O‘zbekiston | 17:20 / 01.07.2018
33858
4 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ittifoqining «Captiva»lardan iborat korteji: endi yoqimli va foydali mashg‘ulotlar omixta qilinishi kerak

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda va messenjerlardagi ommabop kanallarda 30 iyun — yoshlar kunida bir guruh yoshlar ittifoqi a'zolarining «Captiva» avtomashinalaridan iborat kortejda bayroq hilpiratib, shahar kezgani qizg‘in muhokama bo‘lmoqda.

 
O‘zYoIning «Captiva»lardan iborat korteji: endi yoqimli va foydali mashg‘ulotlar omixta qilinishi kerak

O‘zYoIning «Captiva»lardan iborat korteji: endi yoqimli va foydali mashg‘ulotlar omixta qilinishi kerak 👉 https://kun.uz/11000418

Posted by Kun.uz on Sunday, July 1, 2018

Ushbu kortejni yo‘l harakati qoidalariga zid ekanligi va boshqa narsalarda ayblayotgan aksariyat foydalanuvchilar ushbu holatga e'tibor ham qilmasligi mumkin edi, agar O‘zYoI markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev bir necha kunlar avval Namangan viloyatida to‘y kortejini to‘xtatib, yosh-kelin kuyovlarni taksiga mindirib yuborganini jurnalistlarga hikoya qilib bermaganida.

Albatta, keyinchalik Quronboyev vaziyatga izoh berib, avvalgi so‘zlaridan tongandek bo‘ldi, buning uchun hattoki prezident tanqidiga ham uchradi.

Lekin ko‘pchilikning fikriga ters o‘laroq, men yoshlarimizning kortej tuzishdek ishlarini ijobiy baholayman va ularning bu xatti-harakati menga juda yoqdi. Bunga sabab — O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Erkin Malikning O‘zbekiston Yoshlar ittifoqiga yo‘llagan ochiq xatidir.

Erkin Malik o‘z ochiq xatida Orolbo‘yi hududidagi uch million gektar yerni o‘rmonga aylantirish uchun 150 yil kerak bo‘lishi, bu muddatni yoshlarning safarbarligi bilan bir necha o‘n yillarga qisqartirish mumkinligini yozgan.

«Axir Orol bizniki, uning tuz va qumlari tahdid solayotgan jannatmonand yurt ham bizniki. Orol taqdiri sizning taqdiringiz. Ertaga dunyoga keladigan farzandlaringizning taqdiri. Ko‘chat ekilishini kutayotgan 2,5 million gektar yer xaritasi tuzilib yoshlarga bo‘lib berilsa, qanchadan tegishi mumkin? Xo‘jaliklarimiz qanchadan ko‘chat yetishtirib berishi mumkin?» — deb yozadi muallif.

Agar O‘zYoI a'zolari 10 milliondan ortiqligi inobatga olinsa, 25 sotixdan tegadi. 50×50 metr degani.

«Agarda o‘zbekistonlik yoshlar shunday tashabbus bilan chiqsa, qo‘shni davlatlarning yoshlari ham qarab turmaydi. Bu harakatga jon, deb qo‘shiladi», deb ishonadi u.

Va maktubi so‘ngida xitob qiladi: «Ha, uyg‘oning aziz yoshlar! Yoshlar ittifoqi boshchiligida harakatga tushing. Biz keksalar ham, albatta, safingizda bo‘lamiz».

Darhaqiqat, juda foydali taklif!

Orolbo‘yiga yaqindagina safar uyushtirib kelgan, u yerlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odam sifatida aytishim mumkinki, u yerlarga oddiy mashina bora olmaydi. Aynan «Captiva» singari yo‘l tanlamas mashinalarda yetib borish mumkin.

Ya'nikim, yoshlarimiz mana shunday «Captiva» kortejlarini yurtimizning barcha go‘shalarida yanada rivojlantirib, yo‘lni to‘g‘ri Orolbo‘yiga solishlari kerak. Saksovulzorlar barpo etish uchun! Yoqimli va foydali ishni omixta qilish yana yoshlarimizning ixtiyoriga havola etiladi.

Shuhrat Shokirjonov.

Mavzuga oid