O‘zbekiston | 14:00 / 15.07.2018
29413
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda propan gaz taqchilligi boshlandi

Xorazm viloyatining ko‘plab propan gaz quyish shoxobchalarida suyultirilgan gaz taqchilligi yuz bergan. 

«Kun.uz» muxbiri xabar berishicha, Urganch, Xiva, Xonqa, Gurlan va boshqa katta shaharlarning atrofidagi shoxobchalarning aksariyati suyultirilgan gaz yo‘qligi tufayli yopilgan. Chekka hududlarda joylashgan shoxobchalar propan gazning so‘nggi zaxiralarini sotishmoqda. Bu zaxiralar ham 1-2 kunda tugab qolishi kutilyapti. Narxlar esa shunga monand ravishda keskin oshgan: gazning 1 litri 3500 so‘mgacha ko‘tarilib ketgan. 

Ayni paytda, suyultirilgan gaz zaxiralari tugab borayotgan ba'zi shoxobchalar aholiga gaz sotishni umuman to‘xtatgan va faqat korxona-tashkilotlarning transport vositalariga gaz quyib bermoqda. Bunga sabab tashkilotlar gaz uchun oldindan katta miqdorda pul o‘tkazib qo‘ygan. Shu orqali ularning ish faoliyati to‘xtab qolishining oldi olinishi maqsad qilingan.

Propan gaz taqchilligi yuzaga kelish sabablari sifatida birjada suyultirilgan gaz umuman sotilmayotgani, bu O‘zbekistonda ishlab chiqilayotgan suyultirilgan gaz Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinayotgani, bundan tashqari, suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi zavodlar ta'mirlash uchun yopilgani bilan izohlanyapti.  

Gaz quyish shoxobchalarida suyultirilgan gaz ta'minotining qachon to‘liq tiklanishi ma'lum emas.

Mavzuga oid