Jamiyat | 15:00 / 16.06.2018
19593
2 daqiqa o‘qiladi

Blogerlar chempionati yakunlandi. Eng yaxshi bloger 15 mln so‘m oldi

O‘zbekiston blogerlari chempionati yakuniga yetdi. Toshkentda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan qator milliy va xorijiy hamkorlar bilan tashkil etilgan va shu yilning 12 aprelida boshlangan blogerlar chempionati g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi, deb yozadi “Narodnoye slovo”.

Foto: Xalq so‘zi /X. Paydoyev 

387 nafar ishtirokchi qatnashgan ushbu “turnir”da jami qariyb 500 ga yaqin ijodiy ishlar ko‘rib chiqildi. Xususan, 3 — 10 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan final bosqichiga 21 ijodiy ish kelib tushgan. 

Joriy tanlovda ishtirokchilarni baholashning yangi tizimi qo‘llanildi. Ya'ni oldingi chempionatlarda umumiy miqdorda ko‘p ovoz olgan blogpost muallifi g‘olib chiqqan bo‘lsa, bu gal ijodiy ishlar tarkibidan turli sohalar vakillari, tajribali blogerlar va hatto Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati o‘rin olgan maxsus hakamlar hay'ati tomonidan o‘ta jiddiylik bilan baholab borildi. 

Yakunda bloger Shahnoza To‘raxo‘jayeva “Bizga turli ittifoqlar kerak” blogposti bilan birinchi o‘rinni (15 mln so‘m), blogerlar Xushnudbek Xudoyberdiyev “Mehnatning tagi mehnat. Rohat qachon?”, Muzaffar Qosimov “Ortda qolib bo‘lmaydigan poyga” maqolalari bilan ikkinchi o‘rinni (8 mln so‘mdan) egalladi. Yana to‘rt nafar blogerning ijodiy ishi uchinchi pog‘onaga munosib ko‘rildi (5 mln so‘mdan).

Bundan tashqari, turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Nominatsiyalar g‘oliblari homiylar tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

 

Mavzuga oid