Jamiyat | 03:23 / 12.06.2018
96138
3 daqiqa o‘qiladi

Hayitni bayram qilishni qachon o‘rganamiz?..

Islomshunos olim Nuriymon Abulhasan hayit bayramini nishonlash, umuman, shar'iy marosim va tadbirlarni o‘tkazish borasida yo‘l qo‘yilayotgan xatolar, keraksiz amallar haqida so‘z yuritdi.

“Odamlarimiz hozir kitob o‘qib emas, kimdandir eshitib o‘rganayotgani ularni zalolatga va jaholatga yetaklayotganini biz anglab olishimiz kerak. Bugungi kunda butun dunyo Ramazon hayitini ko‘tarinki ruhda, shukuh bilan va bayramona kayfiyatda kutib olish arafasida turgan bir kezda, Imom Buxoriy yurtida esa mana shu bayramni juda ham ko‘plab musulmonlarimiz aza ruhida, motam ruhida kutib olishga shay turishibdi. 

O‘zbekiston Respublikasi hududida mana shu Hayit bayramida aza tutish va shu bilan birgalikda motamsaro xonadonlarda odamlarni kutib olish qayerdan paydo bo‘ldi? Sovet ittifoqi davrida dinni tahqirlash kampaniyasi boshlangan edi. Bu shu darajaga borib yetdiki, musulmonlarimizni eng muqaddas kun – Hayit bayramini bizga aza sifatida taqdim etdi. Biz o‘sha kunlari bir-birimizning xonadonlarimizga borib, hayit bilan tabriklab, bolalarimizga sovg‘alar ulashib, ota-onamizni ziyorat qilib, bu kunni bayram qilib o‘tkazish o‘rniga, o‘sha kunlari aza tutdik.

Hech qaysi musulmon o‘z yaqinining janozasida, shu bilan birga, o‘sha janoza o‘tgandan keyin shariatda ko‘rsatilgan uch kunlik “Fotiha kunlari”da ta'ziya bildira olmagan kunlar bo‘lgan edi. Sovet ittifoqi bu narsaga yo‘l qo‘ymagan. 

Islomshunos olim Nuriymon Abulhasan

O‘z boshimdan o‘tgan voqeani eslab o‘tmoqchiman. Dadamiz yig‘lab turib aytgan edilarki: “Bolalarim! Bu yerda onamdan judo bo‘layapman, ikkinchi tomondan sizlarning kelajaklaringni o‘ylagan holda mana shu janozaga qatnasha olmadim”. Biz bu gaplarni xali-hanuz eslaymiz. 

Bizda hozir hayitlik deganda azadorlik tushunchasi paydo bo‘lib qolgan. Islom har bir insonni “dorul baqo”ga rixlat qilgandan keyingi holatini aniq va tiniq aytib ketgan. Uch kun aza tutiladi va agarda kim to‘rtinchi kun o‘sha musibatxonaning yarasini yangilasa, gunohkor bo‘ladi.

Mavzuga oid