Jamiyat | 17:25 / 29.05.2018
12256
3 daqiqa o‘qiladi

Diniy ekstremistik oqim a'zosiga aylangan shaxsga yana bir bor imkon berildi

2018 yil 17 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati, Furqat tuman sudi raisi Oloviddin Xasanov raisligida 1984 yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan Rustam Rasulovich Xashimovni (unga nisbatan tergov davomida qidiruv e'lon qilinib, 17.04.2010 yildagi Farg‘ona shahar sudining ajrimi ko‘ra, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e'lon qilingan, 17.02.2018 yil kuni ushlanib qamoqqa olingan) O‘zbekiston Respublikasi JKning 2442-moddasi 1-qismi bilan ayblash haqidagi jinoyat ish mazmunan ko‘rib tugatildi.

Foto: Furqat tuman sudi
Foto: Furqat tuman sudi

Ish holatlariga ko‘ra, sudlanuvchi R.Xashimov 2008-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari R. Jo‘raboyev, A. Axmedjanov, Ahror Axmedjanov, M.Yadgarov, A.Tojiboyev, L.Mo‘minov, A.Mirzayev, A.Ataxanov, A.Karimov (ularga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi tomonidan 2010 yil 3 iyunda sud hukmi chiqarilgan), A.Akramov, R.Usmonov, A.G‘oziyev, Sh.Mamajanov, A.Xidirov, R.Qaxxarov, F.Xamdamovlar (ularga nisbatan qidiruv e'lon qilinib, alohida ish yurituvga ajratilgan) hamda dastlabki tergov davrida shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan “Tablig‘” diniy ekstremistik tashkilotiga a'zo bo‘lgan.

Foto: Furqat tuman sudi

Ushbu tashkilot g‘oyalarini boshqa shaxslarga da'vat qilish, ularni tashkilotga jalb qilish maqsadida mazkur diniy ekstremistik-fundamentalistik tashkilotda ishtirok etib, A.Karimov tomonidan 2009 yil bahor oylarida Qo‘qon shahrida tashkil qilingan jamoat yig‘ilishida ishtirok etgan.

Foto: Furqat tuman sudi

So‘ngra 2009 yil yoz oylarida Qozog‘iston Respublikasining Taraz shahriga ishlash uchun borib, Qozog‘iston Respublikasi hududida faoliyat olib borayotgan “Tablig‘chilar” diniy ekstremistik-fundamentalistik oqim tarafdorlari bilan yig‘ilishlarda bir necha marta ishtirok etgan.  

Sud hay'ati, sudlanuvchi R.Xashimovga jazo turi va me'yorini belgilashda, aybiga to‘liq iqrorligini, jinoiy qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, shaxsini, muqaddam sudlanmagani, 3-guruh nogironi ekanini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanib, Qo‘qon shahar “52-Yangiobod” mahalla fuqarolari yig‘inining va mahalla faollarining kafilligi inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 57-moddasi qo‘llanib, 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. R.Xashimovga qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida ozod etildi.

Mavzuga oid