Jamiyat | 22:58 / 12.07.2018
29050
4 daqiqa o‘qiladi

Ayrim rahbarlarga mutlaqo yoqmaydigan gap

To‘g‘risini aytsam, bu muammo har bir rahbar fe'lidagi va faoliyatidagi ochiqlik bilan bog‘liq. Ming afsuski, ularning ayrimlariga «yarim ochiqlik», «asta-asta ochilish»ni davr shitobi ko‘tarmayapti, deb tushuntira olmayapmiz.

Ayting-chi, hududiga muxbirni kiritishga to‘sqinlik qilgan, yig‘ilishlarida jamoatchilik, xususan, deputatlar ishtirokini xohlamayotgan o‘quv yurti yoki ijtimoiy soha rahbarining ombor mudiridan nima farqi bor?

— Sizlar aralashmagan shu soha qoluvdi, — piching qiladi ular.

— Bizlar aralashmaganimiz uchun ham jamoangiz shu ahvolga tushdi, — tushuntiradi jamoatchilik. — Prezidentimiz har bir ishda odamlar bilan maslahat qiling, fikrini oling, degan talab qo‘ymoqda.

Yo‘q, bunday odamlar xudbinlikdan voz kechmaydi, faoliyatini atrofidagi to‘rt nafar «shotir»i bilan amalga oshiraveradi.

Murojaatlar bilan ishlash sohasida muntazam tizim yarata olmayapmiz. Xatlar taqdiri uchun birorta mansabdor javob berganini eshitmadim. Vaholanki, takroriy murojaatlar ko‘paysa-ko‘paydiki, kamaygan emas. Masalani joyida, mutaxassislar bilan o‘rganish an'anasi doimo qo‘llanilmaydi.

Prezident, Bosh vazir, ayrim vazirlar aholi fikrini o‘rganish uchun maxsus veb-saytlar ochgan bir paytda, viloyat, tumanlardagi tashkilot rahbarlari nega bunday qilishmaydi? Hech bo‘lmaganda oyiga bir kun murojaatlar tahlili bilan shug‘ullansa bo‘ladi-ku!

Men bu gaplarni bejiz aytmayapman. Huzurimga kelgan arizachilar hujjatlarini o‘rganishda savodsiz chiqarilgan qarorlar, bir xil qolipda yozilgan javob xatlariga ko‘zim tushyapti. Ba'zi fuqarolar arizasiga oylab javob olishmagan.

Gazetamizda viloyatda ko‘cha va yo‘l ichkarisidagi bino va uy-joylarni bezakli yoritish uchun shug‘ullanuvchi xizmat tashkil etish taklifi aytilgandi. Eng yomoni, bu taklifni mutasaddilar o‘qib, munosabat ham bildirishmadi. Yangi uylarda telefon (internet) tarmog‘ini montaj qilish esdan chiqayotganligi to‘g‘risidagi taklif ham mutasaddilar qulog‘iga yetib bormadi.

Mahallada tashkilot rahbarlarining hisobot berishining xosiyati shundaki, u o‘z jamoasi faoliyatiga odamlar munosabatini bilib, o‘z ishini yanada jonlantirishga taklif oladi. Ammo nega bu usulni qo‘llamayapmiz yoki nomigagina rasmiylashtirib qo‘yayapmiz? Chunki ayrim rahbarlar buni istashmayapti.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida shakllangan nomaqbul bir kayfiyatga ham barham berish payti keldi, shekilli. Ularning bir-biriga ishonchsizligi, kimgadir qonuniy yon bossa "Sen undan bir narsa olding", degan xayolga borishi ba'zan ularga ishi tushgan kishining keragidan ortiq tashvish chekishiga, jabrlanishiga olib keldi. Albatta, bu munosabat advokat va tergovga jalb etilganlar fikrini eshitish, taqqoslashda oshkoralikni ta'minlagandagina barham topishi mumkin.

Davlat rahbarining talabi qat'iy: ilgari qanaqa ishlaganimizdan qat'i nazar, endi faoliyatni xalqqa tomon burish, odamlar bilan hisoblashish shart.

Bu talabni tushunmaganlar shiddatli o‘zgarishlar jarayoniga tob berolmay, sohilga chiqib qolaveradi. Muhimi, bu haqiqatni o‘z vaqtida anglashimizda.

Farmon TOSheV,
«Zarafshon» gazetasi bosh muharriri.

Mavzuga oid