Sport | 18:10 / 30.06.2018
12200
8 daqiqa o‘qiladi

Avtomat Fransiya. Deshamning asosiy 4 quroli

Foto REUTERS

Fransiya terma jamoasi jahon chempionatining asosiy favoritlari qatorida. Quyida ushbu terma jamoaning asosiy ustunliklari haqida so‘z boradi.

Guruh bosqichining birinchi turida Avstraliyaga qarshi kechgan o‘yindan keyin (bu o‘yin yorqin bo‘lmadi va fransuzlar nisbatan kuchsiz raqibni qiyinchilik bilan yengdi) uch ranglilarni turnirning asosiy favoritlari safidan o‘chira boshlashdi. Lekin hali bunga erta edi.

Birinchidan, Fransiya o‘sha o‘yinda baribir 3 ochkoni qo‘lga kiritgan, natijaga erishgandi.

Ikkinchidan, ikki yil muqaddam o‘z uyida o‘tgan Yevropa chempionatini ham Fransiya kutilganidek boshlamagan, Ruminiyaga qarshi o‘yinda faqat Dimitri Payyening indivudial mahorati 3 ochko keltirgandi. Keyin esa jamoa finalga qadar yetib borgandi.

Uchinchidan, tajribaga ko‘ra, kuchli terma jamoalar kichik turnirlarda kuchni barcha o‘yinlarga teng taqsimlashga harakat qiladi, ko‘proq kelajakni, pley-off bosqichini o‘ylashadi.

To‘rtinchidan esa, bosh murabbiy Dide Desham qo‘li ostida shunday yuqori saviyali futbolchilar jamlanganki, ular murabbiysiz ham g‘alaba qozonaverishadi. Bu avtomat jamoa - xuddi Nissan va uning konsepsiyasi Intelligent Mobility. Bu konsepsiya 3 innovatsiyani o‘z ichiga oladi:
- aqlli boshqaruv - stressdan xolilik va texnologiyalar orqali boshqariladigan avtomobildan mamnunlik;
- aqlli energiya - zararli chiqindilarning yo‘qligi;
- aqlli integratsiya - odamlar kelajagi uchun tozalik va xavfsizlik.

Bu mashina yo‘lovchilarni tushirgach, o‘zi mustaqil parkovka qila oladi. Frantsuzlar jamoasi esa, o‘z navbatida raqiblarni osonlik bilan mag‘lub etishga qodir - bu futbolchilardagi yuqori klass evaziga va Desham tomonidan jamoaga singdirilgan texnik sxemalar evaziga amalga oshishi mumkin.

Faqat markaziy yarim himoyachilar

Foto REUTERS

O‘yin uchun tarkibni belgilab olishda Desham hech qachon ikki markaziy yarim himoyachidan iborat sxemadan voz kechmaydi, xoh Avstraliyaga qarshi o‘yindagi 4-3-3, xoh Yevro-2016da bo‘lgani kabi 4-4-1-1, xoh klassik uslubdagi 4-2-3-1, xoh oxirgi vaqtlarda ko‘pchilik tomonidan tez-tez qo‘llanadigan 4-1-4-1 sxemasi bo‘lsin, u ikki markaziy himoyachini maydonga tushiradi. Fransiya hech qachon qo‘rqib o‘ynamaydi va chuqur hujumkor uslubda harakat qiladi, raqibga to‘pga ustunlik qilish bilan bosim uyushtiradi, bunga top darajadagi yarim himoyachilar, shuningdek hujum chizig‘ida ham aqlli, ham ayyor, ham jismonan yetuk hujumchilar mavjudligi imkon beradi.

Yevropa vitse-chempionlarining alohida jihati - kuchli xavbeklar. Bu yerda qanotda harakatlanuvchi ijrochilar yo‘q, yarim himoyachilar markazga ixtisoslanishgan: Pol Pogba, Korenten Tolisso, N'Golo Kante, Blez Matyuidi va Stiven N'Zonzi. Desham jamoasida qanotlardan hujum qilish vazifasi tezkor qanot himoyachilari va baland bo‘yli hujumchilarga yuklatilgan. Agar yangi texnologiyalar bilan parallelni davom ettirsak, fransuzlar murabbiyi o‘z jamoasida keraksiz qismlarni qoldirmagan, qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, hech qanday «zararli chiqindilar» yo‘q va faqat toza energiya va aqlli boshqaruv bor.

Yarim himoyadagi asosiy triodan biri - Pol Pogbaga Desham erkinroq harakat qilishga ruxsat bergan, u himoyaga qaytishi shart bo‘lmaydi. Universal Tolisso va dunyoning eng yaxshi stopperlaridan biri Kante esa himoyadagi kamchiliklarni to‘ldirishga yordam beradi.

Grizmann - erkin ijodkor

Foto REUTERS

Antuan Grizmann jamoada katta ta'sirga ega futbolchi. Uni nominal hujumchi deb atash ham qiyin, u maydonda qila olmaydigan ishning o‘zi yo‘q, u to‘pni himoyada raqibdan olib qo‘yib, sheriklariga uzatishi va oldinga chopib, o‘zi uchun bo‘sh hudud axtarishi, qarshi hujumlarni rivojlantirishi, hujumlarda dispetcher vazifasini ham, so‘nggi zarbani beruvchi ham bo‘lishi mumkin. «Atletiko»da o‘tgan yillar davomida Diyego Simeone uni haqiqiy jangchiga aylantirdi.

WyScout ma'lumotiga ko‘ra, joriy mavsumda Grizmann raqib hududida har o‘yinda o‘rtacha 4,69 marta dribling ishlatib, raqibni ortda qoldirgan va 1,9 marta raqib hujumini boshlanishidayoq to‘xtatgan. Hujumchi uchun esa bu juda yuqori ko‘rsatkichlardir. Shu bilan birga u yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha juda yaxshi natijaga ega - uning zarbalarining 25 foizi gol bilan yakunlangan, jamoaning boshqa hujumchilarida ko‘rsatkichlar buning yaqiniga yo‘lay olmaydi.

Desham qanday futbolchisi borligini juda yaxshi biladi va Grizmanning funksiyalarini cheklamaydi. Agar Grizmann maydondagi holatini yaxshi deb bilmasa, uning uchun umumiy struktura o‘zgartirilishi ham mumkin. U Fransiya termasining asosiy yulduzidir. U Yevropa chempionatida 6 gol urib, eng yaxshi to‘purar bo‘lgandi. 

Mbappe - driblinglar qiroli

Foto REUTERS

Fransiya termasining jahon chempionatiga yo‘l olgan tarkibiga ko‘p yulduz hujumchilar kira olmadi: Benzema, Marsiyal, Lyakazett, Gameyro, Payye... Frantsuzlarda hujum chizig‘i uchun raqobat juda yuqori. Deshamning vazifasi - bugungi kunning eng kuchlilarini tanlash edi. U birinchi navbatda turli nuqtalarda harakatlana oladigan futbolchilarga e'tibor qaratdi va turnirda turli variantlarga ega bo‘lishini ta'minladi.

Terma jamoaning asosiy hujumchisi yosh Kilian Mbappe bo‘ldi. U aqlli, mahoratli va sovuqqon. Shu qadar sovuqqonki, uning 19 yoshda ekaniga ishonish qiyin. Grizmann bilan bo‘lgani kabi murabbiylar uning maydondagi imkoniyatlarini cheklab qo‘yishmaydi. Killian o‘zini qanotlarga yaqin hududda juda yaxshi his qiladi, u jarima maydoni ichkarisida ham markaziy hujumchi sifatida paslarni qabul qilishi mumkin, uning to‘p bilan yaxshi muomala qilishi va tezkorligi boshqa imkoniyatlarni ochadi.

Mbappe - Fransiyaning raqibni ortda qoldirish bo‘yicha tengsiz futbolchisi, u bir o‘yinda o‘rtacha 8,5 marta dribling qiladi (bu Grizmanning ko‘rsatkichidan 3 barobar ko‘proq). Killianni raqibning bir futbolchisi bilan yakkama-yakka holatga chiqarish - uning darvozabon bilan yakkama-yakka chiqishiga olib keladi

Jiru - «B» reja

Foto REUTERS

Agar Fransiyada raqib jarima maydoniga to‘pni olib kirishda muammo tug‘ilsa, agar yarim himoyachilar to‘pni pastlatib hujumchilarga yetkazib bera olmay qolishsa, ulkan gavdali Olive Jiru yordamga keladi. U raqib jarima maydonida harakatlanishda Yevropaning eng yaxshi hujumchilaridan biri. U birinchidan to‘pni qulay qabul qilib, qulay tarzda qaytarib berishi yoki boshqa sherigiga uzatib, hujumni muvaffaqiyatli davom ettirishi mumkin, qolaversa, har qanday holatda turib raqib darvozasi tomon yaxshi zarba bera oladi.

Jiru har o‘yinda o‘rtacha 8 marta ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashga kirishadi va ularning 63 foizida yutib chiqadi. Uning zarbalaridan uchdan biri bosh bilan beriladi. Avstraliyaga qarshi birinchi o‘yinda u faqat ikkinchi bo‘limda maydonga tushgandi va kichik jarohat olgan, boshi bog‘liq holatda harakatlanishga majbur bo‘lgandi. Bu esa uning o‘yiniga ta'sir ko‘rsatmay qolmadi va jamoa uning imkoniyatlaridan foydalana olmadi.

Keyingi o‘yinlarda Peru va Daniyaga qarshi kerakli hisoblarni qayd etib, pley-offga kuch tejagan fransuzlar bugun jiddiy sinov qarshisida. Messi boshchiligidagi Argentinani yengsa, Fransiya turnirning asosiy favoriti maqomini qaytarib oladi.

Mavzuga oid