Light | 19:26 / 02.06.2018
24847
5 daqiqa o‘qiladi

Yuragi qayerdaligini bilmaydigan talaba (mashhurlar hayotidan)

Dunyo o‘z bag‘rida doim turfa xil insonlarni saqlab kelgan. Ular o‘y-xayollari, yashash tarzlari, hayotga qarashlari va fikrlari bilan o‘zgalardan ajralib turishgan. Buni ularning umr yo‘lida uchragan voqealar ham tasdiqlab turadi.

Foto: Getty Images

“Tushunarli” va “tushunarsiz” buyuklar

Biz Muhammad Yusufni hammaga birdek tushunarli, xalqona ohanglari uchun yaxshi ko‘ramiz. Rauf Parfini esa benihoya go‘zal tashbehlari, noodatiy falsafasi uchun ulug‘laymiz. Aslida, ularning ikkalasi ham buyuk shoir. Biri hammaning mehriga sazovor bo‘lgani uchun, ikkinchisi hammadan boshqacha bo‘lgani uchun.

Manbalarda zikr qilinishicha, Albert Eynshteyn Charli Chaplinning filmlarini sevib tomosha qilar, uning muxlisi ekan. Bir kuni u suyukli aktyoriga shunday noma yuboribdi: “Sizga qoyilman, san'atingiz hammaga tushunarli. Siz kelajakda buyuk odam bo‘lasiz. Eynshteyn”. Oradan ko‘p o‘tmay javob xati keladi: “Men esa Sizga qayta-qayta qoyil qolaman. Sizning nisbiylik nazariyangizni jahonda kamdan-kam odam tushunadi, lekin baribir siz ulug‘ odamsiz. Chaplin”.

*

Foto: Pixabay

Yuragi qayerdaligini bilmaydigan talaba

Yakuniy imtihonlar arafasida talabalar orasida qanday qilib bo‘lsa ham baholarini olish tashvishi oralab qoladi. O‘z vaqtida o‘qib, darslarga to‘liq qatnashgan yoshlarning ko‘ngli to‘q, ammo biroz dangasaroq, qandaydir sabablar tufayli saboqlarga qatnasha olmaganlarning esa holiga voy. “Tushungan” o‘qituvchi uchrasa-ku, bir amallashar, ammo “tushunmaydigan”lari ham bor-da.

Aslida, bu bugunning gapi emas. Necha zamonlardan beri avlodlardan avlodlarga “meros” bo‘lib o‘tmoqda. Qolaversa, bu “tashvish” faqat bizda emas, dunyo talabalari orasida ham bor. Shuning uchun bo‘lsa kerak, haqiqatu to‘qimalar aralash turli-tuman hikoyalar ham davrdan davrga o‘tib boraveradi.

Shunday hikoyalardan biri quyidagicha: Peterburg harbiy-tibbiyot akademiyasida dars bergan taniqli rus shifokori Sergey Petrovich Botkinning oldiga bir talaba kelibdi. U shunday talaba ekanki, ma'ruzalarga ham, amaliy mashg‘ulotlarga ham qatnashmagan. Shu bois o‘qituvchining hech bir savoliga javob bera olmabdi. Shunday qilib, shifokor uchinchi marta baho so‘rab kirgan boyagi talabani quvib solibdi. Birozdan so‘ng uning do‘stlari hovliqib ustozlarining oldiga kelishibdi-da, baho ololmagan kursdoshlari juda xafa bo‘lgani, yuragiga pichoq urmoqchi ekanini aytishibdi.

S. Botkin esa bamaylixotir shunday degan ekan: “Tashvishlanmanglar, do‘stingiz inson tanasining tuzilishini bilmaydi. Shuning uchun u yuragini topolmaydi”.

Foto: RTE

Bir dollarga ham arzimaydigan o‘ylar

Har bir insonning ruhiy dunyosida shunday ichkin o‘ylar bo‘ladiki, uni Yaratgandan o‘zga ilg‘ay olmaydi. Ayniqsa, yozuvchi-shoirlar, ixtirochi olimlar, umuman, yangilik yaratishga iste'dodi bor odamlar doimiy xayollar qurshovida bo‘lishadi. Ammo, shunisi qiziqki, ularning hech qaysisi “podadan oldin chang chiqarish”ni, ya'ni o‘ylab turganlarini kimgadir aytishni xohlashmaydi. Bu haqda bir qancha tarixiy hikoyalar ham bor.

Naql qilinishicha, taniqli dramaturg Bernard Shou bir tadbirda o‘z xayollari bilan band bo‘lib o‘tirsa, puldor moliyachilardan biri unga so‘z qotibdi: “Sizning nima haqda o‘ylayotganingizni bilish uchun men bir dollar to‘lashga roziman”. Shunda fasohat sohibi bo‘lgan Shou “Ey do‘stim, mening o‘ylarim bir dollarga arzimaydi”, degan ekan. Shu javobdan keyin ham xulosa chiqara olmagan boyagi odam baribir uning nima haqda o‘ylayotganiga qiziqaveribdi. Shunda dramaturg “Siz haqingizda o‘ylab turuvdim”, deb javob bergan ekan.

Mavzuga oid