Sport | 14:35 / 25.06.2018
5786
5 daqiqa o‘qiladi

A va V guruhlari: Kimda qanday imkoniyat?

Jahon chempionati o‘z ekvatoriga yetib keldi va guruh bosqichi o‘yinlari hal qiluvchi pallaga kirmoqda. Bugun A va V guruhlarida g‘oliblar va omadsizlar hal bo‘ladi. E'tiboringizni ushbu guruhdagi jamoalarning imkoniyatlari va bu o‘yinlar javob berishi mumkin bo‘lgan asosiy savollarga qaratamiz.  

A guruhi

A guruhi tahlil qilish uchun eng oson guruhdir. Bu yerda keyingi bosqichda o‘tganlar ham, bugungi o‘yindan so‘ng Rossiyani tark etadiganlar ham rasman ma'lum bo‘lib ulgurgan. Yagona muhim savol – guruh g‘olibi kim bo‘ladi? To‘plar nisbatiga ko‘ra, Rossiya terma jamoasi hozircha guruhda peshqadam bo‘lib turibdi. Demak bugungi o‘yindagi durang ruslarni keyingi bosqichda 1-o‘rindan chiqishiga imkon yaratadi. 

Aslida, bu guruhda qaysi o‘rinni olish strategik tomondan u qadar katta ahamiyatga ega emasligiga e'tibor berish kerak. Chunki, bu guruh g‘oliblari V guruhi g‘oliblariga raqib bo‘ladi. V guruhida ham, yaqqol favorit yo‘qligini, buning ustiga o‘sha guruhda qaysi jamoa birinchi yoki ikkinchi o‘rinni olishi hali aniq emasligini nazarda tutsak, fikrimiz yanada qat'iylashishi mumkin. Misol uchun, A guruhida 1-o‘rinni olib, Ispaniya bilan o‘ynash ham, 2-o‘rinni olib, Eron bilan o‘ynash ham mumkin. 

Shunday bo‘lsa ham, o‘z maydonida to‘p surayotgan Rossiya terma jamoasi har bir o‘yinda g‘alaba uchun o‘ynashga urinsa kerak. Tarixida birinchi marotaba pley-offga o‘tgan Rossiya guruh o‘yinlarini uchta g‘alaba bilan yakunlashga harakat qilishi tabiiy hol. 

Misr terma jamoasi o‘z tarixida biror marta ham g‘alaba qozonmagan. Saudiya Arabistoni esa, 24 yil muqaddam, o‘zining ilk jahon chempionatida g‘alaba qozonganidan buyon, bunday baxtga erishgani yo‘q. Turnir nuqtai nazaridan ahamiyatsiz bo‘lgan arab derbisida ham o‘ziga yarasha intrigalar borligini e'tirof etish lozim. 

19:00. Urugvay -  Rossiya
19:00 Saudiya Arabistoni - Misr

V guruhi

Bu guruhda ham peshqadamlar bir xil ochko jamg‘arishgan, hatto to‘plar nisbati bo‘yicha ham bir xil ko‘rsatkich qayd etishgan. Ammo farqli tomoni, bu guruhda peshqadamlar parallel tarzda raqobat olib borishadi. 

Portugaliyaga biroz qiyinroq bo‘lishi mumkin, chunki uning raqibi – Eron, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini yo‘qotmagan. Eronliklar agar Portugaliya ustidan g‘alaba qozonishsa, narigi o‘yin natijasidan qat'i nazar pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishadi. Demak, Eron va Portugaliya o‘rtasidagi o‘yinni bemalol, yo‘llanma uchun kurash deyishimiz mumkin. Ispaniya uchun esa, vazifa biroz osonroq. Barcha imkoniyatdan mahrum bo‘lib ulgurgan Marokash bilan o‘yinda durang qayd etsa ham, keyingi bosqichga chiqadi. 

Ispaniya va Portugaliya bir xil natija qayd etsa, qaysi jamoa yuqoriroq o‘ringa joylashishi masalasi ham hali ochiq turibdi. Reglamentga ko‘ra, ikki jamoa teng bo‘lib qolganda, avvaliga to‘plar nisbati, keyin esa, o‘zaro o‘yindagi natija e'tiborga olinadi – bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha hozircha jamoalar teng bo‘lib turibdi. Bu tenglik agar so‘nggi o‘yinlardan keyin ham saqlanib qolsa, Fair Play ko‘rsatkichlariga, ya'ni jamoalar futbolchilariga ko‘rsatilgan sariq va qizil kartochkalarga e'tibor beriladi. Hozircha ispanlar atigi bir marotaba hakam tomonidan ogohlantirilganlar, Portugaliyada esa, sariq kartochkalar soni – 2ta. 

Demak hamyurtimiz Ravshan Ermatovning  qattiqqo‘l yoki bag‘rikengligi ham bu guruh masalasiga ta'sir qilishi mumkin ekan. Ya'ni, bizga yaxshi ma'lumki, Ispaniya – Marokash o‘rtasidagi o‘yin Ermatovga ishonib topshirilgan. 

23:00 Ispaniya – Marokash
23:00 Eron - Portugaliya

Mavzuga oid