Jamiyat | 18:26 / 18.06.2018
29832
4 daqiqa o‘qiladi

Bojxona tizimida ishga qabul qilish boshlandi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Toshkent moliya institutini joriy yilda tugallayotgan bitiruvchilar uchun yaqinda mazkur oliygohda navbatdagi uchrashuv tashkil qilindi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati

Tadbir avvalida yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5414-son Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3665-son qarorlarining  mazmun-mohiyati haqida batafsil axborotlar berildi.

Foto: Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati

Xo‘sh, endilikda bojxona tizimiga kimlar qabul qilinadi? Yoshlarni qiziqtirgan bu savolga uchrashuvda alohida javoblar berildi.

Demak, endilikda yoshi 30 dan oshmagan, oliy ma'lumotli (iqtisodiy, moliyaviy, yuridik, buxgalteriya, bank, bojxona ishi, xalqaro munosabatlar, axborot texnologiyalari,  xorijiy tillar), jismonan sog‘lom, teran dunyoqarashli, O‘zbekiston va jahon tarixi, adabiyotini, jahon geografiyasini biladigan, dunyodagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlardan boxabar, xarakter jihatdan bosiq, yuksak axloq, odob va muomala madaniyatini o‘ziga singdira olgan, harbiy xizmatni o‘tagan (harbiy kafedra, muddatli yoki safarbarlik chaqiruv rezervi), harbiy xizmatga ruhan va jismonan tayyor, respublikaning har qanday chegara hududlarida xizmatni davom ettirish shartiga tayyor, bojxona xodimi degan nomga dog‘ tushirmaydigan, xizmatni vijdonan va halol olib boradigan yoshlar qabul qilinadi.

Foto: Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati

Buning uchun ularning bo‘yiga ham talablar qo‘yiladi. Masalan, yigitlar uchun bo‘y 165 smdan, qiz bolalar uchun esa 160 sm.dan past bo‘lmasligi lozim.

Shuningdek, chet tillaridan birini biladigan (asosan ingliz va rus), texnik vositalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana oladigan hamda davlat idoralari, vazirlik va tashkilotlarda faoliyat olib borayotganlar qo‘llab-quvvatlanishi ta'kidlab o‘tildi.

Foto: Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati

Nomzodlar  dunyoqarashi, egallagan mutaxassisligi bo‘yicha bilim saviyasini baholash bo‘yicha kollegial suhbat, diktant, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinov, harbiy-tibbiy ko‘rik tanlov bosqichlaridan o‘tkaziladi.

Mazkur talablarga javob beradigan va bojxona organlari xizmatiga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyi bo‘yicha har kuni soat 9.00 dan 18.00 ga qadar Davlat bojxona qo‘mitasining barcha hududiy boshqarmalarining Kadrlar bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.

Buning uchun nomzodning yonida pasport, diplom va harbiy guvohnomalarining asli bo‘lishi shart.

Nomzodlar istiqomat qilayotgan hududdagi bojxona organlari manzili va telefon raqamlarini Davlat bojxona qo‘mitasining internetdagi www.bojxona.uz saytidan olishlari mumkin.

Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar esa 120-76-76 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan ma'lumot olishlari mumkin.

Mavzuga oid