O‘zbekiston | 17:47 / 31.05.2018
8766
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari agentligini tashkil etish zaruriyati nega paydo bo‘lgandi?

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng, aholi murojaatlarining tahlili Davlat xizmatlari agentligini tashkil etishga zaruriyat yaratdi, deb ta'kidlaydi agentlik direktori o‘rinbosari No‘mon Muhammadiyev.

30 may kuni mahalliy va xorijiy ekspertlar Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy islohotlar konseptsiyasi ijrosining dastlabki natijalarini muhokama etishdi. Shulardan biri, Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilishi va uning faoliyati bo‘yicha bo‘ldi.

«Qabulxonalarga kelib tushayotgan murojaatlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida rasmiyatchilik, ovoragarchilik, sansalorlik, korrupsiya va boshqa muammolar ko‘pligi yuzaga chiqdi», deydi direktor o‘rinbosari.

Muhammadiyevning aytishicha, davlat xizmatlarini yangi shaklda taqdim etishdan faqat yuridik shaxslar foydalanishi mumkin edi. Bu o‘z navbatida fuqarolarning davlat organlarida hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq turli masalalarni paydo qilib kelgan.

«Ayrim davlat organlaridagi axborot resurslarida ma'lumotlar ombori mavjud bo‘lmagani, ma'lumot almashinuvi idoralararo past darajada integratsiyalashuvi - davlat xizmatlarining tezkorligi va sifatiga salbiy ta'sir qilgan», deydi u.

Shu o‘rinda xizmatlar uchun belgilangan narxlarning qimmatligi, murakkab va byurokratik yo‘ldan rasmiylashtirishgacha bo‘lgan bosqichlar qayta ko‘rib chiqilishi ma'lum qilindi.

Ma'lum qilinishicha, respublika bo‘ylab agentlikning joylardagi markazlarida joriy yilning 1 iyunidan boshlab 60 turdan ortiq xizmatlar faollashtirilgan bo‘lsa, yil so‘ngiga qadar ularning soni 87taga yetishi kutilmoqda. Bosqichma-bosqich bu raqam 2020 yilga kelib, 160tani tashkil etishi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid