O‘zbekiston | 16:49 / 10.06.2018
20681
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston iqtisodiyoti rivoji yo‘lidagi to‘siqlar - yangi farmon loyihasida 

Iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, shu bilan birga biznesni rag‘batlantirish O‘zbekiston uchun ustuvor ahamiyatga ega. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan prezident farmonida shu haqida so‘z yuritiladi. 

Hujjatda yuqoridagi maqsadlarga erishish uchun xususiy mulkni muhofaza qilish va daxlsizlik kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, byurokratiyaga chek qo‘yish, sarmoyaviy iqlim va ishchi muhitni yaxshilash zarurligi qayd etilgan. 

"Biznesni rag‘batlantirish va rivojlantirish, shuningdek xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir  davlat choralari qabul qilinganiga qaramay, tadbirkorlik to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilik bazasi takomillashuvni talab qiladi, zero ularning ba'zilari hanuz rasmiy xarakterga ega", - deyiladi farmon loyihasida.

Vazirlik qonun loyihasida keltirilishicha, qonunchilikdagi kamchiliklar istiqbolli venchur, innovatsion kompaniyalar va loyihalarni moliyalashtirish bilan bog‘liq tushunchalar va mezonlarning yo‘qligida aks etmoqda. Hujjatda tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini samarali rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan qator salbiy omillar keltiriladi. 

Ekspertlarning fikricha, eng avvalo sarmoyachilar va ishbilarmonlar o‘rtasidagi munosabatlarda yetarlicha erkinlikning yo‘qligi, shuningdek sarmoyaviy faoliyatning professional ishtirokchilari ustidan o‘rnatilgan qat'iy nazorat mahalliy biznes va iqtisodiyot rivojiga to‘sqinlik qiladi. 

Shundan so‘ng xalqaro amaliyotda qo‘llaniluvchi innovatsion, venchur va istiqbolli loyihalarga pul vositalarini moslashuvchan sarmoya qilish imkonini beruvchi moliyaviy jihozlarning yetishmovchiligi qayd etilgan. 

Mamlakatda shuningdek shartnoma asosida tijorat kelishuvlarini imzolash va shart-sharoitlarni mustaqil ravishda belgilash imkonini beruvchi rivojlangan infratuzilma yo‘q.

Bundan tashqari, hujjatda huquqni muhofaza qilish va intellektual mulk himoyasi sohasidagi amaldagi qonunchilik bazasi umume'tirof etilgan jahon standartlariga muvofiq kelmasligi ta'kidlangan. 

Mavzuga oid