O‘zbekiston | 15:08 / 21.07.2018
15282
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p qavatli uylar oldidagi panjaralar va to‘siqlarni olib tashlash taklif qilindi

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida ko‘p qavatli uylar oldidagi panjaralar, to‘siqlar va shunga o‘xshash noqonuniy qurilmalarni olib tashlash haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Ko‘p qavatli uylardagi yashash uchun mo‘ljallanmagan joylardan foydalanish qonun bilan tartibga solingan. Biroq, mazkur sohada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Ayrim fuqarolar ko‘p qavatli uylar oldida panjaralar, to‘siqlar va shunga o‘xshash noqonuniy qurilmalarni qurib oladilar, deyiladi matnda.

“Ma'lumki, ko‘p qavatli uylar atrofidagi yerlar ham ko‘p qavatli uyning qaysi qavatida yashashidan qatiy nazar, shu uyda yashovchilarning umumiy foydalanishidagi yer maydoni hisoblanadi. Lekin, hozirgi kundagi holatga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarning 1-qavatida yashovchi shaxslar tomonidan har xil yo‘llar bilan va har xil vositalar bilan uyga birikkan yerlar o‘rab olinmoqda. Tabiiyki, bu holat boshqa yuqori qavatlarda yashovchi, aslida 1-qavatda yashovchi fuqaro bilan teng huquqqa ega bo‘lgan aholiga noqulayliklar tug‘dirmoqda. Masalan, avtomashinasini qo‘yishga joy topa olmaydi. Vaholanki, birinchi qavatda yashovchilar 10 ta avtomashina sig‘ishi mumkin bo‘lgan joyni egallab olib, biri ekin maydoni sifatida foydalanmoqda, yana biri o‘z avtomashinasiga moyka qilib olgan, yana biri yozgi oshxona qilib olgan, yana boshqa birov esa o‘rab olgan, o‘zi ham foydalanmaydi, boshqalar foydalanishiga ham bermaydi. Shu bilan birga, bu holat ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning farzandlari ham uy atrofida o‘ynashi uchun to‘sqinlik qilmoqda.

Bu holatga qat'iy chek qo‘yish uchun qonunlarga aniqlik kiritib, avvalo bunday qurilmalarni paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, mavjud qurilmalarni esa zudlik bilan buzib tashlash mexanizmini yaratish, jarima miqdorlarini oshirish, bu bo‘yicha vakolatli va mas'ul shaxslarni aniq belgilash, ularning mas'uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish lozim”, - deyiladi murojaatda.

Mavzuga oid