Jamiyat | 11:00 / 09.06.2018
24582
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatchilar qo‘shimcha ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 6.06.2018 yildagi 424-son “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Muddatli xizmatdan keyin – tadbirkorlikka
 
Norma’ning yozishicha, kamida olti oy xizmat qilgan muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilariga tadbirkorlik faoliyati uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va kreditlar berish tartibini tushuntirish bo‘yicha seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Eng o‘rnak ko‘rsatganlarga imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirishga sertifikatlar beriladi.
 
Mudofaa vazirligining jangovar qismlari va jangovar ta'minot bo‘linmalarining ofitserlariga hamda serjantlar va oddiy askarlar tarkibining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilariga byudjyet yengil avtomobillari sotib olish uchun quyidagi shartlarda imtiyozli kreditlar ajratiladi:

• kredit muddati - 3 oylik imtiyozli davr bilan 10 yil;
• dastlabki badal - sotib olinadigan avtotransport vositasi qiymatining 15%i;
• foiz stavkasi - kredit berilgan sanada yiliga 7%.
 
Har bir harbiy qismdan jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlikda eng o‘rnak ko‘rsatgan 10 nafargacha kishi bunday tarzda qo‘llab-quvvatlanishi mumkin.
 
Ofitserlar hamda serjantlar va oddiy askarlar tarkibining boshqa xohlovchi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilariga banklarning kreditlari hisobiga mamlakatda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar sotib olishda ko‘maklashiladi.
 
Tanlab olish mezonlari
 
Harbiy xizmatchilarni ularga kreditlarning tegishli turlarini rasmiylashtirish uchun taqdimnomalar berish uchun tanlab olish mezonlari yaqin vaqtda Mudofaa vazirligi tomonidan  ishlab chiqiladi.
 
Hujjat 7.06.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid