O‘zbekiston | 20:16 / 20.06.2018
18384
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek mehnat muhojirlari Rossiya MVS markazlarida qanday yashamoqda?

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston dunyoga ochilib bormoqda. Ichki va tashqi siyosatini shaffoflashtirish borasida qadam qo‘ymoqda. Bundan tashqari davlat rahbari siyosiy irodasining amaliy namunasi o‘laroq xorijiy mamlakatlarga chiqib ketgan va u yerlarda ishlayotgan o‘zbekistonliklarni mamlakatga qaytarishga chorlashlar bir necha bor yangradi.

Mehnat muhojirlarining sha'nini tiklash, ularning majbur bo‘lgani sababli xorijga ketganini tan olish, O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi konsullik idoralarining xorijdagi vatandoshlarga xizmat ko‘rsatishini kuchaytirish, xorijda musibatga uchragan muhojirlarga yordam berish kabilar shular jumlasidan. Dunyo hamjamiyati ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ehtiyotkorlik bilan bo‘lsa-da, yuqori baholamoqda. Qolaversa, xorijdagi o‘zbekistonliklar o‘zbekistonlik ekanliklaridan faxr tuyg‘usini tuya boshlashdi.  

Biroq ayrim holatlarda yaqin qo‘shni mamlakat, aniqroq aytganda, eng ko‘p o‘zbekistonlik mehnat muhojiriga ega bo‘lgan Rossiya Federatsiyasida o‘zbekistonliklarga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilmoqda. Federal migratsiya xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga 2018 yilgi Jahon chempionati vaj qilib ko‘rsatilmoqda. Tozalash tadbirlari davomida qo‘lga olingan mehnat muhojirlari FMXning Vaqtinchalik saqlash markazlarida bir necha oy, hatto yillab saqlanmoqda.

Bunday deyishga asos bor, albatta. KUN.UZ Rossiyaning Rostov shahridagi shunday markazlardan birida qariyb 5 oy mobaynida saqlangan hamda yaqinda vatanga qaytib kelgan mehnat muhojiri bilan uchrashib, Vaqtinchalik saqlash markazlaridagi shart-sharoitlar, mehnat muhojirlarining o‘zaro muomalasiga doir tasavvurni shakllantirishga urinib ko‘rdi. Quyida mazkur suhbat e'tiboringizga havola etiladi.

  • Siz Rossiyaga ketib, ishlab, taqdir taqozosi bilan muhojirlar vaqtincha saqlanadigan joyda ham bo‘lib, keyin vataningiz O‘zbekistonga yaqinda qaytib kelishga muvaffaq bo‘libsiz. Umuman, nima maqsadda, qanday rejalar bilan Rossiyaga ketdingiz? Niyatlaringiz amalga oshdimi?
  • O‘tgan yili (2017 yil-tahr.) bahorda borgandim. Dokument (ishlashga ruxsat beruvchi hujjat – patent nazarda tutilmoqda) qildim. Rossiyada dokument qilish ham juda qimmat. Bu ishda ham posredniklar (vositachi) paydo bo‘lgani uchun ko‘p pul kerak. Davlat belgilaganidan ko‘proq pul olishadi. Topgan pulingiz yetmaydi. Shu sababli, ko‘p o‘zbekistonliklar patentga to‘lamay qo‘yib, noqonuniy ishlashni ma'qul ko‘rishadi. Ishsizlik juda ko‘p. Ko‘p muhojirlar noqonuniy muhojirlikni o‘zlari tanlashmoqda. 80-90 foiz muhojirlar shunday bo‘lsa kerak, chamamda.
  • Patent narxi Rossiyada qancha o‘zi? U qancha muddatga beriladi?
  • Rossiyada qonuniy ishlamoqchi bo‘lganlar oyiga 10 ming rubl to‘lashlari kerak. Bu o‘zbek so‘mida 1,5 mln so‘m degani. Umuman dollarda aytsam, 400 dollar (3 mln 200 ming so‘m atrofida) evaziga 3 oylik patent olishingiz mumkin.
  • Siz Rossiyaning qayerida bo‘ldingiz va nima ish bilan shug‘ullandingiz?
  • Rostov-na-Donuda bo‘ldim. Stroykada (qurilish) ishladim. Keyinchalik kechki smenada oshxonada ishladim. Keyin-keyin, chempionatni deb dokument to‘g‘irlash cho‘zilib ketdi. Pul to‘lamadim. Tekshir-tekshir ko‘payib ketdi. Chempionat sabab tozalash ishlari olib borilmoqda (suhbat JCh-2018 boshlanishidan avval bo‘lib o‘tgan).

Uning aytishicha, bu kabi tozalash ishlari hukumatning maxsus qarori bilan emas, balki og‘zaki buyrug‘i asosida olib borilmoqda hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan borgan va noqonuniy muhojirlar aniqlanib, vatanlariga chiqarib yuborilmoqda.

  • Siz Federal muhojirlarni saqlash markazlarida 5 oy bo‘lgansiz. U yerga qanday tushib qoldingiz? Sabab nima?
  • Men oshxonada ishlab yurgan vaqtimda taqdim etgan hujjatimga urilgan muhr

soxtalashtirilgan ekan. FSB kelib tekshirganda aniq bo‘lib qoldi va meni muhojirlar vaqtinchalik saqlanadigan “Novocherkanskiy” degan joyga olib borishdi. Bu yerda sizni sud qilib, 10 kun ichida Rossiyadan chiqarib yuborish yoki chiqarmaslik masalasini hal qilishadi. To‘g‘risini aytganda, sudni ham o‘zlari hal qilishadi. Menga 10 kun ichida chiqib ket, degan qog‘oz bergani yo‘q. Pulingiz va tanishingiz bo‘lsa, soxta chipta olib bersa, shuni ko‘rsatib, chiqib ketsangiz bo‘ladi. Ularning o‘zbeklardan vositachilari bor, gaplashib beradigan. Shundan so‘ng, sizni 10 kunga tashqariga chiqarib yuborishadi. Maqsad pul ishlash.

  • Sizni muhojirlarni vaqtincha saqlash joyiga olib borishdi. U yerdagi sharoitlar qanaqa? Odamlarga muomala qanday?
  • Men saqlangan joy 2 qavatli bino edi. Ayollar, ular orasida o‘zbek ayollari juda ko‘p. Sharoiti qiyin, juda qiyin. Tashqariga olib chiqishi (hojat masalasi) muammo. Shaxsiy gigiyena vositalarini har hafta berishi kerak, aslida ammo 2 oy-3 oylarda bir, eng sifatsizlarini berishadi. 3 mahal taom beriladi. Sud bo‘lish va chiqarib yuborilish uchun navbatingiz kelguncha kutib yotaverasiz. Bu yerda eng uzoq muddat saqlash 6 oy. Shunga qaramay, u yerda 1 yildan ortiq, bir necha yillardan beri saqlanayotganlar bor.
  • Endi o‘sha yerda saqlanayotgan o‘zbeklarning o‘zaro munosabati haqida. Bir-birlaringizga millatdosh sifatida muomala qanday edi?
  • U yerdagi o‘zbeklar bir-birini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga yomon ko‘radi bir-birini. Qamoqda o‘tirib chiqqan o‘zbeklar bor, ular hujjatsiz tushgan o‘zbeklarni o‘z holiga qo‘ymaydi. Pul talab qiladi. Tanishlaringiz ovqat olib kelsa, ularni talab qiladi. Qiynaydi-da.
  • Siz qancha vaqt bo‘ldingiz ushbu markazda va qanday qilib chiqdingiz?
  • Men 5 oy o‘sha yerda saqlandim va tashqaridagi tanishlar orqali prokuraturaga ariza topshirib, sudimni tezlashtirishlarini so‘radim. Shundan so‘ng, sud mening ishimni ko‘rishni tezlashtirdi. Shu bilan birga, o‘zi mening ishimni ko‘rib chiqilishi juda cho‘zilib ketgandi. Chunki, mendan keyin markazga olib kelganlar ham mendan oldin ketishdi.
  • Xo‘p, muhojirlarni u yerda uzoq ushlab turishdan nima foyda, nima deb o‘ylaysiz?
  • Endi bizga o‘xshaganlar qancha ko‘p bo‘lsa va uzoq vaqt saqlansa, ushbu markazlarda ishlaydiganlarga yaxshi, menimcha. Chunki, eshitishimcha, har bir saqlanayotgan kishi uchun bir kunga 1850 rubldan pul ajratiladi. 300-350 atrofida kishi saqlanishini inobatga olsak, bu katta pul.
  • Siz 5 oy saqlanibsiz muhojirlarni vaqtincha saqlash markazlarida. Shu vaqt mobaynida O‘zbekistonning Rossiyadagi konsulligi vakillaridan biror kishi kelib, holingizdan xabar oldimi?
  • Yo‘q, hech kim xabar olmadi. O‘zbekiston konsulligidanmiz deb, hech kim kelmaydi u yerga. Shunchaki, ba'zida o‘zlarining tekshiruvchilari kelganda ur-to‘polon bo‘lib qoladi.

Gapning indallosi suhbatimiz uzoq cho‘zildi. Biz muloqotimiz davomida Qozog‘istonda Rossiya borayotgan o‘zbek muhojirlarining avtobusda halok bo‘lganiga doir xabarlar, nima uchun ko‘pchilik aviaqatnovlar o‘rniga avtobus yoki yengil avtomashinalarda Rossiyaga borishni tanlayotgani haqida ham so‘z yuritdik. Bundan tashqari, muhojirlarni vaqtincha saqlash markazlarida o‘ziga xos “universal jang kechalari” ham uyushtirilishi ma'lum bo‘ldi. Va so‘ngso‘z o‘rnida suhbatdoshimizga muhojirlikni tanlamoqchi bo‘lganlarga maslahatlar berishni so‘radik.

“Avvalambor, u yoqda umrni o‘tkazib, xomxayol bilan yurgandan ko‘ra, o‘zimizda ishlash kerak. Hammayam to‘g‘risini aytavermaydi. Aka-ukangiz bo‘lib, yaxshi ish aniq bo‘lsa borsa bo‘ladi, aks holda hamma joyning toshi-tarozisi bor. Odamlar aytaveradi, unday bo‘ladi, bunday bo‘ladi, deb ishonib ketavermaslik kerak ekan”, - deydi suhbatdoshimiz.

U kelgusidagi rejalari haqida so‘zlar ekan, kelajagini O‘zbekistonning o‘zida tirikchilik qilish, shu yerda ishlash bilan tasavvur qilayotganini aytadi. Senga omad yor bo‘lsin, deymiz, aziz vatandosh!

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

Mavzuga oid