O‘zbekiston | 17:36 / 07.06.2018
10948
5 daqiqa o‘qiladi

Ruhiy holati buzilgan shaxslar kuzatuv tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma tasdiqlanishi mumkin

Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “Ruhiy holati buzilgan shaxslarning hisobi va dinamik kuzatuv tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, dispanser kuzatuvi davolash-profilaktika muassasalarining uchastka shifokor psixiatrlari tomonidan olib boriladi.

Dispanser kuzatuvi og‘ir barqaror yoki tez-tez zo‘rayib turuvchi dardchillik ko‘rinishlari bo‘lgan surunkali va uzoq cho‘ziladigan ruhiy holatning buzilishiga chalingan shaxsning, shuningdek uning qonuniy vakilining roziligidan qat'i nazar o‘rnatilishi mumkin.

Dispanser kuzatuvi ruhiy buzilishning umumlashgan quyidagi belgilarga mos keluvchi shaxslarga nisbatan belgilanadi:

ruhiy buzilish surunkali yoki davomiy bo‘lishi zarur;
kasallikning alomatlari og‘ir bo‘lishi zarur;
kasallikning og‘ir alomatlari turg‘un yoki tez-tez qaytalanadigan bo‘lishi zarur.

Bemor nazoratini belgilash uchun yuqorida ko‘rsatilgan barcha belgilarning mavjudligi asos bo‘ladi. Biror bir belgining mavjud emasligi yoki uning boriga shubha tug‘ilgan paytda dispanser nazoratini belgilash masalasini qoldirish lozim, ushbu belgilar ulardan biri, yoki bir nechtasi bo‘lmagan taqdirda psixiatr yordami maslahat berish-davolash muolajasi ko‘rinishida amalga oshiriladi.

Dispanser hisobi va kuzatuvini o‘rnatish hamda uni to‘xtatish to‘g‘risidagi masalaga doir qaror, ambulatoriya psixiatriya yordamini ko‘rsatayotgan psixiatriya muassasasining ma'muriyati tayinlaydigan shifokor psixiatrlar komissiyasi yoki sog‘liqni saqlash organi tayinlaydigan shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

Agar davolash-profilaktika muassasasi xizmat ko‘rsatadigan hududda psixiatriya yordami bitta shifokor psixiatr tomonidan ko‘rsatilsa, bunday qarorni u mustaqil ravishda uch oydan oshmagan muddatga qabul qiladi. Shu muddat ichida masala ixtisoslashtirilgan psixiatriya muassasalari shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Shifokor psixiatrlar komissiyasiga, dispanser hisobi va kuzatuvini o‘rnatish hamda uni to‘xtatish to‘g‘risidagi masalaga doir qaror qabul qilish uchun bemorlarni kelishini ta'minlash hamda hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim qilish hududiy uchastka shifokor psixiatrlari tomonidan ta'minlanadi.

Dispanser nazorati belgilanishi zarurligi masalasi ko‘riladigan shaxsning tekshiruvdan yaqqol bosh tortadigan vaziyatlarda qaror, tibbiy hujjatlarga (birlamchi psixiatrik tekshiruv natijalari haqida yozuvlar, bemorning tibbiy ambulator kartasi, psixiatrik statsionarning kasallik tarixi varaqasidan ko‘chirma) qarab sirtdan qabul qilinishi mumkin.

Murakkab va bahsli holatlarda dispanser hisobi va kuzatuvini o‘rnatish zarurligi hamda uni to‘xtatish to‘g‘risidagi masalaga doir qaror yuqori turuvchi tibbiyot muassasasi qoshidagi psixiatriya bo‘yicha davolash-maslahat kengashi yoki O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi psixiatriya bo‘yicha davolash-maslahat kengashi tomonidan qabul qilinadi.

Shifokor psixiatrlar komissiyasining asoslantirilgan qarori tibbiy hujjatlarga yozib qo‘yilgan holda rasmiylashtiriladi.

Dinamik dispanser kuzatuvi tayinlangan xar bir bemorga o‘rnatilgan tartibda ilovaga muvofiq 030-1-x/sh shakldagi dispanser hisobi va kuzatuv nazorat kartasi ochiladi va yuritiladi.

Dispanser hisobi va kuzatuvi quyidagi holatlarda to‘xtatiladi:

shaxs sog‘ayib ketganda;
uning ruhiy holati ancha va barqaror (3 yildan kam bo‘lmagan muddatga) yaxshilanganda;
bemor dispanser kuzatuvini olib borayotgan muassasa xizmat hududidan tashqariga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganda;
bir yildan ortiq muddatda bemor kuzatuvini davom ettirishni iloji bo‘lmaganda;
bemorning o‘limi qayd etilganda.

Dispanser hisobi va kuzatuvi to‘xtatilganidan keyin ambulatoriya psixiatriya yordami shaxsning yoki uning qonuniy vakilining iltimosiga ko‘ra yoki roziligi bilan maslahat berish-davolash muolajasi tarzida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Ruhiy holati o‘zgargan taqdirda, ruhiy holati buzilgan shaxs o‘zining yoki qonuniy vakilining roziligisiz, o‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin. Dispanser kuzatuvi, bunday hollarda, shifokor psixiatrlar komissiyasining qaroriga binoan tiklanishi mumkin.

Mavzuga oid