O‘zbekiston | 14:45 / 27.06.2018
11224
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat mulkini qanday qilib onlayn sotib olish yoki ijaraga olish mumkin?

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining 16.06.2018 yildagi 454-son qarori bilan Davlat mulki obektlarini sotish va davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha elektron savdolar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida eksperiment o‘tkazilmoqda: davlat aktivlarini sotish (10 maydan) va ijaraga berish (1 iyuldan) faqat «E-IJRO AUKSION» orqali onlayn-auksionlar shaklidagi elektron savdolar orqali amalga oshiriladi. Tartib butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy etiladi. 
 
Savdolarni o‘tkazish uchun sotuvchi (ijaraga beruvchi) operator bilan veb-portalda savdolarni o‘tkazish bo‘yicha elektron xizmatlar ko‘rsatilishi bo‘yicha shartnoma tuzadi va auksion (tanlov) sanasini belgilaydi. Ochiq savdolar o‘tkazilishidan  kamida 30 kun oldin (obektlarni ijaraga berish holatlarida esa – 15 kun oldin) «Birja» gazetasida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahrining davriy matbuot nashrlarida hamda sotuvchining saytida bildirishnoma e'lon qilinadi.
 
Operator bildirishnomani xuddi shunday muddatlarda «Ye-IJRO AUKSION» veb-portalida e'lon qiladi. Buning uchun sotuvchi (ijaraga beruvchi) har bir sotiladigan yoxud ijaraga beriladigan davlat mulki obekti bo‘yicha barcha zarur axborotni (tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha) unga oldindan taqdim etadi.
 
Savdolar ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish veb-portalda bildirishnoma e'lon qilingan kundan boshlab unda amalga oshiriladi va savdolar boshlanishidan 2 ish kuni oldin, soat 13:00 da yakunlanadi. Savdolarda ishtirok etish uchun portalda ro‘yxatdan o‘tish va savdolar shakliga qarab zakalat kiritish (auksion) yoki saytdagi maxsus shaklni to‘ldirib, tanlov taklifini (investitsion majburiyatlarning taklif etilgan miqdori, ularni kiritish shakllari, muddati va shartlarini) taqdim etishi zarur. 
 
Savdolarda ishtirok etish to‘g‘risidagi buyurtmanomalar avtomatik ravishda tekshiriladi. Har bir ro‘yxatga olingan buyurtmanoma bo‘yicha buyurtmanoma qabul qilinganligi yoki u rad etilganligi (sabablarini ko‘rsatgan holda), shuningdek savdolar boshlanganligi to‘g‘risidagi xabar elektron pochta va SMS-xabarlar berish orqali yuboriladi.
 
Auktsion yoki tanlov natijalari hamda g‘olib va sotuvchining (ijaraga beruvchining) davlat mulki obekti yuzasidan sotish (ijara) narxi bo‘yicha yoki investitsion va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi sharti bilan oldi-sotdi (ijara) shartnomasini imzolash majburiyatlari savdolarning natijalari to‘g‘risidagi elektron bayonnomada qayd etiladi. Sotuvchi savdolarning shartlariga to‘liq mos bo‘lgan buyurtmanomani bergan yagona ishtirokchi bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzishi mumkin.
 
Hujjatda quyidagilarning texnik tartib-taomillari batafsil belgilangan:

• davlat mulki obektlarini auksionda sotish;
• davlat mulki obektlarini tanlov asosida «nol» xarid qiymati bo‘yicha sotish;
• davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha auksion o‘tkazish.
 
Mazkur tartibga rioya etilishi ustidan nazorat qilish uchun arbitraj komissiyasi tashkil etiladi. Uning tarkibiga Davlat raqobat qo‘mitasi, Axborot kommunikatsiyalari vazirligi va Majburiy ijro byurosi vakillari kiradi.
 
Hujjat 18.06.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid