O‘zbekiston | 09:18 / 15.06.2018
5772
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijda yashovchi vatandoshlar bilan hamkorlik bo‘yicha davlat siyosati konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi

Foto: Sputnik

Xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan muloqotni va samarali hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan, deb xabar qilmoqda TIV axborot xizmati.

Ushbu sohada davlat siyosatini takomillashtirish topshirig‘i 2017-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirish Davlat dasturiga kiritilgan.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatning boshqa vazirliklari va idoralari bilan birgalikda «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Kontseptsiyasi» loyihasi ishlab chiqildi.

Hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portalida (www.regulation.gov.uz) jamoatchilik ko‘rib chiqishi uchun joylashtirildi.

Barcha qiziqishi bo‘lgan shaxslar Kontseptsiya loyihasi bilan tanishishi va hujjat yuzasidan o‘z fikr hamda takliflarini izhor etishi mumkin.

Mavzuga oid