Jahon | 19:08 / 17.06.2018
6378
2 daqiqa o‘qiladi

Ekzyuperining xatidagi rasm 240,5 ming yevroga sotildi

Fransiyalik yozuvchi Antuan de Sent-Ekzyuperining yosh ayolga yozgan maktubidagi rasm kimoshdi savdosida 240,5 ming yevroga sotildi. Fransiyadagi Artcurial kimoshdi savdosi uyining Twitter'ida shu haqida xabar berildi. 

Manbaga ko‘ra, Ekzyuperining "Kichik shahzoda" ertagidagi shu nomli personaji rasmi akvarelda ishlangan bo‘lib, unda 1943 yilning apreli - 1944 yilning may sanasi qayd etilgan.

Associated Press agentligida ta'kidlanishicha, rasm ishq izhori bitilgan maktubga tushirilgan bo‘lib, unda sayyora ustidagi stolda o‘tirib, uzun qog‘ozga yozayotgan Kichik shahzoda tasviri aks etgan. Ushbu maktub 11 varaqdan iborat ekani qayd etilgan. 

Ba'zi tarixchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu Ekzyuperining samolyoti 1944 yilda harbiy operatsiya vaqtida yo‘qolishidan avval bitilgan oxirgi xati bo‘lgan. 

Kimoshdi savdosi doirasida shu kunga qadar Antuan de Sent-Ekzyuperining 49 ta ishi sotilgan. 

Mavzuga oid