Sport | 01:02 / 18.06.2018
14354
2 daqiqa o‘qiladi

Nemis muxlisi JCh-2018 o‘yinlarini tomosha qilish uchun Rossiyaga o‘z traktorida keldi

Foto: TASS

Germaniyalik keksa futbol muxlisi Gurbert Virt Rossiyada o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionati uchrashuvlarini tomosha qilish uchun o‘z traktorini minib keldi va mahalliy jurnalistlarga Rossiya yo‘llari sifatidan qoniqqanini aytib o‘tdi, deb yozadi TASS.

Virt Forghaymdan Moskvagacha bo‘lgan 2,5 ming kilometr yo‘lni bosib o‘tgan. U minib kelgan traktor 1936 yilda ishlab chiqarilgan. Yakshanba kuni Moskva shahri sport va turizm departamenti rahbari Nikolay Gulyayev Virtga Germaniya-Meksika o‘yini chiptasini topshirdi.

«Rossiya yo‘llari bilan bog‘liq birorta muammo yuzaga kelmadi. Ularning sifati nemislarnikidan qolishmaydi. Meni besh marta yo‘l politsiyachilari to‘xtatishdi, faqat birga suratga tushish uchun», — degan Virt.

«Rossiyaga kelganimda men ushbu o‘yinga kirish imkoniyati haqida so‘radim. Moskva shahri hukumati menga shunday imkoniyat yaratib berdi va ulardan minnatdorman», — degan u.

Virtning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lda eng qiziq voqealar insonlar va yangi tanishlar orttirish bilan bog‘liq bo‘lgan.

JCh-2018 «F» guruhining Germaniya – Meksika uchrashuvi Moskvadagi «Lujniki» stadionida bo‘lib o‘tdi va meksikalik futbolchi Irving Losanoning 35-daqiqada kiritgan to‘pi uchrashuv taqdirini hal qildi.

Mavzuga oid