Sport | 15:10 / 07.07.2018
15245
9 daqiqa o‘qiladi

Xayr, Braziliya! Belgiya yaqqol favorit

«Marakana»-1950, «Mineyrau»-2014, «Qozon»-2018. Braziliya endi jahon chempionati favoriti emas, chunki jamoa Belgiyaga yutqazib turnirni tark etdi.

Jahon chempionati-2018
1/4 final
Braziliya – Belgiya – 1:2 (0:2)
Gollar: Fernandinyu, 13 - avtogol (0:1). De Bryuyne, 31 (0:2). Renatu Augustu, 76 (1:2).
Braziliya: Alisson, Fagner, Tiagu Silva, Miranda, Marselu, Koutinyu, Fernandinyu, Paulinyu (Renatu Augustu, 73), Villian (Robertu Firminu, 46), Gabriel Jyezus (Duglas Kosta, 58), Neymar.
Belgiya: Kurtua, Alderveyreld, Kompani, Fertongen, Mene, E.Azar, Vitsel, Fellaini, De Bryuyne, Shadli (Fermalen, 83), Lukaku (Tilemans, 87).
Ogohlantirishlar: Alderveyreld, 48. Mene, 71. Fernandinyu, 85. Fagner, 90.
Hakamlar: MAJICh, Jurjyevich, Ristich (barchasi Serbiya).

Bexosiyat graffiti

Foto: Reuters

O‘yinning 6 daqiqasi o‘tar-o‘tmas Neymar Fellayni bilan to‘qnashuvdan keyin gazonda yotardi. Uning bu safardagi jahon chempionatidagi ishtiroki yiqilishlari va dumalashlari bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Ushbu futbolchi Serbiyaga qarshi o‘yinda 10 marta maydonga yotib olgach, memlar qahramoniga aylandi. OAV esa u jahon chempionatidagi 4 o‘yinda 14 daqiqani maydonda yotib o‘tkazganini hisoblab chiqdi.

Neymar - ajoyib futbolchi. Ammo afsuski u aktyorlik mahoratini o‘z futbol texnikasi bilan qorishtirib yuborgan. U o‘z texnikasi bilan Braziliya terma jamoasining asosiy yulduziga aylangan, u «Oltin to‘p»ga da'vogarlar qatorida. Ammo u jahon chempionatida faqat Qozon shahri devorlarida e'tirof etiladigan bo‘ldi. Qozonga navbatdagi top-futbolchi tashrif buyurishi munosabati bilan Lionel Messi va Krishtianu Ronaldudan keyin Neymarning ham graffitisini ishlashdi.

Foto: Sport Ekspress

Braziliyalik futbolchiga qozonliklarning syurprizi yoqqandi, u instagramiga ushbu suratni joylashtirdi ham. Ammo u buning bexosiyatliligidan bexabar edi. Bir yil muqaddam Qozonda Konfederatsiyalar kubogida Ronalduning graffitisi ishlangandi va portugallar Chiliga yutqazib, turnirni erta tark etgandi. Bir hafta muqaddam Tatariston poytaxtida Lionel Messining ulkan tasvirini devorga muhrlashdi va futbolchi jahon chempionatini tark etdi. Endi esa Neymar oxirgi o‘yinini Qozonda o‘tkazdi.

Xosiyatli Anri

Foto: Reuters

Brazillar aynan Belgiya o‘zlarini turnirdan chiqarib yuborishini taxmin qilishmagandi. Turnirning asosiy favoritlari Germaniya, Argentina va Ispaniya allaqachon uyga qaytgan, Fransiya esa yarim finalda brazillarni kutayotgandi. Ammo endi yarim finalda Belgiya o‘ynaydi. Bu jamoa tarkibi ham kuchli futbolchilardan tarkib topgan, ammo Mark Vilmots tarbiyalagan bu yoshlar Yevropa chempionatida o‘zlarini ko‘rsata olmagach, ularga ishonch susaygandi.

Hozirgi murabbiy Roberto Martines esa hech qachon kuchli taktik sanalmagan. «Everton» muxlislari yarim mavsum davomida ushbu ispaniyalik mutaxassisdan yaxshigina tarkib bilan ham yaxshi natija ko‘rsata olmagani uchun iste'fo talab qilishdi. Fanatlar o‘z niyatlariga yetishdi, 2016 yilning mayida «Everton» Martinesni ishdan bo‘shatdi. Uning Belgiya terma jamoasiga tayinlanishini ko‘pchilik tushunmadi, xuddi unga yordamchi sifatida sobiq futbolchi, taniqli teleekspert, lekin murabbiy bo‘lmagan Terri Anrining tayinlanishini tushunmagani kabi.

Braziliya bilan o‘yin arafasida Belgiya nashrlari Anri Fransiya tarkibida 1998 yilgi va 2006 yilgi jahon chempionatlarida janubiy amerikaliklarni mag‘lub etganini eslab qoldi. Shuningdek, shu kuni nashrlar futbolchilarni bolalik orzularini ro‘yobga chiqarishga undab, ularning bolalikdagi suratlarini muqovalarida bosishdi. Xususan, Het Laatste Nieuws gazetasi yuzida De Bryuyne, Eden Azar, Kompani va boshqa yulduzlarning bolalikdagi suratlari aks etdi.

Marselo - kuchsiz zveno

Foto: Sport Ekspress

Martines o‘z hayotidagi eng muhim o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi va o‘zini kuchsiz taktik deganlarga javob qaytardi. Murabbiy Yaponiyaga qarshi o‘yinda ishonchni oqlamagan Karraskoni zaxirada qoldirdi va boshlang‘ich tarkibda o‘sha o‘yin oxirida gol urib, jamoani qutqargan Nosir Shodlini tushirdi, shuningdek, Mertens o‘rniga ilk daqiqalardan Fellayni harakat qildi. Bu shunchaki emasdi: murabbiy hujum uchun 3-4-2-1 sxemasini tanlagan, bunda Shodli va Mene qanotlardan o‘rin olar, to‘p raqibda bo‘lganida esa 4-3-3 sxemasi bo‘yicha harakatlanardi. Himoyaviy variantda De Bryuyne hujum markaziga ko‘char, Lukaku o‘ng qanotga ketardi.

Nima uchun? Martines brazillarga tuzoq qo‘ydi. Tite bir kun oldinoq o‘yinga tushiradigan tarkibini e'lon qilib bo‘lgan (u buni har o‘yindan oldin qilishga odatlangan), u jarohatdan to‘la forig‘ bo‘lmagan Marseloni tushirishi raqibga ayon bo‘lgandi. «Real» himoyachisi ko‘p vaqtini hujumda o‘tkazadi va himoyada ochiq joylar qoldiradi. Uning jarohati esa ortga vaqtida qaytishga deyarli imkon bermasdi. Shunday bo‘ldi ham. Nisbatan yaxshiroq sport formasida bo‘lgan Filipe Luis o‘z darvozasi yaqinidan uzoqqa ketmagan bo‘lardi, ammo Marselo o‘z hududini tashlab ketaverdi va Belgiya bundan foydalanaverdi.

Ha, birinchi golni Braziliya burchak jarima zarbasi amalga oshirilganida o‘tkazdi. Bu vaziyatda nega «Manchester Siti»ning ikki futbolchisi Fernandino va Jyezus raqib futbolchisi Kompani bo‘sh qolgani holda to‘pga birdaniga sakragani tushunarsiz. Natijada to‘p Fernandinoning yelkasi orqali darvoza to‘riga borib tushdi.

Foto: Reuters

Noodatiy gol

Belgiyaliklarning ikkinchi goli - Lukakuning tirishqoqligi va De Bryuynening klassi evaziga ro‘y berdi. Lukaku o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida to‘pni egalladi va tezlik olib maydon markazini kesib o‘tdi hamda ochiq qolgan o‘ng qanotda turgan De Bryuynega to‘pni aniq yetkazib berdi. Bryuyne esa Angliya premer-ligasida doim qiladigan ishini takrorladi, jarima maydoni tashqarisidan turib darvozaning quyi burchagini aniq nishonga oldi.

Foto: Reuters

Braziliyada tayanch yarim himoya hududi bo‘sh qolgandi. Bu hududning o‘rni zamonaviy futbolda oshgan, lekin brazillarning asosiy tayanch yarim himoyachisi Kazemiro sariq kartochkalar tufayli bu o‘yinda maydonga tusha olmadi va hech kim uning o‘rnini bosa olmadi.

Tite vaziyatga to‘g‘ri yondashdi va hujumdagi Villian o‘rniga «Liverpul»da Yurgen Klopp tomonidan pressing qilishga o‘rgatilgan Roberto Firminoni tushirdi. Bu o‘zgartirish evaziga ikkinchi bo‘limda belgiyaliklarning hujumlari kamaydi, Martines jamoasi to‘pni yo‘qotishdan xavfsirab qanotlardan hujum qila boshladi. Shunday hujumlarda belgiyaliklar ikki marta hisobni yiriklashtirishga yaqin kelishdi.

Ammo golni Braziliya urdi. O‘yin yakunlanishi arafasida Tite Renatu Augustuni maydonga tushirdi va u Koutino uzatgan to‘pni boshi bilan Kurtua darvozasiga yo‘naltirdi.

Foto: Sport Ekspress

Braziliya uchun xos bo‘lmagan gol. Renatu yana bir qulay vaziyatga ega bo‘lgandi, hamma golni nishonlashga tayyorlana boshlagandi, ammo to‘p darvoza to‘sinining yonginasidan o‘tib ketdi.

Janubiy amerikaliklar uchun bu yetarli emasdi. Ular qancha kuch bilan oldinga tashlanmasin, qanchalik ehtiros bilan o‘ynashmasin, Belgiyani yenga olishmadi. Bu Braziliya uchun milliy fojia. Bu terma jamoa jahon chempionatining asosiy favoriti edi va turnir ular uchun erta yakunlandi.

Foto: Reuters

1950 yili Braziliya o‘z uyida kechgan jahon chempionati finalida Urugvayga yutqazib qo‘ygandi. Bu o‘yin «Marakana»da kechgan va hanuzgacha bu stadion brazillar uchun bexosiyat stadion sifatida ko‘riladi (Maracanazo). 2014 yili ham brazillar uylarida o‘tgan jahon chempionatida Germaniyaga «Mineyrau» stadionida yirik hisobda (1:7) mag‘lub bo‘lishdi, bu tarixga Mineirazo nomi bilan kirdi. Endi esa Kazanazo.

Mavzuga oid