O‘zbekiston | 03:17 / 10.07.2018
41155
8 daqiqa o‘qiladi

Beshariqlik fermerga kombayn berishmayotgani sabab bug‘doy to‘kilib, uvol bo‘lyapti

Iyun oyida dalalardagi bug‘doyga o‘roq tushadi. O‘tgan yil o‘z yerlariga g‘alla ekib, to‘qqiz oy parvarish qilgan fermer-dehqonlar uchun ayni avj palla. Bir qator viloyatlar don topshirishda yetarli xirmon ko‘tarib, o‘z rejalarini bajarib bo‘lishgan.

Kecha, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidagi fermerning g‘allasi pishib, yetilib, to‘kilib ketayotgani, lekin tuman hokimligi hosilni yig‘ishtirib olish uchun kombayn berishga to‘sqinlik qilayotgani haqidagi videolavha tarqaldi. Mazkur holatni batafsil o‘rganish maqsadida Farg‘onaning chekka tumaniga bordik.
 

Baxtiyorjon Qo‘qonov boshchiligidagi “Bahromjon” fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli ekan. Dala shiyponi shinam, yerga ishlov berish uchun texnikalari ham yetarli.

Usta dehqon 60 bosh naslli qoramol ham parvarish qilmoqda. Baxtiyor aka zamon bilan hamnafas ekan. Sababi, shiypondagi ofisda texnikalar va chorva mollari holatini kuzatib borish uchun kuzatuv kameralari ham o‘rnatilgan.    

Xo‘jalikning barcha qulayliklarga ega shiyponida bir fursat bo‘lib, g‘alla maydoni tomon yo‘l oldik. Haqiqatda, paykaldagi bug‘doy yetilib pishib, to‘kilish jarayoniga kelgan. Paxta-g‘alla yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligining 54 gektar yerida bug‘doyning “Asr”, 34 gektar yerida esa “Namangan 77” navli paxta parvarish qilinadi.

Muammoga o‘tamiz. Xo‘jalikning bug‘doyi bu yilgi mavsumda katta hosil berdi. Barakasini bersin! Qarangki, bir oy oldin 12 iyun kuni mavjud 54 gektar maydondagi g‘allaning 34 gektari o‘rilishi bilan xo‘jalik rejani bajardi. Qolgan 20 gektardagi g‘alla xo‘jalikning yoniga qoldi degani bu! Hosildorlik gektaridan 50 sentnerni tashkil qilgan.

Reja bajarilgach, g‘alla otryadi kombaynlari bilan boshqa xo‘jalikning bug‘doyini o‘rgani o‘tib ketdi.

Asli tartib va tizim  shunday. Va bu - juda to‘g‘ri tashkil qilingan tizim. Chunki boshqa xo‘jaliklardagi pishgan g‘alla o‘rilishi va  ular ham rejani to‘ldirish uchun xirmon ko‘tarishi kerak.

Hududdagi barcha xo‘jaliklar o‘z rejasini bajarib bo‘lgach, kombaynlar yana qolib ketgan maydonlarni o‘rishga kirishadi.      

“O‘tgan iyun oyning 10,11,12-kunlari uch sutkada dalamizdagi 145 tonna bug‘doy o‘rilib, shartnomaviy rejani bajardik. Bir oy oldin bo‘lgan edi. Oradan 30 kun o‘tsa ham dalamizga bug‘doyimizni o‘rish uchun kombayn berishmayapti. Tuman hokimiga murojaat qildim. U kishi menga boshqa tartibga asosan rejamni bajarmaganimni ko‘rsatdi. Men tuman rejasi to‘lishi uchun yana qo‘shimcha bug‘doy berishim kerak ekan. Tuman ham to‘ldi. Men yana qo‘shimcha g‘alla berishim mumkin, lekin unda xo‘jaligimning moddiy manfaatdorligi, ishchilarning haqi va kelgusi hosil uchun zamin qayerda qoladi? Joriy yil, dehqonga og‘ir keldi. Sababi, hosilga shira tushib ketdi. Tinimsiz mehnat qilib, shu darajaga olib keldik. Maydonda tinimsiz OVX texnikasi ishladi”, deydi Baxtiyor aka.

Dalaga kombayn berishmayotganiga sabab izlab Baxtiyor aka tuman hokimi eshigini ko‘p bora taqillatdi. Befoyda.

Har yili 20 nafar ishchisiga 1 tonnadan bug‘doy beradigan fermerning yuragi siqilyapti. Axir, bug‘doy, non isrof bo‘lyapti. Ma'lumki, bug‘doy pishganidan so‘ng boshoqdagi don to‘kila boshlaydi. Hosil barakasiga putur yetadi. Dehqonlar bu holatni “poteriya”, ya'ni “yo‘qotish” deb ataydilar. “Bahromjon” xo‘jaligida o‘rilmay turgan 20 gektarlik g‘alla dalasida hozirgi issiq kunlarda sutkasiga kamida 10-20 foiz “poteriya” bor. Dehqon xalqning rizqi yo‘qolayotganiga hayron bo‘lmoqda xolos.

Fermerga “Balki, tumanda g‘alla o‘rimi qizg‘in davom etayotgani uchun hokim sizga kombayn berishni taqiqlagandir?”, deb savol berdim. U kishi “Qayoqda?.. Yoniga borib, “Tuman rejasini oshishi uchun yana yordam beray, siz bug‘doyni o‘rishga ruxsat bering”, deb ko‘rdim. Bo‘lmadi”, deya javob qaytardi.

Dehqonning “Bug‘doy o‘rim mavsumi deyarli tugagan. MTP (mashina traktor parki)da kombaynlar bo‘sh yotibdi...”, degan so‘zidan so‘ng u kishi bilan xayrlashib, tuman MTPsi tomon bordik.   

Tumandagi fermer xo‘jaliklarini texnika bilan ta'minlovchi parkka borganimizda uning rahbari Husanboy Karimov bilan uchrashdik. Holatni aytdik. U kishi: “Talabnoma yozsin, albatta, jo‘nataman”, degan gapni aytdi. Bu gaplarga ishonishni ham ishonmaslikni ham bilmaysan, kishi.

Darhaqiqat, MTPda “KLASS”, “Nyu Holland” va “Dominator” rusumidagi  7 ta kombayn bo‘y ko‘rsatib, qaqqayib turardi.

Taajjub... U yoqda shartnomaviy rejani bajargan xo‘jalikda xalq rizqi bo‘lgan bug‘doy kuniga to‘kilib, uvol bo‘lib yotsa-da, shartnoma asosida xizmat ko‘rsatuvchi MTP kombayn jo‘natmasa? 

Ma'lumotlarga ko‘ra, “Bahromjon” fermer xo‘jaligidan tashqari, yana boshqa fermer xo‘jaliklarida ham xuddi shu muammo bor. “G‘ayratjon Oripov” xo‘jaligida ham o‘n gektar maydon kombayn kutib yotibdi. Gektarlab maydonlardagi ming mashaqqat evaziga yetishtirilgan bug‘doy yo‘qotilyapti.

Paykalda boshog‘i egilib, o‘rilmagach atrofga donini to‘kayotgan bug‘doyni ko‘rib rahmingiz keladi…

Ishqilib, voqelar rivoji ijobiy tomonga, tez kunlarda o‘zgarsin. Sabab aniq. Donning, nonning uvoli bor, axir!

Yozning bir kuni - kuzning o‘n kuniga tatiydi. Iloji boricha, bug‘doyni tez o‘rib, yerni takroriy ekinga tayyorlash kerak. Voqealar rivojini kuzatamiz.     

                                                                                                                                Elmurod Ermatov,
                                KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid