Sport | 10:40 / 10.07.2018
38703
4 daqiqa o‘qiladi

Putin bilan uchrashgan futbol afsonalari ayovsiz tanqidlar ostida qoldi

Ikki afsonaviy futbolchi – gollandiyalik Marko van Basten va germaniyalik Lotar Matteus Rossiyada davom etayotgan Jahon chempionati vaqtida mamlakat prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgani sabab tanqidlar ostida qoldi.

Xususan, Bild nashrining yozishicha, van Bastenning Kremldagi uchrashuvdan olingan suratlarni Instagram sahifasiga joylashi 2014 yili MN17 aviahalokati oqibatida 17 yoshli qizidan juda bo‘lgan Xans de Borst hamda fojia qurbonlarining yaqinlariga advokatlik qilgan Jyerri Skinnerni g‘azablantirgan.

«Axir bu dahshat-ku! Van Basten zo‘r futbolchi edi, biroq endi u yomon gollandiyalikka aylanibdi! U Putindan MN17 yo‘lovchi reysi passajirlarining o‘limi uchun javobgar ekanini qachon tan olishi haqida so‘rashni unutibdi-da», - degan de Borst.

«Agar yodingizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, mister van Basten, Putin sizning terma jamoangiz fanatlari bo‘lgan erkaklar, ayollar va bolalarni o‘limga mahkum etgandi. Janob Putinga ayting, aviahalokat uchun javobgarlikni bo‘yniga olsin», - deb aytgan Skinner.

Gazeta, shuningdek, Germaniya terma jamoasining sobiq a'zosi Lotar Matteusning ham bu uchrashuvga borganiga e'tibor qaratib, afsonaviy futbolchi Putin propagandasining bir qismiga aylanayotgani haqida maqola chop etdi.

«Matteus Putinning qanchalar og‘ir jinoyat uchun bevosita javobgar ekanini bilmasligi mumkin emas. U ixtiyoriy ravishda qotilning o‘z yonida porlashiga yo‘l qo‘yib bermoqda. Putin o‘z xatti-harakatlari va propagandasi bilan unga bo‘lgan shubhani tarqatib yubormoqchi. Matteus ham ana shu tashviqotning bir qismiga aylanib qoldi. Agar Putin haqiqatan ham qo‘li qonga botgan bo‘lsa-yu, Matteus u bilan qo‘l siqishgan bo‘lsa, demak, u ham qotillik mashinasini oqlayotgan bo‘lib chiqadi. Matteus barchasiga sport orqali erishgan, endi esa sportni oyoqosti qilmoqda», - deyiladi maqolada.

Nazvaniye

Matteus o‘z Twitter sahifasida ushbu tanqidga shunday javob yozgan: «Siyosat va sportni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi, biroq biz, sportchilar uchun, musobaqaning faqat tinch va halol o‘tishi muhim. Rossiyaliklar JChni fantastik darajada tashkillashtirishdi hamda butun dunyoga o‘z mehmondo‘stligi va samimiyligini namoyish etishdi. Buning uchun ular minnatdorchilik bildirishga arziydilar.

Prezident Putinga men aynan mana shuning uchun minnatdorchilik izhor etdim. Sport turli mamlakatlardan bo‘lgan insonlar va madaniyatlarni yaqinlashtiradi, o‘zaro muloqot uchun ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bu o‘z o‘zini ajratib qo‘yish, boykot e'lon qilish va bir-biri bilan gaplashishni istamaslikdan ko‘ra yaxshiroq».

Nazvaniye

Shu yilning mart oyida Xalqaro tergov guruhi Malayziyaning «Boing» samolyoti «Buk» havo hujumidan mudofaa kompleksidan havoga uchirilgan raketa tomonidan urib tushirilgan, degan xulosaga kelgan edi. Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, ushbu mudofaa kompleksi Ukraina hududiga Rossiya tomonidan olib kirilgani va layner urib tushirilganidan so‘ng yana Rossiyaga qaytarilgani aytilgandi. 

O‘z navbatida Rossiya tomoni «Boing» yo‘lovchi layneri halokati uchun javobgarlikni Ukraina zimmasiga yuklagan. «Buk» havo hujumidan mudofaa komplekslari ishlab chiqaruvchisi «Almaz-Antey» halokatni modellashtirish xulosalari asosida samolyot falokatiga Ukraina harbiylari nazoratida bo‘lgan hududdan uchirilgan raketa zarbasi sabab bo‘lganini ma'lum qilgandi. Rossiya tergov guruhi bir necha bor laynerning Ukraina harbiy samolyoti uchirgan raketadan urib tushirilganini ta'kidlagan.

2014 yil 17 iyulidagi fojia oqibatida 298 kishi halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid