Sport | 14:30 / 02.07.2018
40535
8 daqiqa o‘qiladi

Braziliya - Meksika. Maydon tashqarisidagi jang

Bugun Braziliya jahon chempionatidagi ilk jiddiy sinovni boshdan kechiradi, Samarada Tite shogirdlari Xuan Karlos Osorio boshchiligida Meksikaga qarshi maydonga chiqadi. Aynan murabbiylarning harakatlari bugun hal qiluvchi bo‘lib chiqishi mumkin.

Braziliya — Meksika («Samara Arena», 19.00)

Braziliya va Meksika guruh bosqichida turli o‘yinlar ko‘rsatishdi. Pentakampeonlar birinchi turda Shveytsariyaga bir ochko taqdim qilishdi (1:1), kosta-rikaliklarga 90 daqiqa davomida gol ura olishmadi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Koutino va Neymarning gollari g‘alaba keltirdi (2:0), uchinchi turda esa ikkinchi turdayoq keyingi bosqichdan umid uzib bo‘lgan Serbiya osonlik bilan taslim etildi (2:0).

Meksikaliklar esa chempionatning birinchi turida sensatsion ravishda Germaniyani yengdi (1:0), Janubiy Koreya ham mag‘lub etildi (1:0), bu natijalardan keyin meksikaliklar birinchilardan bo‘lib keyingi bosqich masalasini hal qilishdi, oxirgi turda g‘alaba suv va havodek zarur bo‘lgan shvedlar to‘liq hujumda o‘ynab, Meksika darvozasiga 3ta gol yo‘llashdi (3:0).

Tite Osorioga qarshi

Foto: Sport Ekspress

Samarada turnirning ikki eng yaxshi murabbiyi to‘qnashadi. Ularning ikkisi ham yetuk taktiklar.

Titening Braziliya terma jamoasidagi yo‘li yorqinroq kechmoqda - u terma jamoaga kelganidan buyon (2016 yildan) faqat bir marta yutqazdi, uning boshchiligida terma jamoa JCh-2018 saralash bosqichini ajoyib o‘tkazdi. U terma jamoani tarqoq holida, 2014 yilgi jahon chempionatida keyingi inqiroz davom etayotgan holida, Dungadan qabul qilib olgandi.

Endi u shakllantirgan terma jamoa jahon chempionatiga asosiy favoritlardan biri sifatida tashrif buyurgan. Braziliya o‘yindan-o‘yinga kuchayib bordi, futbolchilar bir-birini ajoyib tushunmoqda. Tite futbolchilarni asosiy tarkib futbolchilari va zaxira tarkibi qilib ajratmadi, barcha o‘zini bir jamoa a'zosi sifatida his qilmoqda. Shuning uchun ham, uchinchi turda Felipe Luis xuddi Marselo kabi harakat qila oldi. Fagner esa Daniluning yo‘qligini bilintirmadi.

Tite juda yaxshi psixolog va taktikdir. U injiq Neymarni o‘ynata olmoqda, avvaliga hadeb yiqilavergan bu futbolchi uchinchi turda haqiqiy futbolchilardek harakat qila boshladi. U futbolchilarini xatolari uchun tanqid qilmaydi, ularga keyingi safar qanday harakat qilish lozimligini tushuntiradi. U futbolchilari bilan suhbatlarda goh mashhur basketbolchi Lebron Jyeymsning yulduzlikka berilmay, jamoaviy o‘yinda qanday harakatlanishini namuna qilib keltiradi, goh siyosatchi Nelson Mandeladan iqtiboslar keltirib, qo‘rquvni qanday yengishni o‘rgatadi.

2016 yildan buyon Tite jamoasi 24 uchrashuvda maydonga tushib, 19 g‘alabaga erishgan va 52 gol urib, atigi 6 gol o‘tkazib yuborgan. U Braziliyani himoyada ham bexato harakatlanuvchi jamoaga aylantirdi.

Xuan Karlos Osorioning Meksikadagi yo‘li ravon emas. 2016 yilda u terma jamoani tark etishi ham mumkin edi. Jamoa o‘shanda Amerika Kubogida Chiliga sharmandalarcha yutqazgandi (0:7). «Kiyim almashtirish xonasida yigitlarga aytgandim, agar ishimizga ishonmasanglar, hoziroq chiqib iste'fo berishim mumkin, deb», deya eslaydi kolumbiyalik mutaxassis o‘sha kunni.

Futbolchilar o‘shanda murabbiylarini qo‘llab-quvvatlashgan. Muxlislar va jurnalistlar esa keyingi ikki yil davomida norozilik bildirib kelishmoqda. Terma jamoa faxriy futbolchilari Osorioni «fizruk» deb atashdi, termani undan yaxshiroq boshqarishi mumkin bo‘lgan o‘nlab mutaxassislarning nomlarini sanashdi. 2017 yilgi Konfederatsiyalar kubogi vaqtida esa Meksikadagi nashrlar murabbiyni iste'foga chiqarish talab etilgan muqovalar bilan chiqish qilishdi. Bunga murabbiy tarkibda haddan tashqari ko‘p rotatsiyalar amalga oshirishi sabab bo‘lardi. Lekin bu rotatsiyalar natijalarga salbiy ta'sir ko‘rsatmagan, Meksika o‘shanda faqat bo‘lajak chempion Germaniyaga yutqazib, uchinchi o‘rin sohibi bo‘lgandi. Osorio davrida Meksika 51 uchrashuvdan 33tasida g‘alaba qozongan, faqat 9 marta mag‘lub bo‘lgan.

Ushbu kolumbiyalik amerikacha sport turlarini xush ko‘radi. Buning hayron qolarli joyi yo‘q, u aynan Qo‘shma shtatlarda tahsil olib, mutaxassis sifatida shakllangan. Osorio mashg‘ulotlarni haligacha Maykl Jordan davridagi «Chikago Bullz» o‘tkazgan mashg‘ulotlar asosida o‘tkazadi. U ko‘pincha futbolchilar bilan suhbatlarida argentinalik yozuvchi Xorxe Luis Borxesdan iqtiboslar keltiradi va inson miyasi ximiyasi haqida uzundan-uzun suhbatlar quradi.

Braziliya sabr qilishni o‘rgandi

Foto: Sport Ekspress

Ikki yil ichida Tite ko‘plab muhim iboralarni aytib o‘tgan. Ularning asosiysi futbolchilarni o‘z vaqtini kutib, sabr qilishga o‘rgatishga qaratilgan.

Tite futbolchilarni raqibning va jamoatchilikning bosimini yengib o‘tishga o‘rgatgan. U birgina xato pley-offdan chiqib ketishga olib kelishi mumkinligini anglagan holda, futbolchilarni ehtiyotkorlikka o‘rgatgan.

U futbolchilar vaqt cho‘zishini sharmandalik deb hisoblamaydi. 

O‘zining birinchi sovrinini Tite beton himoya yaratish orqali qo‘lga kiritgan. U Libertadores Kubogida «Korintians» bilan deyarli barcha uchrashuvlarda 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘sha jamoa 2012 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham «Chelsi»ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.

Bu murabbiy qo‘li ostida braziliyaliklar o‘z futbolini namoyish etishadi, ammo ular shunchaki chiroyli futbol uchun hadeb oldinga chopaverishmaydi.

Meksika: Skolaridan maslahatlar

Foto: Sport Ekspress

Meksikaliklarda futbolchilar psixologiyasi bilan faqat Osorioning o‘zi shug‘ullanmaydi, bu vazifa maxsus guruhga - ispaniyalik Imanol Ibarrondoga yuklatilgan. 2016 yilda, Chilidan uchralgan 0:7 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin Osorio iltimosiga ko‘ra terma jamoaga kelgan ushbu mutaxassis haqida ham meksikalik jurnalistlar iliq fikrda deb bo‘lmaydi. Ular futbolchiga psixolog nega kerak, deb tanqid qilishadi. Murabbiy esa shunday javob beradi: «AQShga qaranglar. Har bir sport bo‘yicha yetakchi bo‘lgan mamlakat. Ularning har bir sportchisida psixolog bor».

Ibarrondoning taklif etilishi o‘zini oqladi. «Biz endi ruhiy jihatdan juda yaxshi tayyorlanayapmiz. O‘zimizni boshqarishimiz yaxshilandi», degandi Germaniyaga qarshi o‘yindan keyin Layyun.

Braziliyaga qarshi o‘yindan oldin Meksikada kichik mojaro avj oldi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, Osorio Braziliyaning sobiq bosh murabbiyi Luis Felipe Skolari bilan terma jamoa borasida maslahatlashgan (Tite va Skolarining munosabatlari ancha vaqtdan buyon buzilgan va ular bir-biri bilan gaplashishmaydi). Gap Neymar va uning kampaniyasini qanday to‘xtatish haqida bo‘lgan. Masalan, braziliyaliklarni himoyadan hujumga chiqishda qanday to‘xtatish borasida yoki hujum chizig‘i to‘rtligi Neymar, Koutinr, Jyezus va Villianga to‘p yetib borishining oldini olish borasidagi maslahatlar. Skolari Osorioga biron sirni aytgan-aytmagani ma'lum emas. Skolarining ma'lum maslahatlaridan biri imkon qadar tezroq hisobni ochish bo‘lgan. U Braziliya hissiyotlarini jilovlay olmaydi va bunday terma jamoaning o‘yini buzilib ketadi, deb hisoblamoqda. Ammo Felipening jamoasi shunday jamoa edi. Hozirgi Braziliya esa Meksika bilan o‘yinning har qanday ssenariysiga tayyor.

BRAZILIYa – MeKSIKA
2 iyul. Samara. «Samara Arena» stadioni. 19.00 (Match TV).
Hakamlar: ROKKI. Tonolini, Di Liberatore (barchasi – Italiya).

Mavzuga oid