O‘zbekiston | 14:55 / 25.06.2018
24371
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi AES qurilishi qanchaga tushishi mumkin?

O‘zbekiston, Rossiya va Xalqaro atom energiyasi agentligi atom elektr stansiyasi (AES)ni loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish masalalarini muhokama qilishmoqda. Kun.uz muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, AESning umumiy quvvati 2400 MVt bo‘ladi. Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan elektr stansiyasini qurish joyi belgilanmoqda. Bundan avval "Rosatom"ga Navoiy viloyati taklif qilingani haqida xabar berilgan edi, biroq biroz muddat o‘tgach qurilish geografiyasi kengaydi. 

Hozircha loyiha bahosiga doir rasmiy ma'lumotlar yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, "3+" avlodiga mansub ikki blokli hamda seysmologik barqaror atom elektr stansiyalari o‘rtacha 10 milliard dollarga tushadi. 

Mutaxassislarning fikricha, AES qurilish muddati 5 yildan ortiqni tashkil qilishi mumkin.

Bundan avval o‘zbekistonlik ekspertlar mamlakatda AES qurilishi muhim ahamiyatga ega ekani, bu sanoati rivojlanayotgan davlat uchun ayni muddao bo‘lishi, ishbilarmonlar biznesi rivojlanishi uchun turtki berishi, shu bilan birga, uy xo‘jaliklarida maishiy texnikalardan keng foydalanish uchun qulay imkoniyatlar yaratishi haqida ta'kidlagani haqida ma'lum qilingan edi

Shuningdek, "Rosatom" rahbari Aleksey Lixachyov O‘zbekistonda AES qurilishi eng avvalo elektr energiyasi narxining tushishi, mamlakat rivojiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi hamda eng asosiysi, aholi turmush tarzini yaxshilashi haqida aytgan edi. Ta'kidlash joizki, mazkur AES qurilishi Rossiya hamda Belarusdagi kabi hamkorlik modeli asosida, ya'ni barcha bosqichlar O‘zbekiston bilan birga amalga oshirilishi kutilmoqda. Boshqa davlatlarda AES qurilishi bilan bog‘liq barcha ishlar "Rosatom" tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston esa uranga boy mamlakat, shunday ekan, AES qurilishi teng hamkorlik asosida yo‘lga qo‘yiladi. 

Mavzuga oid