandi turnir, ammo chorak finaldagi Avstriyadan qabul qilingan mag‘lubiyat (5:7) barchasini unuttirib yubordi. O‘sha o‘yinda mezbonlar ilk yigirma daqiqada uchta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lishgan, lekin oqibatda tashabbusni qo‘ldan chiqarishganda. O‘yin “Lozanna jangi” nomi bilan mundial tarixi zarvaraqlariga muhrlandi.

Foto: Getty Images

Uyog‘iga esa Shveytsariya chinakamiga autsayderga aylana bordi. JCh-58 ga bora olishmadi, Chilida o‘tgan keyingi jahon chempionatiga yo‘llanma ancha qiyin bahslarda, aniqrog‘i Shvetsiyaga qarshi kechgan qo‘shimcha uchrashuvdagi g‘alaba evaziga kiritilgan bo‘lsa-da, final bosqichining barcha o‘yinini boy berdi. Italiyalik taniqli murabbiy Alfredo Foni qo‘l ostida ham jamoa o‘ziga kelmadi, saralashni omadli yakunlaganiga qarmasdan, yana musobaqaning barcha o‘yinini boy berdi, buning ustiga uchta o‘yinda hammasi bo‘lib to‘qqizta gol terma jamoa darvozasidan joy olgandi. Raqiblar kuchli, GFR, Ispaniya va Argentina edi, ammo mahalliy matbuot mag‘lubiyatining asosiy sababini yetakchilar Yakob Kun, Leo Eyxman va Verner Lyaymgruberning tungi sayohatlaridan axtardi. Ushbu voqea ancha janjalga sabab bo‘lgandi, bir yil o‘tibgina futbolchilar va matbuot orasidagi muammoga barham berilgandi.     

Foto: wikipedia.org

Shu bilan Shveytsariya terma jamoasi AQShda, ya'ni oradan 28 yil o‘tibgina dunyo muxlislari ko‘z o‘ngida paydo bo‘ldi. Bu orada bo‘lib o‘tgan 6 mundialda Shveytsariya saralashda qolib ketgandi. Angliyalik murabbiy Roy Hojson boshqaruvidagi terma jamoa saralash bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazdi va Italiya bilan birgalikda AQSh-94 ga yo‘l oldi. Guruhdagi raqiblar esa bir qaraganda oddiy, ammo teng kuchli jamoalardan tashkil topgandi. Ilk uchrashuv maydon egalariga qarshi kechdi va tomonlar murosa ko‘chasini tanladilar. Shapiyuza, Bregi, Sfortsa kabi futbolchilar ilk o‘yindanoq omma e'tiborini torta boshlagandilar. Ruminiyaga qarshi kechgan ikkinchi uchrashuv esa umuman benefisga aylanib ketdi, Xaji boshchiligidagi ruminlar 4:1 hisobida tor-mor etildi va Shveytsariya guruhda yaqqol peshqadamga aylanib oldi. So‘nggi tur oldidan har qanday variant ham shveysariyaliklarni pley-off ishtirokchisiga aylantirardi, balki shuning uchunmi, Kolumbiyaga qarshi kechgan uchrashuvda janubiy amerikaliklar har tomonlama ustunlik qildilar 0:2. Ammo bu o‘sha Pele chempion deb bo‘ladi, deb bashorat qilgan Kolumbiyaliklarning mundialdagi ilk ochkolari edi, tabiiyki, nimchorak finalga Kolumbiya emas, Shveytsariya yo‘l oldi. To‘g‘ri, guruh g‘olibligi keyingi raqiblarning kuchi borasida biroz yengillik berishi mumkin. Ammo bizning holatimizda unday deb bo‘lmasdi. Masalan, guruh g‘olibligini qo‘lga kiritgan Ruminiya nimchorakda Argentinaga, AQSh esa Braziliyaga ro‘baru kelganda. Guruhdoshlar ichida eng “omadli” bo‘lib chiqqan qahramonlarimizga esa nisbatan “kuchsiz” bo‘lgan Ispaniya raqiblik qiladigan bo‘ldi.

O‘sha o‘yinda Ispaniya har tomonlama kuchlilik qildi. Yyerro 15-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, keyinchalik, ispanlar yana ikkita to‘p kiritdilar va pley-offdagi yagona yirik hisob aynan o‘sha uchrashuvda qayd etildi.

Foto: Getty Images

Yangi asr boshlaridan terma jamoaga o‘tmishdagi mashhur futbolchi Yakob Kun murabbiylik qila boshladi. Ko‘pchilik bu qarorni navbatdagi xato deb baholagan bo‘lsa-da, murabbiy tez fursatda natijalarni olib kela boshladi. Jumladan JCh-2006 saralashida chinakamiga qahramonlik ko‘rsatib, Istambuldan “omon chiqish”ni uddaladilar. Ilk uchrashuvni uyda o‘tkazib 2:0 hisobida g‘alaba qozongan jamoa, javob uchrashuvida chinakamiga qattiq qarshilikka uchradilar. “Dahshatli bosim” ostida kechgan o‘yin 4:2 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlandi, safardagi gol ustunligi Shveytsariyani pley-off g‘olibiga, ya'ni mundial ishtirokchisiga aylantirdi. O‘yindan so‘ng katta janjal chiqdi, hakamning noxolis boshqarganligi, mehmonlarning simulyant ekanligi haqida “xulosalar” turklar va mehmonlar o‘rtasida janjalni keltirib chiqardi. Futbolchilar, murabbiylar, muxlislar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Juda turk futbolchilari, shuningdek, shveysariyalik Benjamin Xuggel katta miqdorda jarima to‘ladi. So‘nggi so‘z, ya'ni janjal tashabbuskori Turkiya terma jamoasi ustidan yakuniy xukm esa Yozef Blatterda qolgandi. O‘shanda turklar uchun hatto bir necha yilga FIFA musobaqalaridan chetlashtirish xavfi ham mavjud bo‘lib, ko‘pgina turk ommaviya axborot vositalari, shuningdek, futbol kishilari Blatterning asli shveysariyalik ekanligiga urg‘u berib, bosim o‘tkaza boshladilar. Albatta Blatter bu bosim ostida keskin chora qo‘llay olmasdi, oqibat Turkiya keyingi uchta uy uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazishga majbur qilindi. 

Germaniya-2006 da Shveytsariya Fransiya, Togo va janubiy Koreya terma jamoalari bilan bir guruhdan joy oldi va ikki g‘alaba, bir durang bilan guruh g‘olibiga aylandi. E'tiborli jihati, bu o‘yinlarda Shveytsariya o‘z darvozasini saqlab qoldi, jumladan keyingi o‘yinlarda ham, Tsyuberbuller JCh-2006 da o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazmagan yagona darvozabon sifatida qayd etildi. Sababi, Ukrainaga qarshi kechgan nimchorak final uchrashuvida ham darvozalar daxlsiz qolgan, o‘yindan keyingi penaltilar seriyasidagina ukrainaliklarning qo‘li baland kelgandi.

Foto: Getty Images

Shveytsariya keyingi jahon chempionatida ham “quruq seriya”ni davom ettirdi. Raqib esa, yevropa chempioni Ispaniya terma jamoasi edi. Fernandeshning goli evaziga ispanlar mag‘lub etildilar. Bu mag‘lubiyat Ispaniya uchun yagona bo‘lgani, keyinchalik ketma-ket olti uchrashuvda g‘alaba qozongan Del Boske shogirdlari yakunda jahon chempioni bo‘lganini yaxshi bilasiz. Shveytsariya esa, guruhdagi bu ustunlikni saqlab qola olmadi, avvaliga Chiliga boy bergan Xittsfeld shogirdlari so‘nggi turda Honduras darvozasini ishg‘ol qila olmadilar – 0:0. 4 ochko terma jamoaning keyingi bosqichga chiqishiga yetarli bo‘lmadi.

Braziliyada o‘tgan mundialda Shveytsariya guruh masalasini hal qila oldi. Frantsuzlardan yirik hisobda mag‘lub bo‘linganiga qaramay, bu safar “qahramonlarimiz Hondurasning darvozasiga yo‘l topa bilishdi. Xerdan Shakiring xet-trigi Shveytsariyani keyingi bosqichga olib chiqdi. Jamoa yanada uzoqroqqa borishi mumkin edi, bunga juda yaqin ham qolgandi. Argentina bilan o‘yinda Messi va uning jamoadoshlari 118-daqiqa davomida yevropaliklar darvozasiga yo‘l topa olishmadi. Ikki jamoaning imkoniyatlarini tenglashtirishi mumkin bo‘lgan penaltilar seriyasiga juda yaqin qolganda, Anxel Di Mariya Messining to‘p uzatishini golga aylantirdi.

SARALASh

Saralash bahslarida Shveytsariya Portugaliya, vengriya, ferrer orollari, Latviya va Andorra bilan bir guruhdan joy oldi. Ko‘rinib turibdiki, bu guruhdan eng kuchli ikki jamoa allaqachon aniqlanib bo‘lgandi. Faqat guruh g‘olibi bo‘lish va to‘g‘rida to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish masalasi turgan va bu oson emasdi.

Foto: AP

Shveytsariya dastlabki 9 o‘yinni g‘alaba bilan yakunlab, guruh peshqadami bo‘lib turgan bo‘lsa-da, Portugaliya ham izma iz ta'qib qilar, Ronaldu jamoadoshlari ham Shveytsariyadagi mag‘lubiyatni aytmasa, 8 g‘alaba bor edi. Hammasi so‘nggi turda, Portugaliyada hal bo‘lar edi. O‘yin 2:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi va shveysariyaliklar guruhda 2-o‘ringa tushib qoldilar. Ammo Shimoliy Irlandiya terma jamoasiga qarshi o‘tish o‘yinlarida (1:0, 0:0) Shveytsariya tajribaliroq ekanini isbotladi.

MURABBIY:

Foto: AFP

Vladimir Petkovich, 54 yoshli bosniyalik murabbiy terma jamoani 2014 yildagi jahon chempionatidan keyin qabul qilib olgandi. Ungacha, Petkovich faqat Shveytsariyaning bir qator jamoalari va Turkiyada faoliyat olib bordi. Uning murabbiylik faoliyatidagi eng yorqin davri 2012-14 yillarga to‘g‘ri keladi. Petkovich o‘shanda “Latsio” bilan birga Italiya kubogida g‘olib kelgandi. Italiyada “Yuventus”dan boshqa jamoalar uchun sovrin yutish qanchalik qiyin ekanini yaxshi bilasiz. Aynan Rimdagi muvaffaqiyat Shveytsariya federatsiyasining e'tiborini ko‘proq jalb qilgan bo‘lishi mumkin.

Petkovich tarixda birinchi marta Shveytsariyani Yevropa chempionatida guruhdan olib chiqdi. Bu safar ham Shveytsariyaga guruhda fransuzlar hamroh bo‘lishganini ham ta'kidlash joiz. Ammo nimchorak finalda jamoa raqibidan yaxshiroq o‘yin ko‘rsatganiga qaramasdan, durang qayd etildi va penaltilar seriyasida Polshaning qo‘li baland keldi.

BUGUNGI ShVeYTsARIYa

Foto: REUTERS/ Arnd Wiegmann

Bugungi Shveytsariya terma jamoasiga umumiy qilib tajribali deb baho berish mumkin. Tarkibda sakkiz nafar futbolchi terma jamoa safida 50 dan ortiq o‘yinlarda maydonga tushib ulgurganining o‘ziyoq ko‘p narsadan darak bermoqda. Shuningdek, jamoa tarkibidagi muvozanat ham doimo Shveytsariyaning o‘ziga xosligi va yutug‘i bo‘lib kelgan. Ya'ni tarkibdagi futbolchilarning saviyasi bir biridan u qadar uzoq emas. To‘g‘ri, Shakiri, Djaka kabi mashhurroq nomlar bor, lekin qolgan futbolchilar ham ularning darajasiga chiqa oladilar.

Darvozani Menxengladbaxning “Borussiya” klubi vakili Yann Sommer qo‘riqlaydi. U Bundesligada nomi chiqqan darvozabonlardan sanaladi va o‘z vaqtida “Bavariya” ham unga xaridor bo‘lgandi. Boshqa “Borussiya” darvozaboni Roman Burki ham Shveytsariya terma jamoasi a'zosi ekaniga ham e'tibor qaratish lozim.

Rikardo Rodriges, Stefan Lixshtayner, Fabiyan Saar, Yoxan Juru kabi himoyachilarni alohida tanishtirib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak. Yuqorida tilga olingan yulduzli yarim himoyachilardan tashqari, Gelson Fernandes (Ayntraxt), Steven Tsuber (Xoffenxaym), Valon Behrami (Udineze) kabi futbolchilar ham o‘tgan mavsumni yuqori saviyada o‘tkazdilar.

E'TIBOR BeRISh KeRAK: Brel EMBOLO

Foto: Getty Images

Brel Embolo 1997 yilda tug‘ilgan. Tezkor, yuqori texnikaga ega, har ikki qanotda ham foydali harakat qila oladigan hujumchi aslida Yevro-2016 dayoq o‘zini ko‘rsatib ulgurgandi. O‘shanda Embolo bilan “Manchester Yunayted” jiddiy qiziqqan, lekin yosh futbolchi katta futbolda yanada ko‘proq tajriba to‘plashga qaror qilgan va “Shalke” bilan besh yillik shartnoma imzolagandi. Emboloning transfer qiymati o‘shanda 27 million yevroni tashkil qilgan. Hozir bu pullar u qadar katta ko‘rinmasa-da, faqat Shveytsariya chempionatida o‘zini ko‘rsatgan 19 yoshli futbolchi uchun, tag‘in nemis klubi tomonidan buncha pul to‘lanishi e'tirofga sazovor.

Bu chempionat Embolo uchun ilk jahon chempionati bo‘ladi. Ammo terma jamoada uch yillik tajribaga ega bo‘lgan hujumchi nihoyat o‘z iste'dodini namoyish qilish va kattaroq klublar nazariga tushish payti kelganini juda yaxshi tushunadi.

JCh-2018

Foto: REUTERS

Rossiyada Shveytsariya Ye guruhida Braziliya, Kosta Rika va Serbiyaga qarshi to‘p suradi. Dastlabki turdayoq jamoani kimsan Braziliya sinovdan o‘tkazadi. Bu o‘yin 17 iyun kuni Rostovda bo‘lib o‘tadi. Serbiyaga qarshi uchrashuv 22 iyun kuni Kaliningradda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan. Guruhdagi oxirgi o‘yin 27 iyun kuni Nijniy Novgorodda Kosta Rikaga qarshi bo‘ladi. 

Qahramon ASLANOV  

Mavzuga oid