Tashish qoidalariga rioya etilmaganligi yovvoyi hayvonlarning halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi
Yaqinda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida “Kuala Lumpur - Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro Y.N. bojxona nazoratidan o‘tar ekan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida o‘zi bilan 4 turdagi 20 dona yovvoyi qush hamda 10 bosh bengal yovvoyi o‘rmon mushugini olib kelganligini qayd etadi.
Tabiiyki, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 251-moddasiga binoan, bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tirik hayvonlarning bojxona rasmiylashtiruvi birinchi navbatda va soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi bois bojxona xodimlari zudlik bilan ishga kirishishadi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ammo ushbu shaxs bu hayvonlarni olib kirishda O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasiga binoan, yovvoyi hayvonlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshirilishini “unutgan” ekan.
Boz ustiga, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, olib kelingan yovvoyi jonivorlar orasidagi 2 turdagi 4 dona to‘ti hamda 10 bosh bengal yovvoyi o‘rmon mushugi bolalalari yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi hayvonlar turkumiga kirar ekan. Shu sabab bu turdagi hayvonlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda xalqaro SITES ruxsatnomasi ham bo‘lishi lozim edi.
Modomiki, ushbu ruxsatnoma hujjatlari bo‘lmasa, u holda fuqaro Y.N.ning bu harakatlari g‘ayriqonuniy deb e'tirof qilinadi. O‘zbekiston Respublikasiga g‘ayriqonuniy ravishda olib kirishga urinish chog‘ida ushlab qolingan yovvoyi hayvonlar esa belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.
Mazkur holatga aniqlik kiritgunga qadar ushbu jonivorlar Toshkent hayvonot bog‘iga vaqtincha saqlash uchun topshirildi. Ammo bu jarayonda tashish qoidalariga rioya etilmaganligi sababli yovvoyi qushlarning 2 donasi o‘lib qolganligi ma'lum bo‘ldi.
Xalqaro normalarga ko‘ra, yovvoyi hayvonlarni tashish uchun mo‘ljallangan konteynerlar muayyan talablarga javob berishi lozim. Har bir qafasga jonivorlar 1 donadan joylashtirilishi, ularda oxur, suvdon, dam olish tokchasi, ventilyatsiya teshiklari bo‘lishi lozim. Ammo, fuqaro Y.N.ning ushbu oddiy ammo muhim talablarga rioya qilmaganligi juda qimmatga tushdi.
Achinarlisi shundaki, tashish qoidalariga yetarlicha rioya etilmaganligi yovvoyi bo‘lsa-da, ammo tabiatan nozik bo‘lgan boshqa jonivorlarga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Toshkent hayvonot bog‘i xodimlarining sa'y-harakatlariga qaramay, keyinchalik 7 bosh bengal yovvoyi o‘rmon mushugi bolalari va 2 turdagi 8 dona yovvoyi qushlar ham halok bo‘ldi.
Davlat bojxona qo‘mitasi
Axborot xizmati