Jamiyat | 23:46 / 14.06.2018
51818
3 daqiqa o‘qiladi

Kabel TV tarmoqlaridan JCh-2018 translyatsiyalari o‘chirildi. Nega?

Foto: KUN.UZ

Kabelli televideniye tarmoqlarida namoyish etiluvchi Rossiya telekanallarida JCh-2018 translyatsiyasi o‘chirib qo‘yilganligi O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida juda katta norozilik keltirib chiqarmoqda.

Ijtimoy tarmoqlarda norozi mazmunda o‘z fikrlarini bildirayotgan rusiyzabon aholining asosiy e'tirozlari — Mundial translyatsiyasini O‘zbekistonda ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritgan “O‘zReport TV”da translyatsiya sifati past ekanligi, Rossiya telekanallari orqali barcha Full HD formatda jahon chempionati translyatsiyasini kutganligi, boz ustiga, “O‘zReport TV” sharhlovchilari muxlislarning talabiga javob bermasligidan iborat.

Biroq, shuni unutmaslik kerakki, “O‘zReport TV” Mundial jonli translyatsiyasini O‘zbekistonda namoyish etish huquqini xarid qila turib, xarajatlarini reklamadan chiqarib olishni mo‘ljallagan. Agar boshqa telekanallar ham bemalol namoyish etaversa, telekanal xarajatlarini qanday qoplaydi?

Boz ustiga, o‘sha aytilayotgan Rossiya telekanallari ham translyatsiyani faqat Rossiya Federatsiyasi hududida amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolagan. MDH davlatlari hududida emas.

O‘zbekiston hududida turli kanallar translyatsiya qilishi mumkin bo‘lganida MTRK va jumladan Sport TV ham translyatsiya huquqini sotib olgan, JCh-2018 uchrashuvlari parallel ravishda UzHD kanali orqali yuqori sifatda namoyish etilgan bo‘lmasmidi?!

Yodingizda bo‘lsa, Rossiyaning «Perviy kanal-SNG» degan MDH davlatlari uchun mo‘ljallangan alohida kanali bor. Bu kanalda asosiy kanaldagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyalar amalga oshirilmaydi, ayrim lisenzion filmlar namoyish etilmaydi.

Yoki Sports.ru internet-saytini oling. U yerdagi ayrim videolavhalarni O‘zbekiston hududidan turib ochmoqchi bo‘lsangiz — «videokontent sizning mamlakatingiz hududi uchun xarid qilinmagan», degan yozuvga duch kelasiz.

Bu holatda ham aynan shunday vaziyat yuz bermoqda. Kim translyatsiya huquqini xarid qilgan bo‘lsa, o‘sha daromad ko‘rish uchun o‘z huquqlarini mamlakat hududida himoya qilishga haqli. Qonunlarimiz shuni taqozo etadi. Bunga bo‘ysunmagan ayrim kabelli kanallar esa qonunchilik me'yorlarini buzgan hisoblanishadi va “O‘zReport TV” bemalol ularni sudga berishi mumkin.

Mavzuga oid