Light | 16:17 / 07.06.2018
38100
13 daqiqa o‘qiladi

Hayotni yaxshilik sari o‘zgartirish va har bir kundan lazzatlanishning 3 usuli

Foto: Pixabay

1-usul. O‘zingizni anglang

Yodda tuting: hayot bu – yo‘l, bo‘lishingiz oldindan belgilab qo‘yilgan punkt emas.

Siyqasi chiqqan, biroq dolzarb fikr. To‘laqonli hayot kechirish – har bir kunni his etish, yangi narsalarni o‘rganish, bir narsa yo‘lida qolganlarini qurbon qilmaslik. Boshlanishida siz o‘ylagandek bo‘lmasa, tushkunlikka tushmang. Bu normal holat.

O‘zingiz va atrofdagilarga nisbatan haqgo‘y bo‘ling

Yolg‘on quvvatni “so‘rib oladi” va odamni baxtsiz qiladi. Tasavvur qilib ko‘ring-a, aldayotgan vaqtingizda kutilmaganda og‘zingizdan chiqib ketmasligi uchun qancha narsani esda tutish kerak. Bu yerda hech qanday baxt bo‘lishi mumkin emas. Bundan tashqari, agar o‘zingizga nisbatan haqgo‘y bo‘lmasangiz, rivojlana olmaysiz. Atrofdagilarni aldasangiz, munosabatlarda ishonch va yaqinlik yo‘qoladi.

Odamlar turli sabablar tufayli yolg‘on gapirishadi. Ko‘rolmaslik, xafa qilib qo‘ymaslik, oshkora bo‘lishdan qo‘rqish yoki mojaro yuzaga kelishidan xavfsirash kabilar shular jumlasidan. Rostgo‘y bo‘lish murakkab, biroq aynan shu yo‘l bilan to‘laqonli hayot kechirish mumkin.

O‘zingizni qabul qilishni o‘rganing

Ko‘pincha o‘tmishdagi muvaffaqiyatsizliklarni esga olib, o‘zimizdagi salbiy jihatlar haqida o‘ylashga juda ko‘p vaqt sarflaymiz. Qaysi xislatimiz yoqmasligi, uni qanday qilib o‘zgartirish haqida o‘ylab, boshqa insonga aylanishimiz kerak deb hisoblaymiz. Hayotni bu kabi o‘tmishdagi o‘ylarga sarflash – hozirgi kunni his etmaslik va kelajakdagi yangi narsalarga “yopiq” bo‘lishni anglatadi. O‘zingizni boringizcha sevishdek ongli qarorni qabul qiling. Xotiralar va salbiy fikrlarning og‘ir yukidan xalos bo‘ling.

Qadriyatlaringizni aniqlang

Qadriyatlar belgilab olingach, qarshi chiqish imkonsiz bo‘lgan hayotiy maqsadlarni aniqlash osonroq bo‘ladi. O‘z fikrlaringizga sodiq bo‘ling va o‘zgalar yo‘lingizdan adashtirishiga yo‘l qo‘ymang. Axir shaxsiy tamoyillarga muvofiq yashash doimiy ravishda o‘zgalarning maslahatlariga amal qilishdan ko‘ra yoqimliroq.

O‘zingizni tanqid qilishni bas qiling

O‘z-o‘zini tanqid qilish rivojlanishga yordam beradi degan fikr mavjud. Biroq

o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bu yondashuv odam va uning atrofdagilar bilan munosabatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. O‘zingizga qanchalik qattiqqo‘l bo‘lsangiz, atrofdagilarning ham sizga aynan shunday munosabatda bo‘lishlari ehtimoli katta. Inson qadr-qimmatini kamsitish uni yaxshiroq bo‘lishi va maqsadlarga erishishida yordam bermaydi. O‘zingizga ijobiy munosabatda bo‘ling.

Salbiy fikrlarni ijobiylariga almashtiring. Masalan, “Men omadsizman” o‘rniga o‘zingizga “Hammasi rejadagidek bo‘lmadi. Biroq nima uchun shunday bo‘lganligiga oydinlik kiritaman va kelajakda bunday xatolarga yo‘l qo‘ymayman. Men istagan narsamga boshqa usul bilan erishish yo‘lini topaman” deb ayting.

Shaxsiy tanqidni mantiqiy jihatdan tahlil qiling. “Men ahmoqman, guruhdagi barcha mendan aqlli” o‘rniga bunday deb o‘ylashga obektiv asoslar bor-yo‘qligini o‘ylab ko‘ring. Balki mashg‘ulotlarga yaxshi tayyorlanmayotgandirsiz. Balki hammasiga aql emas, dangasalik sababchidir. Fikrlarni shu taxlit o‘ylash orqali siz o‘zingizni kamsitmagan holda qanday qadamlarni amalga oshirishni tushunasiz.

Moslashuvchan bo‘ling

Hayot o‘zgarishlarga liq to‘la. Bu sizga yoqmasa-da, yangi narsalarga ochiq bo‘ling va o‘zgarishlarga moslashishni o‘rganing. Ularni yangi tajribaga ega bo‘lish imkoniyati sifatida qabul qiling. Bunday ijobiy mulohaza moslashuvchanlikni rivojlantirishga yordam beradi.

“Apple”dan ketish – men bilan sodir bo‘lgan yaxshi voqealardan. Muvaffaqiyatning og‘ir yuki faoliyatini endi boshlayotgan, ishonchi kamroq tadbirkorning “tashvishsizligi”ga aylandi. Hayotimning eng serhosil davriga qadam qo‘yish uchun ozod bo‘ldim.

Stiv Djobs, amerikalik tadbirkor, “Apple” ijrochi direktori

Doimo “forma”da bo‘ling

Tanangiz haqida g‘amxo‘rlik qilish – to‘laqonli hayot yo‘lidagi yana bir qadam. U sizda bor-yo‘g‘i bitta, uning sog‘lom ekaniga ishonch xosil qilishingiz muhim. Tananing biror qismi og‘rib tursa, to‘laqonli hayot bilan yashash murakkab.

To‘g‘ri ovqatlaning. Iloji boricha ko‘proq meva, sabzavot, murakkab uglevodlarni iste'mol qiling. Tarkibida qand miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlardan cheklanishga harakat qiling, biroq vaqti-vaqti bilan o‘zingizni pirog bo‘lagi bilan siylang.

Sport bilan shug‘ullaning. Doimiy ravishda bajarilgan jismoniy mashqlar o‘zingizni sog‘lom va baxtli his etishga yordam beradi.

O‘zingizni majburlashni bas qiling

Odamlar ko‘pincha o‘zlarini qadriyat va istaklariga mos kelmaydigan ishlarni bajarishga majburlashadi. Majburlash tushkunlik, hafsalaning pir bo‘lishi va g‘azab tuyg‘ularini uyg‘otadi. Agar undan xalos bo‘linsa, to‘laqonli hayot bilan yashash osonlashadi.

O‘y-xayollaringiz orasida “men majburman” paydo bo‘lishi bilan nima uchun ana shunday fikrda ekaningizni o‘ylab ko‘ring. Bu shifokor maslahati yoki boshqa odamning go‘zallikni o‘zgacha tushunishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Birinchi holatda o‘zgarish haqiqatan ham kerak, ikkinchi holatda esa hatto xavfli bo‘lishi ham mumkin. O‘zgalar talab qilgan narsalarni emas, o‘zingiz uchun muhim bo‘lganlarini amalga oshiring.

Foto: Pixabay

2-usul. O‘z yo‘lingizda davom eting

Qulaylik zonasini tark eting

O‘zingiz uchun odatiy bo‘lmagan harakatlarni qanchalik ko‘p bajarsangiz, natijadorligingiz shunchalik ortadi. O‘z oldingizga murakkabroq vazifalarni qo‘ysangiz, yangi narsalarga tezroq moslashasiz va hayot murakkabliklarini sokinlik bilan qabul qilasiz. Qulaylik zonasidan chiqish moslashuvchan bo‘lishga yordam beradi. Bu muhim ekaniga yuqorida oydinlik kiritdik.

Kichik narsalardan boshlang. O‘zingiz bilmagan muassasaga borib ko‘ring. Kutilmagan sayohatga otlaning va avval shug‘ullanmagan ishingizni bajarib ko‘ring.

Realist bo‘ling

Ko‘nikma va qobiliyatlaringizdan kelib chiqib maqsadlar qo‘ying. O‘zgalar bilan musobaqa o‘ynash uchun emas, o‘zingiz uchun muhim narsalarga intiling.

Ba'zi narsalar siz kutmaganingizdek bo‘lishiga tayyor bo‘ling

To‘laqonli hayot bilan yashayotgan odam tavakkalchilikka yo‘l qo‘yadi. U natijalarga ega bo‘lgan qarorlar qabul qiladi. Ba'zida ular kutilganidek bo‘lmasligi mumkin. Hayotni oldindan bashorat qilib bo‘lmasligini tushunish va unga sokinlik bilan munosabatda bo‘lish muhim. Barcha narsaga tayyor bo‘lish ko‘nikmasi bir qadam oldinda bo‘lish va hodisalarning turli variantlarini oldindan hisoblab ko‘rish imkoniyatini beradi.

O‘qib-o‘rganish imkoniyatini izlang

Bir joyda o‘tirmang va hayot bir maromda o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymang. Faol bo‘ling, yangi narsalarni o‘rganing, miyani ishlashga majburlang. Olingan tajriba va o‘zgalar tajribasini tahlil qiling. Bu murakkab vaziyatlarda xotirjam bo‘lish  va oldinga ishonch bilan harakat qilishga yordam beradi. 

Minnatdor bo‘lishni biling

Minnatdorlik bu oddiy tuyg‘u emas, hayot tarzidir. O‘tmish zarbalariga og‘riq sifatida emas, qimmatli tajriba sifatida qarab, ular uchun minnatdor bo‘linsa, o‘tmish zarbalarini yengishga yordam beradi. U yaqinlar bilan munosabatlarni mustahkamlaydi, ularsiz esa to‘laqonli hayot kechirish o‘ta murakkab.

Qarindosh, do‘st va boshqa muhim odamlarga ular mavjud ekanidan naqadar xursandligingizni ayting. Minnatdorchilik bilan bo‘lishing, uni ifoda etishdan qo‘rqmang va hayotingiz zavq va muvozanatga to‘ladi.

Har bir onni qadrlang va yomon narsalarga diqqatingizni qaratmang. Kundalik hayot go‘zalliklariga ham ijobiy baho bering. Kichik narsalar uchun ham minnatdor bo‘ling: quyoshning chiroyli botishi, yaxshi ob-havo va mazali qahva.

Kichik narsalardagi yoqimli jihatlarni ko‘proq sezsangiz, hayot yanada yaxshilanadi.

Kundalik yuriting

O‘tgan voqelarni yozib qo‘yish bilan cheklanmasdan, ularni tahlil qiling. Siz qanday munosabatda bo‘ldingiz, nima uchun sodir bo‘ldi, o‘shanda va hozir nimani his qilyapsiz, bunday vaziyat takrorlansa, qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz va h.k. Bularning bari hayot yaxshi ketayotgani, yana nimalar ustida ishlash kerakligini ko‘rsatadi.

Tabassum qiling

Tabassum – eng yaxshi dori. U zo‘riqish gormoni darajasini pasaytirib, kayfiyatni ko‘taradi. Bundan tashqari u yuqumli. Siz kulsangiz, u boshqalarga yuqadi. Bu hissiy va ijtimoiy aloqalarni yaratishning eng oddiy usuli.

Moddiy narsalar ortidan quvmang

Narsalar ko‘pligidan baxtliroq bo‘lib qolmaysiz. Xaridlarni shoshilinchda amalga oshirmang. Shoping yordamida zo‘riqishdan xalos bo‘lishga intilmang. Kerakli narsalarnigina sotib oling.

Foydali bo‘lmagan buyumlar to‘planib qolgan bo‘lsa, ularni xayriya sifatida taqdim eting. O‘zingizga yoqmagan narsalardan xalos bo‘ling va moddiy qadriyatlardan ozod bo‘lgan hayotda yashang.

Foto: Pixabay

3-usul. Muloqot qiling

Atrofingizni ko‘zdan kechiring

Odam atrofdagilarning tuyg‘ularini shamollash kabi yuqtirib oladi. Agar kuningizni baxtiyor kishilar bilan o‘tkazsangiz, o‘zingizni yaxshiroq his etasiz. Agar hayotdan noliydiganlar bilan muloqot qilsangiz, bu sizning kayfiyatingizga ham ta'sir o‘tkazadi. Faqat salbiy. Shuning uchun zararli odamlarga vaqt ketkazmaslik muhim.

Ehtiyojlaringizni muhokama qiling

Fikrlaringiz va ehtiyojlaringizni ishonch bilan ifoda eting. Biroq yodingizda bo‘lsin, atrofdagilarda ham aytilishi kerak bo‘lgan istaklar mavjud. Ochiq va haqgo‘y bo‘ling, odamlarni ayblab, muhokama qilmang.

O‘zingiz va atrofdagilarni kechiring

Qiyin, biroq qalb uchun foydali. Kechirsangiz, zo‘riqishdan xalos bo‘lasiz, yig‘ilib qolgan salbiy hissiyotlarni “qo‘yib yuborasiz” va yengillikni his etasiz. Odamlarning xulq-atvoriga qaramay, ularni kechirishni o‘rganing. Bu qalbdagi yaralarning bitishiga yordam beradi.

Odamlarni borligicha qabul qiling

Sizga o‘xshamagan odam bilan muloqot qilish murakkab bo‘ladi. Biroq uni o‘zingizga moslashtirishga harakat qilmang. Yodingizda bo‘lsin, har bir odam - betakror shaxs bo‘lib, sizga nimanidir o‘rgatishi mumkin. Har qanday jamoada ham muloyim bo‘ling. O‘zgalar bilan vaqt o‘tkazishdan zavq oling. Atrofdagilar sizga qanday munosabatda bo‘lishlarini istasangiz, ularga ham aynan shunday bo‘ling.

Mavzuga oid