Jahon | 14:49 / 20.07.2018
10598
2 daqiqa o‘qiladi

Skripallar ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar ma'lum qilindi

Foto: REUTERS

Rossiya razvedka boshqarmasi sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlashda gumon qilinayotganlar hujum sodir etganlaridan keyinoq Buyuk Britaniyani tark etishgan. Ular tijorat aviareysi orqali uchib ketishgan. Bu haqda CNN tergov borishidan yaxshi xabardor manbasiga tayanib xabar qildi.

Gumondorlarni aniqlash uchun qiyofani tanib olish texnologiyasidan foydalanilgan. Ammo manba gumondorlar qayerga jo‘nab ketishganini ma'lum qilmagan. Shuningdek, ularning millati ham ma'lum qilinmagan.

Faqat ularning soxta ismlardan foydalanganligi hamda Britaniya hukumati ularni biror razvedka xizmatiga aloqadorlikda gumon qilmaganligi bildirilmoqda.

19 iyul kuni Britaniya nashrlarida politsiya Skripallarni zaharlagan shaxslarni aniqlagani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, Rossiyaning Londondagi elchisi Buyuk Britaniya hukumatidan agarda gumondorlar bo‘lsa ularning nomlarini aytishni talab qilgandi.  

Keyinroq esa Buyuk Britaniya IIV boshlig‘i o‘rinbosari Ben Uolles politsiya Solsberida Rossiya razvedka boshqarmasi sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlagan shaxslar aniqlangani haqidagi xabarni rad etdi.

Sergey Skripal va uning qizi Britaniyaning Solsberi shahrida shu yilning mart oyida behush holda topilgandi. Londonning ma'lumotlariga ko‘ra, ular Sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan asabni falajlovchi «Novichok» moddasi bilan zaharlangan hamda bu ishda Rossiyaning qo‘li bo‘lgan. Rasmiy Moskva barcha ayblovlarni rad etib kelmoqda.

Mavzuga oid