Jamiyat | 00:20 / 08.07.2018
32133
2 daqiqa o‘qiladi

Karim Mirhodiyev xalqaro kinofestivalda sovrindor bo‘ldi

Taniqli o‘zbek kinoaktyori Karim Mirhodiyev xalqaro kinofestivalda sovrindor bo‘ldi.

Foto: Facebook/Shoira Raufboyeva

Yosh kinoijodkorlar kengashi hamda Kinematografiyani rivojlantirish markazi boshchiligidagi o‘zbek kino delegatsiyasi ayni kunlarda Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan 14-halqaro «Yevraziya» kinofestivalida ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Karim Mirhodiyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, kinorejissyor Jahongir Qosimov, kinorejissyor Rashid Malikov, yosh va umidli kinoaktyorlar Alisher Uzoqov, Akbarxo‘ja Rasulov, Shaxzoda Matchonova kabi o‘zbek kinosining taniqli va iste'dodli ijodkorlari bor. «Yevraziya» kinofestivalining asosiy tanloviga qo‘yilgan 12ta film ichida, kinorejissyor Rashid Malikovning «Sabot» deb nomlangan filmi ham g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Ushbu filmda bosh rolni ijro etgan Karim Mirhodiyev «Eng yaxshi erkak roli ijrochisi» deb topildi.

Bundan tashqari, kinofestivalda qisqa metrajli filmlar tanlovida esa yosh kinorejissyorlar Abduazim Ilhomjonov hamda Botir Abdurahmonovning «Mama» filmi ishtirok etdi. «Karavan» deb nomlangan tanlovdan tashqari namoyishda kinorejissyor Jahongir Qosimovning «Nazira» badiiy filmi tomoshabinlar e'tiboriga havola etildi.

O‘zbek kino sanoati vakillari ham festival doirasida tashkil etilgan kino bozorida o‘z pavilonlari bilan ishtirok etishdi.

Kinofestivalda Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerikaning taniqli kino va teatr aktyorlari, kino ekspertlari va tanqidchilari ishtirok etishdi.

Kinofestival doirasida Eurasia Film Market kinobozori ham tashkil qilindi. Unda 70ta kompaniya qatnashdi.

Mavzuga oid